Jahon | 16:40 / 05.09.2022
42634
17 daqiqa o‘qiladi

Moslashuvchan temir xonim. Liz Trass Britaniya bosh vaziri bo‘ldi

O‘zini «temir xonim» deb atashlarini istaydi, soliqlarni kamaytirishni va’da qilgan va Putinni to‘xtatishga chaqirgan. Britaniyaning yangi bosh vaziri haqida nimalar ma’lum?

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri 47 yoshli Yelizabet Trass hukmron Konservativ partiyaning yangi rahbari etib saylandi.

Ovoz berish jarayonining oltinchi turida u Konservativ partiyaning 81 326 nafar a’zosi ovozini qo‘lga kiritdi. Uning raqibi, sobiq moliya vaziri Rishi Sunakka 60 399 kishi ovoz bergan.

Liz Trass Konservativ partiya rahbarligida Boris Jonsonning o‘rnini egallaydi.

Yaqin vaqtlar ichida Jonson qirolichaga o‘z iste’fosini ma’lum qilishi va Trassni o‘z vorisi sifatida taqdim etishi kerak. Qirolicha bilan rasmiy uchrashuvdan keyin Trass rasman bosh vazirga aylanadi.

Jonson iyul oyi boshida Konservativ partiya rahbarligidan ketishini e’lon qilgandi. U o‘z kabinetida yuzaga kelgan mojaro ortidan iste’fo berishga majbur bo‘lgandi.

Kutilgan g‘oliblik

Avgust oyi o‘rtalarida o‘tkazilgan so‘rovlardan biriga ko‘ra, Liz Trass Konservativ partiya rahbarligi uchun kurashda Rishi Sunakni jiddiy farq bilan ortda qoldirgan: uni partiya a’zolarining 60 foizi, Sunakni 28 foizi qo‘llab-quvvatlagan.

Faqatgina Konservativ partiya a’zolari ovoz beradigan saylovda g‘alaba qozonadigan nomzod avtomatik ravishda britan hukumati rahbariga aylanadi.

Britaniya tarixidagi ilk bosh vazir bo‘lgan Margaret Tetcherning yorqin faoliyati tufayli uning izdoshlari ham «temir ayol» bo‘lishga urinishi tabiiy. Partiya funksioneri, 2016-2019 yillarda bosh vazir bo‘lgan Tereza Meyni ham unga o‘xshatishgan. Ammo o‘xshamagan.

Meydan ko‘ra Liz Trass Tetcher kabi konservatorlarning qat’iy va g‘oyaviy yetakchisiga o‘xshaydi va uning o‘zi bunday o‘xshashlikni eslatib turishga intiladi.

To‘rt yil muqaddam u Shotlandiyaning Scotsman gazetasidagi kolonkasini 7 yoshida Shotlandiyadagi ilk maktabidagi debatda Tetcher rolini o‘ynagani haqidagi xotiralar bilan boshlagan. Keyin - Tetcher haqida hech qanday muhokamalar yo‘q, faqat u Shotlandiyada o‘ta mashhur bo‘lgani eslanadi. Ammo obraz «kiritib ketilgan», Tetcher va Trass familiyasi yonma-yon kelgan - shuning o‘zi yetarli.

Hozirda britan matbuoti u Sharqiy Yevropada tankda suratga tushgani yoki teledebatlarga ko‘k bluzka kiyib kelganiga e’tibor qaratmoqda - bularning bari Tetcherning mediadagi imijini yodga soladi.

TIVdagi xodimlarining aytishicha, u instagramdagi sahifasini o‘zi yuritib, obrazini o‘z qo‘llari bilan shakllantiradi.

Ish tashqi detallar bilan cheklanib qolmaydi. Nutqlari va maqolalarida Trass xonim omma qarshisida so‘nggi o‘ttiz yil ichida, ya’ni Tetcher davridan buyon Buyuk Britaniya boshqaruvida kuzatilmagan mafkuraviy siyosatchi - haqiqiy tori, o‘ng liberal sifatida namoyon bo‘ladi.

