Jahon | 07:59 / 01.08.2022
19761
3 daqiqa o‘qiladi

Anatoliy Chubays jonlantirish bo‘limiga yotqizildi

RF prezidentining sobiq maxsus vakili Anatoliy Chubays Giyen-Barre sindromi tashxisi bilan Yevropa klinikalaridan biriga yotqizildi, deb xabar berdi Kseniya Sobchak uning rafiqasiga tayanib.

Foto: pikabu

«Rosnano» kompaniyasining sobiq rahbari Anatoliy Chubays Giyen-Barre sindromi tashxisi bilan Yevropa klinikalaridan birining reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. Bu haqda 31 iyul, yakshanba kuni teleboshlovchi Kseniya Sobchak Chubaysning rafiqasi Avdotya Smirnovaga tayangan holda ma’lum qildi

«Men hozirgina Avdotya bilan gaplashdim. Vaziyat beqaror. Uning ahvoli yomonlashgan, qo‘llari va oyoqlari to‘satdan tortib keta boshlagan. Mana, Anatoliy Borisovichning shaxsiy izohi: «Men Yevropa klinikalaridan biriga Giyen-Barre sindromi tashxisi bilan yotqizilganman. Ahvolim o‘rtacha, barqaror», — deb yozdi Sobchak o‘zining Telegram-kanalida. 

23 mart kuni prezident Vladimir Putinning maxsus vakili sifatida ishlagan Anatoliy Chubays o‘z lavozimini tark etib, Rossiyadan chiqib ketgani ma’lum bo‘ldi. RBK manbalariga ko‘ra, Chubays Istanbulga ko‘chib o‘tgan, biroq Rossiyaga «qaytmoqchi bo‘lgan». Keyinroq Kreml Chubays o‘z xohishi bilan iste’foga chiqqanini tasdiqladi. Xabar berilishicha, Chubays «Sistema» AFK direktorlar kengashini ham tark etgan va «Elektrozavod» kompaniyasi direktorlar kengashi tarkibidan ketgan. 

Giyen-Barre sindromi - bu odamning immun tizimi o‘z periferik nervlariga zarar yetkazadigan kam uchraydigan holat. Kasallik har qanday yoshdagi odamlarda kuzatilishi mumkin, lekin ko‘pincha kattalar va erkaklarda uchraydi. Giyen-Barre sindromining rivojlanishi ko‘pincha bakterial yoki virusli infeksiyadan keyin sodir bo‘ladi. 

Kasallikning dastlabki belgilari holsizlik yoki kuchsiz og‘riq hissini o‘z ichiga oladi. Ular odatda oyoqlarda boshlanadi, keyin qo‘llar va yuzga tarqalishi mumkin. Ba’zi odamlarda bu alomatlar oyoq, qo‘l yoki yuz mushaklarining falajiga olib kelishi mumkin. Aksariyat odamlar Giyen-Barre sindromining eng og‘ir holatlaridan ham to‘liq tiklanishadi. 

Mavzuga oid