Jahon | 21:58 / 30.05.2022
42436
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya harbiylari Severodonetsk ichkarisiga harakatlanmoqda: bu haqda nimalar ma’lum?

Rossiya qo‘shini Severodonetskning shimoli-sharqi va janubi-sharqidagi hududlarda mustahkam o‘rnashib, markaz tomon intilmoqda. Lugansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday shahar ko‘chalarida janglar boshlanib ketganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar o‘qqa tutilishi oqibatida tinch aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘lib, besh kishi yaralangan.

Foto: Getty Images

«Dushman qo‘shinlarini kuchaytirish uchun muayyan rayonlarga RF hududidan o‘q-dori va texnikalar tashladi», deyiladi Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotnomasida.

Severodonetsk va undan janubi-g‘arbda joylashgan Lisichansk shahri aglomeratsiyani tashkil etadi. Bu Lugansk oblastida Ukraina nazoratida qolgan so‘nggi yirik aholi punkti hisoblanadi, Rossiyaning uni egallashga intilishi nafaqat strategik, balki ramziy ahamiyatga ham ega.

Severodonetsk rayon ma’muriyati rahbari Roman Vlasenko rossiyalik harbiylar shaharga ikki yo‘nalishdan kira boshlaganini ma’lum qilgan.

«Dushman ikki yo‘nalish bo‘ylab, Novoaydar va Starobelsk orqali kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ular 100 metr ichkarilashgan. Bundan ichkariga o‘ta olishmagan, bizning yigitlar mudofaani ushlab turishibdi», degan u.

Vlasenkoning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar qo‘shni Lisichansk hududiga ham kirishga urinmoqda, ammo ular hozircha atrofdagi qishloqlarni egallash bilan kifoyalanmoqda.

Ukraina mudofaa vazirligi endilikda rossiyaliklar Slovyanskka hujumni tiklash uchun qayta guruhlanishi, shu bilan bir vaqtda Severodonetskni qurshab olish harakatlarini davom ettirishini ma’lum qilgan.

Rossiya armiyasida Severodonetskka yurish qilish imkoni bir necha hafta davom etgan janglardan keyin Lugansk oblastidagi Popasnaya shahridan 30 km masofada Ukraina armiyasi mudofaasi yorib o‘tilishi tufayli yuzaga keldi.

Rossiyadagi manbalar ukrain bo‘linmalari Severodonetskdan Lisichansk tomon chekinayotgani haqida xabar tarqatgan, ammo bu ma’lumot rasman tasdiqlanmadi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 28 may kuniyoq Severodonetsk Rossiya nazoratiga o‘tgani haqida yozgandi. Gayday ukrain qo‘shini shaharni o‘z qo‘lida saqlab qolayotganini ma’lum qilgan.

«29 may kuni Rossiya harbiylari quruqlik orqali Severodonetskni shturm qilishda davom etishdi, lekin biz qandaydir muvaffaqiyatga erishilganini tasdiqlay olmaymiz. Ukraina Bosh shtabi rossiyalik harbiylar Severodonetsk va Lisichanskni qurshab olib, bu hududni Ukrainaning asosiy qismidan uzib qo‘yish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bundan tashqari, rossiyalik harbiylar Bobrovo va Ustinovkidan shimolga, Severodonetsk tomonga yurishga harakat qilmoqda», deyiladi Amerikaning Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) ma’lumotida. 

Shu kunlarda ikki tomon ham Severodonetskka qo‘shimcha kuchlar yubordi. Foto: Getty Images

Amerikalik harbiy ekspertlarning hisoblashicha, rossiyalik harbiylarning shahar ko‘chalaridagi intensiv janglar sharoitida ilgarilashi katta ehtimol bilan juda sekin kechadi. «Rossiya qo‘shinlari bir vaqtning o‘zida bir necha operatsiyalarni olib borishi ehtimoli kam, katta ehtimol bilan kuchlarni yaqin kunlarda Severodoneksda jamlash uchun Izyum janubi-sharqida va Limandan g‘arbda yurish qilishdan voz kechiladi», deyiladi ISW hisobotida.

Bu vaqtda Rossiya qismlari Ukraina qurolli kuchlari ta’minotini uzib qo‘yish uchun Lisichansk - Baxmut trassasini egallash harakatlarini to‘xtatmayapti. «Lisichansk - Baxmut trassasidan foydalanish xavfli, evakuatsiya va gumanitar yuklarni tashishda nisbatan xavfsiz variantlardan foydalanamiz», degan Lugansk ma’muriyati rahbari Sergey Gayday.

Avvalroq u ukrain qo‘shini kichik qarshi hujum uyushtirib, rossiyaliklar guruhini Popasnayadan shimoldagi Toshkovka qishlog‘idan chekintirgani, bu esa rossiyaliklarning ushbu hududdagi operatsiyalarini rejalashtirishga ta’sir qilishi mumkinligini aytgandi.

Liman ham qo‘ldan ketgan

27 may kuni DXR kuchlari Luganskdagi yana bir muhim shahar Limanni egallagani ma’lum qilindi.

Ukraina mudofaa vazirligi vakili Aleksey Motuzyanik shaharning ayrim qismlari hamon ukrain kuchlari nazoratida qolayotgani va janglar davom etayotganini bildirgan. «Ukraina himoyachilari raqibning bizning kuchlarimizni Limanning shimoli-g‘arbiy va shimoli-sharqiy qismidan siqib chiqarishga bo‘lgan urinishlariga va Slovyanskka hujum boshlashiga to‘sqinlik qilmoqda», deya yozgan Motuzyanik.

Sharhlovchilar Limanning egallanishi - Rossiya qo‘mondonligi uchun so‘nggi kunlardagi ikkinchi katta muvaffaqiyat bo‘lganini qayd etishgan: avvalroq Svedlodarsk nazorat ostiga o‘tgandi, ukrain harbiy ekspertlariga ko‘ra, ukrain harbiylari u yerdan qulayroq mudofaa pozitsiyasiga o‘tishgan.

Limanni yirik shahar deb aytish qiyin bo‘lsa-da (urush boshlanguniga qadar bu yerda 20 ming kishi yashagan), u orqali sharqdan mamlakat g‘arbiga muhim avtomagistral o‘tadi, uning to‘sib qo‘yilishi atrofdagi bir qancha shahar va posyolkalar ta’minot kanalidan uzilib qolishini anglatadi.

Bundan tashqari, Limanning egallanishi RF armiyasini yirik transport va strategik markaz bo‘lmish Slovyanskka yaqinlashtiradi - bu shahar Limandan 20 kilometr masofada joylashgan.

Bu shahardan turib Severodonetskka ham tahdid solish mumkin. Ukraina armiyasi bosh shtabining 30 maydagi so‘nggi axborotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Liman atrofida qayta guruhlanib, Shimoliy Donni kechib o‘tish imkoniyatlarini qidirib, razvedka o‘tkazmoqda. Agar daryo kechib o‘tilsa va janub tomon muvaffaqiyatli yurish boshlansa, Severodonetskdagi guruh qurshovda qoladi.

Mavzuga oid