O‘zbekiston | 12:20 / 25.07.2022
11495
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda vabo kasalligi aniqlangani haqidagi xabarlar yolg‘on - Nurmat Otabekov

O‘zbekistonda vabo kasalligi aniqlangani haqidagi xabarlar yolg‘on. Bu haqda AOKAda o‘tkazilayotgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Foto: t.me/Rasmiy_xabarlar_Official

Uning so‘zlariga qaraganda, bu kasallik biror marta mamlakat hududida qayd etilmagan.

Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistonda aniqlangan vabo kasalligi O‘zbekistonga kirib kelgani haqida tarqalgan ma’lumotlar mutlaqo yolg‘on. O‘zbekistonda shu paytga qadar biror marta vabo kasalligi aniqlanmagan.

Bundan oldin aholi orasida ichimlik suvi quvurlari va jo‘mraklar orqali vabo kasalligi tarqalishi mumkinligi to‘g‘risida turli mish-mishlar tarqalgandi.

«O‘zsuvta’minot» korxonasi fuqarolardan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni va jo‘mraklardan suv ichmaslik to‘g‘risidagi chaqiriqlarga quloq solmaslikni so‘ragan.

Bildirilishicha, ichimlik suvi sifati respublikadagi 79 ta laboratoriya tomonidan kun-u tun har tomonlama nazorat qilinadi. Suv tarmoqlari yoki jo‘mraklar orqali biron-bir kasallik tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu bilan birga, Qarshi tumanidagi ochiq suv havzasida vabo vibrioni aniqlangan, Qashqadaryo viloyati San-epid xizmati bu bakteriya vabo kasalligini keltirib chiqarolmasligini ma’lum qilgandi. Respublika SES Kun.uz'ga bergan axborotga ko‘ra, janubiy viloyatlarda vabo bakteriyalari deyarli har yili aniqlanadi; ular vabo qo‘zg‘ata olmasa-da, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid