AQSh davlat kotibi Aliyevni Armaniston bilan sulhga amal qilishga chaqirdi
Ozarboyjon prezidenti bilan suhbatda AQSh davlat kotibi uni Armaniston bilan barcha kelishmovchiliklarni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga chaqirdi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ozarboyjon prezidenti bilan suhbat chog‘ida uni Armaniston bilan chegaradagi mojaroda o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishga, qo‘shinlarni olib chiqib ketishga va Yerevan bilan barcha muhim kelishmovchiliklarni tinch muzokaralar yo‘li orqali hal qilishga chaqirdi, deb xabar qildi 18 sentabr, yakshanba kuni AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati.
14 sentabr oqshomidan boshlab Yerevan va Bokuning sulhga kelishib olgani Armaniston Xavfsizlik kengashi tomonidan ma’lum qilinib, u Ozarboyjon bilan bu borada hech qanday yozma hujjat yoki kelishuv mavjud emasligiga e’tibor qaratdi.
Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi mojaro 13 sentabrga o‘tar kechasi yana avj oldi. Armaniston Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarboyjon chegaradagi Vardenis, Sotk, Artanish, Ishxanasar, Goris va Kapan aholi punktlari yo‘nalishini o‘qqa tutgan. Bokuda Yerevan Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlaridagi chegarada «keng ko‘lamli diversiya»da ayblandi.
14 sentabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Armaniston-Ozarboyjon chegarasidagi to‘qnashuvlar natijasida 100 dan ortiq arman askari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ertasi kuni, 15 sentabr kuni Ozarboyjon Mudofaa vazirligi 12-14 sentabr kunlari Armaniston bilan chegaradagi janglarda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi, unda 71 nafar harbiy xizmatchi ismi ko‘rsatilgan.
18 sentabr kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi raisi Nensi Pelosi Armanistonga tashrifi chog‘ida Armaniston bilan chegaradosh hududga Ozarboyjonning «noqonuniy va halokatli hujumlarini» qoralashini ma’lum qildi.
Shu kuni Yerevanda bir necha yuzlab namoyishchilar Armanistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)dan chiqishini talab qilib, ko‘chalarga chiqdi. Namoyishchilarga ko‘ra, tashkilot Ozarboyjon tomonidan Armanistonga qarshi hujumlarning oldini olish uchun hech qanday chora ko‘rmagan.
Avvalroq, 14 sentabr kuni Yerevanda bir necha ming kishi Pashinyan Armanistonning Tog‘li Qorabog‘ hududiga bo‘lgan da’volaridan voz kechishidan qo‘rqib, uning iste’fosini talab qilgan edi.
Mavzuga oid
15:13 / 21.12.2024
Blinken: Ukraina kurashish yoki muzokara o‘tkazish haqida bir qarorga kelishi kerak
20:15 / 17.12.2024
Blinken Yaqin Sharqda. AQShning Suriyadagi manfaatlari nimalar?
10:44 / 14.12.2024
GFRda XDI/XSIning ikki a’zosi Ozarboyjonga pora evaziga yordam berganlikda ayblanmoqda
14:22 / 08.12.2024