O‘zbekiston | 12:57 / 13.06.2022
4927
2 daqiqa o‘qiladi

Uchquduqda noma’lum turdagi mushuksimon hayvon ushlandi

Ko‘rinishi mushukka o‘xshab ketuvchi hayvonni 2022 yilning 12 iyun kuni tuman obodonlashtirish boshqarmasi ovchisi fuqaroning murojaati asosida uning xonadonidan tutib olgan. Uni kimdir Rossiyadan olib kelgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. 

Foto: Uchquduq tumani hokimligi axborot xizmati

Tuman hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, kecha, 12 iyun kuni tuman markazidagi namunaviy uylarda yashovchi fuqarolardan biri obodonlashtirish boshqarmasiga murojaat qilib, xonadoniga noma’lum turdagi hayvon kirib qolganini bildirgan. Voqea joyiga boshqarmaning qarovsiz va daydi hayvonlarni ovlash bo‘limi ovchisi yetib borgan va hayvonni ushlagan. Hozirda u maxsus qafasda saqlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, noma’lum hayvonning tashqi ko‘rinishi va ovozi mushukka o‘xshab ketadi. Biroq quloqlari kattaroq va butun tanasi tuksiz, dumi ham boshqacharoq.

Foto: Uchquduq tumani hokimligi axborot xizmati

Mutaxassislar bu hayvon mushukning bir turi ekani va uni biror bir fuqaro Rossiyadan olib kelgan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda. Haqiqatdan ham noma’lum hayvon tashqi ko‘rinishi bilan sfinks zotli mushukka juda o‘xshaydi. Bu turdagi mushuklar esa O‘zbekistonda deyarli uchramaydi. 

Oldinroq Asaka tumanida noma’lum maxluq yuzdan ortiq qo‘yni bo‘g‘izlab ketgandi.

Mavzuga oid