O‘zbekiston | 16:30 / 19.08.2022
16384
8 daqiqa o‘qiladi

“Yangi norma bitta huquqbuzarlik uchun 2 yo 3 marta jazo berilishini cheklaydi” - ekspert

Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Farhod Primovning ta’kidlashicha, qonun hujjatlaridagi hech bir norma odamlarga haddan ortiq og‘ir bo‘lmasligi, fuqaro bitta huquqbuzarlik uchun bir nechta jazo bilan “siylanmasligi” kerak.

— Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi 13-moddasida insonga nisbatan huquqiy ta’sir choralari davlat organi tomonidan ko‘zlanadigan qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerakligi belgilanmoqda.

Yuridik tilda ifodalangan bu jumla yurtdoshlarimiz uchun murakkablik qilishi mumkin. Shu bois keling, uni soddalashtiraylik. Bu o‘zgartirish nima uchun taklif etilyapti, ertaga u qabul qilinsa fuqarolar hayotida qanday yengillikka sabab bo‘ladi?

— Ta’kidlash kerakki, Konstitutsiyaning 13-moddasi yangi tahrirda bayon etilmoqda. Yangilanayotgan moddada inson huquqlariga oid bo‘lgan muhim normalar ifodalanmoqda. Bu o‘zgartirish tadbirkorlarni, fuqarolarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga yechim bo‘la oladi.

Taklif etilayotgan tahrirda davlat tomonidan shaxsga qo‘llanadigan ta’sir chorasi ko‘zlangan maqsadiga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi ta’kidlanmoqda. Shuning bilan birga ushbu chora insonlar uchun imkon darajasida yengil bo‘lishi lozimligi qayd etilmoqda. Yuridik tilda yozilgan bu jumlalar yurtdoshlarimiz uchun tushunarsizroq bo‘lishi mumkin.

Oddiy tilda tushuntiradigan bo‘lsam, har bir qoida va majburiyatning zamirida mantiq bo‘lishi kerak. Hech qaysi bir taqiq, cheklov yoki ta’sir chorasi inson huquqlariga ortiqcha yuk bo‘lmasligi, uning zimmasiga zarur bo‘lmagan majburiyatni yuklamasligi kerak.

Farhod Primov, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Foto: Kun.uz

Haydovchilar bilan bog‘liq bitta misol yordamida Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish mohiyatini tushuntirib berishga harakat qilaman. Haydovchi ma’lum bir turdagi qoidani buzadigan bo‘lsa, uning mashinasi jarima maydonchasiga qo‘yiladi. Aslida bu ortiqcha ish, ya’ni xato. Haydovchi to jarimani to‘laguncha transport vositasi jarima maydonida turadi. Ish ko‘rib chiqiladi, jarima to‘lanadi, ana undan keyin avtomobilni jarima maydonidan olib chiqishga ruxsat beriladi.

Jarima maydonida saqlab turishning ham kunlik to‘lovi bor. Bu to‘lov hamma joyda har xil. Lekin respublika bo‘yicha bir kun uchun o‘rtacha 20 mingdan 100 ming so‘mgacha to‘lanadi.

— Bu xuddiki bitta qoidabuzarlik uchun ikki marta jazolashga o‘xshaydi, shunday emasmi?

— Ikki marta emas, uch marta jazolashga o‘xshaydi. Birinchisi, haydovchi yo‘l harakati qoidasini buzganlik uchun jazo sifatida jarima to‘layapti. Ikkinchisi, mashinasi jarima maydonida saqlangani uchun alohida to‘lov undirilyapti. Uchinchisi esa o‘sha davr mobaynida transport vositasini boshqarish imkoniyatidan ham mahrum bo‘lib qolmoqda, aslida buyam jazo hisoblanadi.

Endi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish mohiyatidan kelib chiqib aytsam, qo‘llanadigan ta’sir chorasi ko‘zlangan maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak, deyapmiz. Yo‘l harakati qoidasini buzgan haydovchiga qo‘llanadigan ta’sir chorasidan ko‘zlangan maqsad nima? Uning jarimaga tortilishi, ya’ni sodir etgan huquqbuzarligi uchun jazolash.

