Daraxtlarga nisbatan navbatdagi varvarlik. Chilonzordan reportaj
Bu safar ham hokimlik yo‘lni kengaytirmoqchi ekanini shu yo‘lning haqiqiy egalari – shahar aholisi ishlar boshlanib bo‘lgandagina eshitdi. Rasmiylarning o‘zboshimchaligi yana qimmatga tushdi: agronomning aytishicha, ko‘p yillik daraxtlar sekin-asta o‘lishga mahkum. Voqeaga faollar munosabati, shahar hokimining aralashuvi, ikki eko-amaldorning bir-biriga zid bayonotlari – Kun.uz reportajida.
Toshkentni cho‘lga aylantirishmoqchi. Poytaxtda yashillik va ko‘llarga bo‘layotgan munosabatni ko‘rib, kesilayotgan daraxtlarga qarab shu fikr xayoldan o‘tadi.
6 avgust kuni Kun.uz tahririyatiga Toshkent shahri Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasida yo‘llarni kengaytirish davomida ko‘p yillik daraxtlarning ildizlari kesib tashlanayotgani haqida murojaat kelib tushdi. Ijodiy jamoa aytilgan joyga yetib bordi.
Chilonzor ko‘chasiga yetib borarkanmiz, ushbu yo‘lni rekonstruksiya qilish jarayonida umumiy rejalashtirilgan 1,4 km yo‘l ta’mirlash loyihasining 300 metr qismida irrigatsiya tarmoqlari (lotoklar) olib tashlanib, yo‘lni kengaytirish va sathini 1 metrgacha pasaytirish ishlari amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Ayni mana shu jarayonda yo‘l chetidagi ko‘p yillik daraxtlarning ildiz qismi kesib tashlangan.
Chilonzor ko‘chasida atrofga soya berib turgan ko‘p yillik daraxtlarga bo‘layotgan munosabat yuzasidan o‘z noroziligini bildirish uchun chiqqan o‘nga yaqin faollarni ham uchratdik. Ular qurilish loyihasidagi mantiqsizliklar va buning og‘ir oqibatlari haqida gapirishdi.
«Bu loyiha juda dahshatli. O‘tgan uch kun davomida ko‘plab daraxtlarga ziyon yetkazildi», – deydi mahalla faollaridan biri.
Boshqa bir eko-faol esa holat bo‘yicha fikr bildirarkan, bu ishlarni jamoatchilik fikri, qonunlar va tabiatga tupurib qo‘yish, deya izohladi.
«Bu daraxtlar endi ko‘karmaydi. Uzog‘i bilan bir-ikki yilda quriydi. Ikkinchidan, bu daraxtlar hozir juda xavfli darajada turibdi. Ertaga yog‘in-sochin boshlansa, yo kimningdir ustiga yoki harakatlanayotgan avtomobilning ustiga qulaydi. Xo‘sh, kim javob beradi bunga?
Bu birinchidan, farosatsizlik, ikkinchidan, amaldagi qonunlar, xalq, jamoatchilik va tabiatga tupurib qo‘yish, sabotaj», – deydi u.
Atirgul Xolmirzayeva Toshkent shahar Botanika bog‘ida bo‘lim boshlig‘i. U tajribali agronom sifatida ildizlari kesib tashlangan daraxtlarning yashab ketishi yo qurib qolishi borasida xulosa berish uchun voqea joyiga chaqirilgan.
Xolmirzayeva zarar yetkazilgan o‘nlab daraxtlarni ko‘zdan kechirarkan, 50 foizdan ortiq ildizlari kesib tashlangan mana bu emanlar bir necha yilda butunlay qurib bitishini ma’lum qildi.
«Bu daraxtlarning bo‘yi qanday bo‘lsa, ildizi ham shunchalik katta bo‘ladi. Ammo emanlarniing yarmidan ko‘p ildizini kesib bo‘lishibdi. Ular endi sekin-asta o‘ladi.
To‘g‘risi, men charchadim. Doim mana shunday holatlarda xulosa olish uchun meni olib kelishadi. Men xulosalarimni, daraxtni o‘stirish bo‘yicha tavsiyalarimni beraman, lekin orqadan hamma bilganicha ish qiladi, ildizlari kesilgan daraxtlarni tosh, shag‘al bilan ko‘mib ketaverishadi. Ularning hammasi quriydi», – deydi agronom.
Voqea joyiga Toshkent shahar bosh ekologi Farhod Dehqonov yetib keldi. Ammo Dehqonov kutilmaganda, voqeani xaspo‘shlashga tushdi. Unga ko‘ra, bu ishlar kelishilgan loyiha bilan, tuman obodonlashtirish bo‘limi nazorati ostida qilingan. Daraxtlar esa tagiga gumus tashlanadigan bo‘lsa, yana o‘sishda davom etaveradi.
Shundan keyin voqea joyiga bosh prokuror, ekologiya qo‘mitasi raisi, Toshkent shahar hokimi va prezident administratsiyasi vakillari yetib kelishdi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev loyihani ko‘zdan kechirarkan, qurilish loyihasida kamchiliklar bo‘lganini aytib, loyihadagi olti chiziqli avtomobil yo‘li o‘rniga to‘rt chiziqli avtomobil yo‘lini qoldirish, ortib qolgan joyni esa yashil hududga aylantirish topshirig‘ini berdi. U shahar prokuroriga loyihada qo‘yilgan xatoliklar uchun loyiha instituti, quruvchilar, ekologiya bo‘limi va umuman, ushbu loyihada qatnashgan barcha mutasaddilarga chora ko‘rilishi zarurligini ta’kidladi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu vaziyatda kamchilikka yo‘l qo‘yganlar qat’iy jazolanishini ma’lum qildi.
U Chilonzor ko‘chasidagi qurilish bo‘yicha Ekologiya qo‘mitasining xulosasi olinmaganini ham ma’lum qildi.
«Biz bu qurilishlar bo‘yicha xulosa bermaganmiz. Yaqinda qonunchilikka taklif berdikki, mana shu kabi loyihalarni ishlab chiqqan loyiha institutlariga javobgarlikni oshirmoqchimiz», – dedi qo‘mita raisi shahar bosh ekologi Dehqonovning ma’lumotlarini inkor qilarkan.
Holat yuzasidan kechaning o‘zida Chilonzor tuman prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu haqda Kun.uz'ga ma’lumot bergan Chilonzor tumani prokurori o‘rinbosari Saidahror Abdurahmonovga ko‘ra, zudlik bilan chora ko‘rilmagan taqdirda daraxtlar qurishi va tabiatga 348,9 mln so‘mlik zarar yetishi mumkinligi soha mutaxassislari tomonidan aniqlangan.
Ma’lumot uchun, JKning 198-moddasi 3-qismi – ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishini nazarda tutadi.
Bu jinoyat uchun 150–200 BHM (45–60 mln so‘m) jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zarar (348,9 mln so‘m) o‘rni uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanmaydi.
Bugun tongda Davlat ekologiya qo‘mitasi holat bo‘yicha dastlabki o‘rganish natijalarini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, o‘rganishlar diametri 45 - 98 santimetrgacha bo‘lgan jami 9 tup eman daraxtining ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilgani ma’lum bo‘lgan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, ushbu daraxtlarni saqlab qolish ehtimoli kam.
Qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida qolgan 90 dan ortiq daraxtlar esa o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikastlangan.
O‘rganish jarayonida ishtirok etgan Fanlar akademiyasi botanika instituti huzuridagi Rusanov nomidagi «Toshkent botanika bog‘i» ilmiy xodimi tavsiyasiga binoan, ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilgan 9 tup eman daraxtini saqlab qolish qator agrotexnik tadbirlarni talab qiladi.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
21:54
Mo‘g‘uliston havo ifloslanishini kamaytirish uchun «ko‘k ko‘mir» ishlab chiqaradi
16:33
Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni xatlovdan o‘tkazish tartibi belgilandi
16:12 / 20.12.2024
Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
17:42 / 04.12.2024