Haydovchi ayol mashinasida o‘zi va farzandlarini 6 soat “qamal” qildi
18 iyun kuni Oqdaryo tumanida u olti soat davomida mashinadan tushmay, YPX xodimlarining talablarini bajarmagan. Ayol avtomobilni raqamsiz boshqargan va to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan.
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati bu haqda Kun.uz’ga ma’lum qildi.
Kun.uz jamoasi voqea joyiga borib, holatni tasvirga oldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Dahbed massivida xizmat qilayotgan YPX xodimi soat 10.30 larda raqamsiz qora “Lasetti”ni to‘xtatgan. Biroq haydovchi uning talabiga bo‘ysunmay, harakatni davom ettirgan. Mashina M37 yo‘lining 9 kilometrida majburiy to‘xtatilgan.
Ayol mashina to‘xtatilgandan so‘ng ham hujjatlarini YPX xodimlariga taqdim etmagan. U Buxoro viloyatidan chiqib, Toshkentga ketayotgani va yo‘lda YPX xodimlari to‘xtatib, qo‘yib yuborganini aytgan.
Mashinani to‘xtatgan safdor Muhammad Boliyevning aytishicha, ayol talabga bo‘ysunmagach, IIB o‘z xavfsizlik xizmati, Oqdaryo tuman prokuraturasi vakillari kelib tushuntirish olib borgan. Haydovchi shunda ham hujjatlarini taqdim etmay, farzandlarini qulflangan mashinadan tushirmay o‘tiravergan.
YPX xodimi ichkarida yosh bolalar bo‘lgani va haydovchining ayol kishi ekanini hisobga olib, mashinani majburiy tartibda jarima maydonchasiga olib borish uchun hech qanday kuch ishlatilmaganini aytmoqda.
Voqea joyiga tez tibbiy yordam xodimlari ham yetib keldi.
Haydovchi rasmiylashtirilgan dalolatnomaga imzo qo‘ymay, uni yirtib tashlagani ma’lum qilindi.
Ayol qariyb yetti soatlik muzokaralardan so‘ng mashinani jarima maydonchasiga olib borishga rozilik bildirdi.
Jarima maydonchasiga olib borilgan mashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Mashinadan hech qanday noqonuniy narsa topilmadi. Davlat raqami mashina yukxonasida bo‘lib, haydovchi uni taqmay harakatlangan. Ayol dalolatnomaga imzo qo‘yishdan bosh tortgach, bayonnoma rasmiylashtirildi.
Haydovchi yo‘l harakati qoidalarining 7, 39, 175-bandlarini buzgan deb topilib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Haydovchi G.R. YPX xodimidan Ichki ishlar vazirligida ishlovchi qarindoshlari borligi va ular bilan gaplashib, mashinani qo‘yib yuborishini talab qilgan.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
13:39 / 08.12.2024
Avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir inson umriga zomin bo‘ldi
10:06 / 24.11.2024
Halollik mukofoti: yo‘ldan topilgan 5 ming dollarni egasiga qaytargan haydovchi haqida hikoya
18:44 / 12.11.2024