O‘zbekiston | 20:37 / 16.05.2022
24271
2 daqiqa o‘qiladi

XTV maktab ta’miri uchun ota-onalardan pul yig‘ish noqonuniy ekanini eslatdi

Maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash va infratuzilmasini yaxshilashga mahalliy hokimliklar mas’ul sanaladi, ota-onalardan majburiy pul yig‘imlariga yo‘l qo‘yilmaydi, deb ma’lum qildi Xalq ta’limi vazirligi.

Foto: KUN.UZ

“O‘quv yilining so‘nggi kunlarida ota-onalardan maktab ta’miri uchun pul yig‘ilayotganligi yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Prezidentning tegishli farmon va qarorlarida umumta’lim maktablarini yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorlash, ta’mirlash va infratuzilmasini yaxshilashga mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Qonunchilikda umumiy o‘rta ta’lim olish bepul ekanligi kafolatlanganini inobatga olib, maktablardagi har qanday majburiy yig‘imlar noqonuniy ekanligini ma’lum qilamiz”, deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik agarda maktablarda noqonuniy pul yig‘ish holatlariga duch kelinsa, 71 202-09-09 ishonch telefon raqamiga xabar berishni so‘ramoqda.

Qayd etilishicha, maktablarga beg‘araz homiylik qilish istagida bo‘lgan fuqarolar buni qonuniy yo‘l bilan, ya’ni homiylik mablag‘larini maktabning hisob raqamiga o‘tkazgan holda rasmiylashtirishlari mumkin. Hozirgi kunda maktablarda Kuzatuv kengashlari faoliyat yuritmoqda. Kuzatuv kengashiga o‘quvchilarning ota-onalari, sobiq bitiruvchilar, o‘qituvchi va boshqalar saylanishi mumkin.  Kuzatuv kengashi a’zolari budjetdan ajratilgan hamda qo‘shimcha ishlab topilgan mablag‘larni samarali va maqsadli sarflanishini nazorat qilish vakolatiga ega.

Mavzuga oid