Shu bilan birga Trass cherkovga qatnamaydi va bir jinslilar nikohi uchun ovoz bergan - zamonaviy britancha konservatizm mana shunday.

«Kamida o‘z tarafdorlari nazarida u Margaret Tetcher va Ronald Reyganning soliqlarni kamaytiruvchi vorisi sifatida gavdalanadi», deya yozgandi Times gazetasi Trass haqida iyun oyida, yangi yetakchini saylash jarayoni boshida.

Yevropada urush ketmoqda, Buyuk Britaniya esa - xususan TIV rahbari Liz Trass timsolida - Ukrainaga faollik bilan yordam ko‘rsatmoqda, ammo urush bilan birga iqtisodiy muammolar ham keldi va aynan iqtisodiyot mavzusi Trass va Sunak munozaralarining asosiy mavzusi bo‘ldi. Qolaversa, ularda Rossiya va Ukraina masalasida kelishmovchiliklar yo‘q.

«Men saylovda konservator sifatida kurashaman va konservator kabi boshqaraman. Xalq erkin biznes qilishni, erkin va farovon yashashni istaydi. Odamlar hukumat ularning hayotini boshqarishga urinishini yoki keragidan ortiq mablag‘ sarflashini istamaydi. Men butun faoliyatim mobaynida konservatizmning asosiy tamoyillari tarafdori bo‘lib kelganman», deya yozdi Trass xonim Telegraph gazetasidagi manifest-maqolasida.

Trass o‘z raqibi Rishi Sunak moliya vaziri ekanida joriy etgan yoki joriy etishni rejalashtirgan sog‘liqni saqlash solig‘i va korporativ soliqlarni oshirishni bekor qilish orqali soliqlarni kamaytirishga va’da bergan.

Natijada Britaniya budjetiga Sunak rejalashtirgan milliardlab yig‘imlar yetishmasligi mumkin. Sunak - moliyachi va u instinktiv ravishda budjetni muvozanatda saqlashga intiladi. Trassning ham birinchi kasbi hisobchilik bo‘lgan (ularning ikkisi ham Oksfordni bitta kursda yakunlashgan), ammo uning uchun hozirda prinsiplar muhimroq - budjet esa, uning ishonch bildirishicha, bardosh bera oladi, faqat pandemiyadan keyingi milliy davlat qarzining oldingi chegarasiga qaytishni kechiktirish kerak.

Bundan tashqari, Trass davlat xarajatlarining umumiy tekshiruvi o‘tkazilishi, shuningdek firmalar uchun qoidalar va talablar soddalashtirilgan investitsiya zonalari tashkil etilishini va’da qilgan.

Trass mayda masalalarda, ramziy mayda ishlarda ham liberal bo‘lishga harakat qilmoqda.

Masalan,u hukumatdagi ayrim hamkasblarining qo‘shimcha soliqlar joriy etish hamda «nosog‘lom» bo‘lgan mahsulotlar - tarkibida katta miqdorda shakar, tuz yoki yog‘ bo‘lgan mahsulotlar, ichimliklar va taomlar sotuvini cheklash g‘oyasiga qarshi chiqadi. «Yetar, hukumat odamlarga nima yeyishni buyurmasligi kerak», degan u.

Professional moslashuvchanlik

Trassga mahliyo bo‘lmaganlar bir savolni berishadi: u prinsiplar haqida gapirayotganida qanchalar samimiy?

«Uni ko‘p yillar davomida kuzatib keladiganlarning aksari unda umuman qandaydir qat’iy e’tiqod borligi yoki u hozirda tanlash qulay bo‘lgan pozitsiyani tanlayotgani borasida shubhalarga ega», deya yozadi Amerikaning CNN telekanalining britaniyalik sharhlovchisi.

