Jamiyat | 12:05 / 15.05.2024
6166
2 daqiqa o‘qiladi

Kinoteatrda tanishiga shilqimlik qilgan yigit 5 sutkaga qamaldi

25 yoshli yigit “Magic City” kinoteatrida “Jannat onalar oyog‘i ostida” filmi namoyishi vaqtida yonida o‘tirgan tanishiga nisbatan har xil shahvoniy harakatlar qilgan. Kinoteatr xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i yigit va qizni tashqariga olib chiqib, IIB xodimlarini chaqirgan.

“Magic City” kinoteatrida tanishiga shilqimlik qilgan yigit ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Uning huquqbuzarligi jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida ko‘rib chiqildi.

Sud hujjatida keltirilishicha, 2024 yilning 10 may kuni “Magic City” kinoteatri xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Chilonzor tumani IIO FMBga murojaat qilgan. U murojaatida “Jannat onalar oyog‘i ostida” filmi namoyishi vaqtida U.M. yon o‘rindiqda o‘tirgan M.J.ga jamoat joyida bo‘la turib har xil shahvoniy harakatlar qilganini bildirib, ularga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Sud majlisida so‘ralgan yigit aybiga iqrorligini, o‘sha kuni kelajakda turmush qurmoqchi bo‘lgan qizi M.J. bilan kinoteatrga tushganini, uni sog‘ingani tufayli ehtirosga berilib ketganligini ma’lum qilgan. Qiz unga “jamoat joyidamiz, bu ishimiz to‘g‘ri emas” degan, ammo yigit shunga qaramasdan unga tegingan.

 M.J. esa sudda U.M. unga shilqimlik qilib, o‘pib tanasiga teginganini, u teginmasligini aytib qarshilik ko‘rsatganini, kelajakda turmush qurmoqchi bo‘lganligi uchun ariza bilan murojaat qilmaganini aytgan.

2000 yilda tug‘ilgan M.J.ga nisbatan surishtiruv organi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Biroq sud qizning harakatida huquqbuzarlik alomati mavjud emas, deb topgan va ishni tugatgan. 

1999 yilda tug‘ilgan U.M. esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilgan. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid