O‘zbekiston | 21:45 / 04.08.2022
15634
3 daqiqa o‘qiladi

Moliya vaziri o‘rinbosari davlat qarzi qanday so‘ndirilishini aytdi

O‘zbekistonning davlat qarzi 26 mlrd dollarga yaqinlashdi. Odilbek Isoqovning aytishicha, budjetni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy soha va mudofaa maqsadida olingan mablag‘lar davlat budjetidan so‘ndiriladi. Boshqa qarzlar esa yo qayta kreditlangan, yoki ularga davlat kafolati berilgan – ularni so‘ndirish “budjetga yuk bo‘lib tushmaydi”.

1 iyul holatiga, O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 25,9 mlrd dollarni tashkil etdi, shundan 23,2 mlrd dollari – davlat tashqi qarzidir. Bu haqda Senatning 4 avgust kungi yalpi majlisida moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov ma’lum qildi.

Isoqovga ko‘ra, davlat qarzi quyidagi yo‘nalishlarga jalb etilgan:

  • budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun 6 mlrd dollar;
  • yoqilg‘i-energetika sohasiga 5,6 mlrd dollar;
  • transport va transport infratuzilmasi uchun 2,5 mlrd dollar;
  • qishloq va suv xo‘jaligi uchun 2,4 mlrd dollar;
  • uy-joy kommunal xo‘jaligi uchun 2,2 mlrd dollar;
  • tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 1,5 mlrd dollar;
  • kimyo sanoati uchun 1,1 mlrd dollar;
  • ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 700 mln dollar;
  • boshqa strategik va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar uchun 1 mlrd dollar olingan.

Vazir o‘rinbosari yuqoridagi qarzlar qaysi manbalar hisobidan so‘ndirilishi haqida ma’lumot berdi.

“Budjetni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy soha va mudofaa maqsadida olingan mablag‘lar davlat budjetidan so‘ndiriladi. Bu ham foiziga, ham qarzning tanasiga taalluqli.

Lekin iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, masalan yoqilg‘i-energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun olingan qarz mablag‘lari yoki qayta kreditlangan, yoki davlat kafolati taqdim qilingan. Ikkala holatda ham loyihadan manfaatdor bo‘lgan davlat korxonasi yoki banklar tomonidan qarz to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijdagi bankka to‘lanadi yoki Moliya vazirligi orqali to‘lanadi. Bunda budjetga yuk bo‘lib tushmaydi”, – dedi u.

Moliya vazirligi rasmiysining aytishicha, 2022 yilda yillik limit doirasida 4,5 mlrd dollargacha qarz jalb qilinishi mumkin.

“Budjet defitsiti ma’lum bir darajada belgilanganidan kelib chiqib (masalan, bu yil 4 foizga chiqishi kutilmoqda), asosiy e’tiborimizni budjet defitsitini moliyalashtirish yoki alohida loyihalarga qarz jalb qilishga qaratyapmiz”, – dedi Moliya vazirligi mulozimi.

Yalpi majlisda “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonun ma’qullanib, unda davlat qarzining chegarasi YaIMning 60 foizigacha bo‘lishi belgilandi.

Mavzuga oid