O‘zbekiston | 10:47 / 05.08.2022
6078
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda o‘zaro janjal paytida ayol erini pichoqlab, uning vafot etishiga sabab bo‘ldi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayolga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 22 iyul kuni Zafarobod tumanida yashovchi oilada sodir bo‘lgan janjal odam o‘limi bilan yakun topgan.

Zafarobod tumani Uzun mahallasida yashovchi er-xotin o‘zaro janjallashib qolgan. Janjal davomida 50 yoshli ayol oshxona pichog‘i bilan erining tanasiga zarba bergan.

Oqibatda, er og‘ir tan jarohati olib tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan u vafot etgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayolga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda viloyat IIB Tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Qashqadaryoda xotin o‘ziga tanbeh berib, urishgan erini to‘mtoq buyum bilan urib o‘ldirgandi. Shuningdek, Jizzaxda oldin sodir etgan jinoyati uchun olgan jazo muddati nihoyasiga yetmagan shaxs oshxonada kelib chiqqan janjalda fuqarolardan birini urib, uning vafot etishiga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid