O‘zbekiston | 13:53 / 21.11.2022
9222
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda ommaviy janjalda tomonlarni ajratmoqchi bo‘lgan yigit pichoqlandi

Chiroqchida sodir bo‘lgan ommaviy janjalda yigirmaga yaqin yigit ishtirok etgan. Ammo Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmatining munosabatida ikki kishi ishtirokida sodir bo‘lgan tortishuv deb aytilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida ommaviy janjal sodir bo‘lgani va tomonlarni ajratmoqchi bo‘lgan yigit pichoqlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Videoda tungi vaqtda yigirmaga yaqin yigitlar o‘zaro janjallashgani va bir-birini tepkilab, do‘pposlagani, so‘ng hodisa joyidan qochib ketishgani tasvirlangan. Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, 2022 yil 11 noyabr kuni soat 20:30 larda Chiroqchi tumani “Yangi Dam” MFYda fuqarolar X.S. va O‘.P.lar o‘rtasida o‘zaro tortishuv yuzaga kelgan. Shu paytda ularni ajratishga borgan fuqaro B.J.ni fuqaro O‘.P. o‘tkir tig‘li jism bilan hech bir sababsiz chap biqin sohasiga bir marotaba urib, qasddan og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye”, “l” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘.P. Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudining ajrimiga asosan ayblanuvchi O‘.P.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Qayd etilishicha, hozirda Chiroqchi tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida bir guruh fuqarolar ommaviy janjallashib, bir-biriga pichoq bilan jarohat yetkazgandi.

Mavzuga oid