O‘zbekiston | 08:58 / 12.09.2022
3269
2 daqiqa o‘qiladi

Irlandiya O‘zbekistonda energiya tejaydigan izolyatsiya panellari ishlab chiqarmoqchi

ITSVda Irlandiya yetakchi kompaniyasi bilan qurilish materiallari sohasida investitsiyaviy hamkorlik ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Foto: Dunyo

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (ITSV) International Development Ireland (IDI)  konsalting kompaniyasi ko‘magida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Hurram Teshaboyev hamda Kingspan Insulated Panels kompaniyasi Yaqin Sharq, Afrika, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jim Lokran o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda mintaqa qurilish materiallari bozori va qurilish materiallari ishlab chiqarish darajasini oshirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish doirasida O‘zbekiston hukumati tomonidan ushbu bozorni rivojlantirish qo‘llab-quvvatlanishi muhokama qilindi.

Tomonlar qurilish materiallari, energiya tejaydigan izolyatsiya panellari ishlab chiqarishga sarmoya kiritish va ularni keyinchalik respublika hududida sotish masalasini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qurilish materiallari sifatini oshirishga qaratilgan aniq natijalarga erishish uchun muhokama qilingan barcha sohalarda hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Kompaniya O‘zbekistonda mahsulotlarni mahalliylashtirish va mamlakat yirik infratuzilmaviy loyihalarga innovatsion va energiya tejaydigan materiallarni yetkazib berishga tayyor.

Kingspan Group Plc energiya tejaydigan qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi kompaniya bo‘lib, yillik daromadi 8 milliard dollarni tashkil etadi. U Yevropa, Afrika, Osiyo, Avstraliya, Yaqin Sharq va Amerikada faoliyat yuritadi.

Mavzuga oid