Kemeron bosh vazirligi davrida Liz Trass Yevroittifoqda qolish tarafdori edi, breksiter Jonson davrida esa - Yevroittifoqdan chiqishni yoqladi. Foto: Reuters

Meri Elizabet Trass (u xuddi Aleksander Boris de Pfeffel Jonson kabi, birinchi emas, ikkinchi ismidan foydalanishga qaror qilgan) - professional siyosatchi, butun faoliyati davomida u moslashuvchanlik, pragmatiklik, sezish qobiliyatini namoyish etdi, uni ayrimlar «prinsipsiz» yoki «flyuger» deb atashadi.

Hozirda Trassning saylovchilari - torilar partiyasi a’zolari, ularning aksariga u aytayotgan gaplar yoqishi mumkin. Ammo u partiyani umummilliy parlament saylovlariga boshlab boradigan mahalda nima deydi - u yerda faqat konservatorlarga emas, butun aholining katta qismiga ma’qul keladigan gaplar aytilishi kerak.

Shunga qaramay, tadbirkorlar va shaxslar erkinligi tarafdori bo‘lishi Trassning foydasiga ishlaydi, u ko‘p yillardan buyon bu erkinliklarni baland ovozda himoya qilib kelmoqda. Ammo o‘z yo‘li boshida u bu qadar dangal emasdi.

Qariyb o‘ttiz yil muqaddam Liz Trass Britaniya siyosiy elitasining asosiy inkubatori sanaladigan Oksfordga yo‘l oladi va PPE (falsafa, siyosat, iqtisod) mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oladi.

So‘l qarashlarga ega oilada o‘sgan Trass Oksfordda markazchi Liberal-demokratik partiyaga qo‘shiladi. Safdoshlarining xotirlashicha, u marixuana qonuniylashtirilishi va monarxiya bekor bo‘lishini yoqlab chiqishlar qilgan - bular esa britan konservatorlariga begona bo‘lgan g‘oyalardir.

«Ishonchim komilki, o‘sha vaqtlarda giyohvand moddalarni dekriminalizatsiya qilish yoki monarxiyani bekor qilish haqida gapirganida Trass jamoatchilik uchun tomosha ko‘rsatgan. O‘ylaymanki, u har qanday auditoriya uchun rol o‘ynab beradiganlardan biri va men u o‘shanda ham, hozir ham o‘zi aytayotgan gaplarga ishonishiga mutlaqo ishonchim komil emas», degan CNN’ning britaniyalik tahlilchisi bilan suhbatda uning Liberal-demokratik partiyadagi sobiq safdoshi Nil Fosett.

Universitetni tamomlagan yili, 1996 yilda Trass liberal-demokratlarni tark etib, torilar safiga o‘tgan.

Keyin hisobchi sifatida ishlagan va bir necha bor qayergadir saylanishga uringan, bu urinishlardan faqat bir martasida omadi kelib, Londondagi tumanlardan birining kengashiga a’zo bo‘lgan. Va nihoyat 2010 yilda Devid Kemeronning kengaytirilgan jamoasiga kirishga va Umum palataga saylanishga erishgan.

Shotlandiyada jamoatchilikning bir qismi Trass va Sunakni norozilik bilan kutib oldi. Birinchidan, Shotlandiyada konservatorlarning emas, so‘l partiyalar obro‘si yuqoriroq, ikkinchidan, Trass - Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha ikkinchi referendum o‘tkazilishiga qat’iyan qarshi.

Shundan keyin Trass faqat oldinga harakatlangan, har safar partiyaning bo‘lajak rahbarini qo‘llab-quvvatlashda adashmagan, o‘zi hukumatida ishlagan uch bosh vazirga sodiq qolgan - avvaliga Kemeron hukumatida atrof-muhit va qishloq xo‘jaligi vaziri bo‘lgan, Tereza Mey hukumatida adliya vaziri lavozimini egallagan, Boris Jonson hukumatida esa tashqi savdo vaziri va tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishladi.

Trassning Brexit masalasida fikrini o‘zgartirganini tez-tez yodga olishadi.

