O‘zbekiston | 08:00 / 17.08.2022
6267
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta’lim vazirligining asosiy vazifalari belgilanmoqda

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Vazirlar Mahkamasining “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Vazirlik oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim bo‘yicha yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. Vazirlik o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:

  • vazirlik markaziy apparati;
  • Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi;
  • Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi;
  • Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazi;
  • Pedagogik innovatsiyalar, professional ta’lim boshqaruv va pedagog kadrlari malakasini oshirish, qayta tayyorlash instituti;
  • o‘quv ustaxonalari, texnik reglamentlar va metrologik nazorat xizmati;
  • Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari;
  • Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi;
  • Talaba va o‘quvchilar ma’naviy yuksalishiga ko‘maklashish markazi;
  • tizimdagi davlat oliy ta’lim muassasalari;
  • tizimdagi professional ta’lim muassasalari.

Quyidagilar vazirlik asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim sohasida zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
  • zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va chet tillarini chuqur o‘zlashtirgan malakali kadrlarni tayyorlash yuqori darajasi va sifatini ta’minlash;
  • barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘quv-pedagogik va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash sifati, ta’lim mazmuni va darajasini davlat ta’lim standartlari va malaka talablariga mosligini ta’minlash;
  • ta’lim yangi pedagogik texnologiyalari va o‘qitish uslublarini joriy etish xalqaro amaliyotga muvofiq ta’lim jarayonini tashkil etish, ta’lim dasturlarini (o‘quv rejalari va fan dasturlarini) takomillashtirish, o‘qitish zamonaviy shakllari va axborot-kommunikatsiya texnologiya vositalarini joriy etgan holda ta’lim sifatini ta’minlash;
  • oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim ma’naviy-ma’rifiy ishlar mazmunini takomillashtirish, yoshlarda vatanga sadoqat, mehr-oqibat, yuksak mas’uliyat, bag‘rikenglik, huquqiy madaniyat, innovatsion fikrlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanish madaniyatini oshirish va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash kabi fazilatlarni shakllantirish hamda ularda vatan taraqqiyotiga daxldorlik hissini uyg‘otish;
  • oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy faoliyatini mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda tashkil etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘zaro mustahkam integratsiyasini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • ta’lim muassasalari zimmasiga yuklangan vazifalarni yuqori professional darajada bajarishga qodir rahbar va pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ularni tizimli rag‘batlantirish choralarini ko‘rish;
  • vazirlik, uning tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar, oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish uzluksiz tizimini tashkil etish va takomillashtirish, ular kasbiy mahorati sifati va darajasini muntazam oshirib borishi uchun sharoitlar yaratish, xorijiy davlatlarda malaka oshirish va stajirovka o‘tashni tashkil etish;
  • oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimini raqamlashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali ular o‘quv, ilmiy, ma’muriy va moliyaviy jarayonlarini avtomatlashtirish;
  • xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, hamkorlikdagi qo‘shma oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim dasturlarini amalga oshirish, sohada erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng yoritish;
  • vazirlik tizimidagi oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari hamda tashkilotlarni moliyalashtirish, ular moliyaviy faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish.

Mavzuga oid