Yana bir qiziq jihati, haydovchi jarimani shu joyning o‘zida to‘layman desayam, ayrim inspektorlar bunga rozi bo‘lishmaydi. Aslida jarima to‘lansa, ko‘zlangan maqsad amalga oshadi va transport vositasi qo‘yib yuborilishi kerak. Amaldagi tartibga ko‘ra, mashina jarima maydoniga qo‘yilishiga asos bo‘ladigan qoidabuzarliklar bo‘yicha ishni sud ko‘rib chiqishi kerak, bungacha ham ma’lum muddat – 10-15 kun o‘tadi. Sud ko‘rib chiqqandan keyin jarimani to‘laydi, so‘ngra mashinasi jarima maydonida saqlangan har bir kun uchun belgilangan to‘lovni to‘lagach, avtomobilini olib chiqa oladi.

Transport vositasining jarima maydoniga qo‘yilishi kira qilib kun kechirayotgan haydovchilarni juda murakkab ahvolga solib qo‘yadi. Chunki ularning tirikchiligi ana shu mashina bilan bog‘liq. Ko‘pincha, ular avtomobilni ijaraga olib, kirakashlik qiladi. Mantiqsiz ta’sir chorasi oqibatida ular ham tirikchiligidan mahrum bo‘lishyapti, ham jarima to‘lashyapti, ham transport vositasi jarima maydonida saqlangan har bir kun uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lashga majbur bo‘lyapti.

Farhod Primov, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Foto: Kun.uz

Endi tasavvur qiling, jarima maydonida 10 kun turadigan bo‘lsa, kunlik to‘lov 50 mingni tashkil etsa, 500 ming so‘m to‘lash kerak. Juda ko‘plab holatlarda qo‘llaniladigan jarimadan ko‘ra transport vositasini jarima maydonida saqlashga ketgan xarajat ko‘p bo‘lib chiqmoqda. Ya’ni ulovidan tushovi qimmat bo‘lib ketyapti.

Boshqa haydovchilarga ham bu chora og‘irlik qilmaydi, deb aytish qiyin. Bu bitta kichkina misol. Bunday misollarni boshqa sohalardan ham keltirish mumkin. Masalan, Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi 13-moddasida bajarib bo‘lmaydigan normalar bo‘lishi kerak emas, deb aytilyapti, lekin afsuski, qonun hujjatlarida bajarib bo‘lmaydigan normalar ko‘p.

— Masalan?

— Yong‘in xavfsizligi, sanitariya qoidalari, soliq qonunchiligi – mana shu uchta sohadagi qonun hujjatlari talablarini ko‘p holatlarda to‘liq bajarishning imkoni yo‘q. Birgina yong‘in xavfsizligi qoidalarini olaylik. Yong‘in xavfsizligi inspektori istalgan tashkilotga boradigan bo‘lsa, kamchilik topishi aniq. Nega deganda yong‘in xavfsizligi qoidalari shundayki, uni oxirigacha mukammal va doimiy bajarish imkonsiz. Ushbu qoidalarga amal qilish jarayonida kichkina bo‘lsa ham bitta kamchilikka yo‘l qo‘yasiz va buning uchun jarimaga tortilasiz.

Sanitariya qoidalari ham xuddi shunday. Deylik, umumiy ovqatlanish shoxobchasini yuritadigan tadbirkor sanitariya xodimi kelyapti desa vahimaga tushib qoladi. Nega deganda u keldimi, albatta kamchilik topadi. Chunki sanitariya qoidalariga ham to‘liq va oxirigacha amal qilish imkonsiz. Bu esa amaldagi tartibga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu – tadbirkorlar uchun ortiqcha chiqim.

Bu bilan yong‘in xavfsizligi yoki sanitariya qoidalari kerakmas demoqchimasman. Jamoat xavfsizligi, fuqarolarning sog‘lig‘i, mulkini himoyalash uchun bunday qoidalarning bo‘lishi muhim. Lekin ularni ham liberallashtirish kerak, ya’ni ushbu qoidalar adolatli bo‘lishi kerak. Konstitutsiyaga biz muhokama qilayotgan norma kiritiladigan bo‘lsa, qonunlar va qonunosti hujjatlar unga muvofiqlashtiriladi va bu kabi mantiqsizliklar barham topadi.

Suhbatni to‘liq ushbu havola orqali ko‘rishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzuga oid