2016 yilgi referendumga qadar, yevropaparast bosh vazir Kemeron davrida u Yevropa Ittifoqidan chiqishga qarshi bo‘lgan. Referendum va Kemeronning iste’fosidan keyin Trass xato qilgani va u endi - Yevroittifoqdan chiqish tarafdoriga aylanganini aytgan.

Tereza Mey ortidan hokimiyatga kelgan breksiter Jonson uni tashqi savdo vaziri etib tayinlaydi va Trass turli mamlakatlar bilan savdo kelishuvlarini qayta ko‘rib chiqishga kirishadi va ularning har birini Yevropa Ittifoqi bilan yo‘llari ayro bo‘lgan Britaniya uchun muvaffaqiyat deya e’lon qiladi - holbuki ularning aksariyatida savdo shartlari Britaniya YeI a’zosi ekanida tuzilgan bitimlardan shunchaki ko‘chirilgandi.

Liz Trass torilarning bo‘lajak yetakchisi va bosh vazir bo‘lishi mumkinligi haqida avvalroq, 2018 yil oxirida, Tereza Meyning muvaffaqiyatsiz boshqaruvi poyoniga yetayotganida gapirilgandi. Shu bilan birga, britaniyalik jurnalistlar tusmol qilishicha, bunday mish-mishlar bolalashini Trassning o‘zi boshlab  bergan - yoki, hech bo‘lmaganda bunga o‘z ulushini qo‘shgan.

Ammo 2019 yilda u nomzodini ilgari surmadi - uni hamkasb deputatlar orasida qo‘llab-quvvatlaydiganlar yetarli darajada emasdi, qolaversa, o‘shanda Boris Jonson bilan raqobatlashishdan naf yo‘q edi. Endi esa Trassning obro‘si Jonsonnikidan ham o‘zib ketmoqda.

Putinni to‘xtatish

PA MEDIA

Yaqin vaqtlargacha rus tilli nashrlar qaysidir yevropalik siyosatchini auditoriya uchun tanishtirishda albatta uning Rossiya bilan munosabatlardagi pozitsiyasiga alohida to‘xtalardi. Endi bu o‘z ma’nosini yo‘qotgan: Yevropada rossiyaparast siyosatchilar deyarli qolmadi (Britaniyada esa deyarli bo‘lmagan).

Londonning Putin Rossiyasi bilan munosabatlari katta ehtimol bilan Trass boshqaruvida ham o‘zgarmaydi (Sunak g‘alaba qozonganida ham xuddi shunday deyish mumkin edi).

Liz Trass Forin-ofis rahbari sifatida urush davrida G‘arbda ikkinchi plandagi siyosatchilar orasida Rossiyaning eng sezilarli muxoliflaridan biriga aylandi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan oldin u ham Jo Bayden, Entoni Blinken, Boris Jonson kabi oqibatlar haqida ogohlantirib chiqishlar qildi. Rossiyaga bordi va Sergey Lavrov bilan gaplashdi. 24 fevraldan keyin ko‘plab yevropalik siyosatchilar kabi Putinni to‘xtatish kerakligini ayta boshladi.

«Agar biz Putinni Ukrainada to‘xtata olmasak, boshqa davlatlar - Boltiq bo‘yi davlatlari, Polsha, Moldova ham xavf ostida qoladi va bu NATO bilan ziddiyat keltirib chiqarishi mumkin. Biz buni istamaymiz. Shu tufayli hozirning o‘zida harakat qilish mumkin», dedi Trass aprel oyidagi chiqishlarining birida.

«Rossiya bilan o‘zaro hamkorlik davri poyoniga yetdi. Bizga Yevropa xavfsizligini ta’minlash uchun qarshilik ko‘rsatish, mudofaa va tiyib turish qobiliyatiga asoslangan yangicha yondashuvlar kerak», deya davom etadi Trass.

U o‘z boshqaruvi davrida Buyuk Britaniya Yevropaning mudofaa qobiliyatini oshirishiga o‘z hissasini qo‘shishini va’da qilmoqda: Trass dasturining punktlaridan biri - harbiy maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘ miqdorini YaIMning hozirgi 2,1 foizlik miqdoridan 3 foizigacha oshirishdir. To‘g‘ri, bu faqat 2030 yilga borib ro‘y berishi ko‘zda tutilgan. Hozirda Britaniya harbiy ehtiyojlar uchun 60 mlrd dollar atrofida mablag‘ yo‘naltiradi va bu NATOda AQShdan keyingi ikkinchi ko‘rsatkichdir.

Bundan tashqari, Trass Britaniya urushdan keyin Ukrainani tiklashda faol ishtirok etishini, bosh vazirlikka saylangach birinchi bo‘lib Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan qo‘ng‘iroqlashishini aytgan.

«Birinchi kundanoq yiqilish»

Britaniyalik jurnalistlar fikricha, Liz Trassning Rishi Sunakni yengishiga xalal qila olmagan bo‘lsa-da, kelgusida muammo chiqarishi mumkin bo‘lgan xususiyati - bu u qadar yaxshi notiq emasligidir.

Uning nutqi juda ko‘pchilik, nafaqat siyosatchi va jurnalistlar, balki oddiy aholi vakillari ham juda yaxshi nutq so‘zlay oladigan Buyuk Britaniya o‘lchovlari bo‘yicha yomondir - bu mamlakatda omma oldida nutq so‘zlash va debatlarda ishtirok etishga bolalikdanoq, maktab chog‘laridanoq o‘rgatishadi.

Ammo agar Trass oldindan tayyorlanmagan holda chiqish qilsa, kutilmagan voqealar ro‘y berishi mumkin.

Rossiya bosqini arafasida Liz Trass G‘arbdagi boshqa siyosatchilar kabi Moskvaga nimanidir tushuntirishga urindi. Bosqin boshlangach esa, kelishuv va hamkorlik davri tugaganini e’lon qildi. / Foto: Rossiya TIV

Jamoatchilik uning shu yil fevral oyida Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashuvdagi qo‘pol xatosini eslaydi, o‘shanda Lavrov Rossiya shunchaki o‘z hududida harbiylarini harakatlantirayotgani va Ukrainaga hujum qilmoqchi emasligini aytib, kinoya bilan Trass Rossiyaning Voronej va Rostov oblastlari ustidan suverenitetini tan olish-olmasligini so‘ragandi.

Trass esa uning so‘zlarini tushunmagan holda, gap Donetsk va Luhansk haqida ketmoqda deb o‘ylab, shunday qovun tushirgandi: «Buyuk Britaniya hech qachon Rossiyaning bu hududlar ustidan suverenitetini tan olmaydi».

Britan gazetalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari 20 iyul kuni, u partiya saylovlari finaliga chiqqan kunda Trassning ustidan obdon kulishgandi, chunki u tvitida «hayallamasdan ishga kirishish» (hit the ground running) iborasini ishlatishda oxirgi so‘zni tushirib qoldirgandi. Natijada «gursillab yiqilish» ma’nosi (hit the ground) chiqib qolgandi. Tvitning to‘liq matni quyidagicha ko‘rinish olgandi: «Ishonch bildirganingiz uchun rahmat. Birinchi kundanoq yiqilishga tayyorman».

Trass o‘sha kuniyoq xatosini tuzatgandi, ammo kech bo‘lgandi.

Britaniyalik ayrim snoblar (aristokratik jamiyatda o‘zini bilimdon va did-farostali deb hisoblovchi odam) fikricha, Trassning norasmiy davralardagi og‘zaki nutqida ham barchasi joyida emas.

«Bir qarashda u hazillashayotganga o‘xshaydi, lekin  buni tushunish qiyin, chunki ba’zida Liz Trass gapiradigan til uning ona tili emasdek tuyuladi», deya yozgandi You jurnali muxbiri 2019 yilda Trass bilan restoranda, qulay muhitda olingan intervyuni eslagan holda.

Mavzuga oid