Jahon | 21:57 / 19.09.2022
42391
19 daqiqa o‘qiladi

Xersondagi manyovr, safarbarlik muammolari va generallar. Ekspertlar Rossiya Ukrainaning hujumini to‘xtata olmagani haqida

Ukraina qo‘shinlari muvaffaqiyatli qarshi hujumni boshladi va Rossiya armiyasi bunga javoban ortga chekindi. Nega? Harbiy ekspertlar javob berishadi.

Izyumda qolgan rus tanki. Foto: Juan Barreto / AFP / Scanpix / LETA

Avgust oyi oxiri – sentabr oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda qarshi hujum boshladi. Bu jarayon ayniqsa Xarkiv viloyatida muvaffaqiyatli kechdi. Bosib olingan hududlarni ushlab tura olmagan Rossiya armiyasi uchun chekinish bu urushdagi eng katta mag‘lubiyat bo‘ldi. Vaholanki, rossiyalik siyosatchilar bu hududlarni hech qachon tark etmaslikka va’da berishgan edi. Harbiy ekspertlar Meduza bilan suhbatda Rossiya armiyasi egallagan hududlarini nega ushlab qololmagani haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi.

Nega Rossiya razvedkasi qarshi hujum boshlangan joyni va Ukraina hujumi yo‘nalishini aniqlay olmadi? Yoki aniqlagan bo‘lsa ham, qo‘mondonlik bunga ahamiyat bermadimi? Axir, hatto rus harbiy muxbirlari ham sentabr oyi boshida Balakliya hududida hujum tayyorlanayotgani haqida bir necha bor xabar berishgan. Bu qo‘mondonlik sifati bilan bog‘liq muammomi? Yoki Rossiya harbiylariga bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda himoyalanish uchun kuch yetmadimi?

Pavel Luzin, harbiy ekspert: Bu, birinchi navbatda, kuchlar yetishmasligi, harbiy kadrlar juda ham tanqisligi bilan bog‘liq. Chunki olti oy davomidagi janglarda o‘n minglab askar yo‘qotilsa, quruqlikdagi kuchlar miqdori kamayib ketadi.

Bundan tashqari, razvedka bilan bog‘liq muammo ham bor. Radioelektron razvedka zaif. Havo razvedkasi dronlar yordamida amalga oshiriladi, ammo ular urib tushirilmoqda. Rossiyaning ikkita optik razvedka sun’iy yo‘ldoshi olgan suratlar shu qadar sifatsizki, ular bilan faqat raketalarning parvoz missiyalarini rejalashtirish mumkin. Bundan tashqari, ushbu sun’iy yo‘ldoshlar bir nuqtadan har 16 kunda o‘tadi: demak, ma’lumotlarni tezkor yangilab turishning imkoni yo‘q.

Razvedka ochiq ma’lumotlardan ham foydalanishi mumkin. Ammo buning uchun malakali kadrlar va bu ma’lumotlar harbiy iyerarxiyada erkin aylanishi imkonini beruvchi tizim kerak.

Aytaylik, ular hujum tayyorlanayotganini ko‘rdi, keyin nima bo‘ladi? Ular odamlarni, texnikani qayerdan oladi? Chunki hammasi tugadi. Olti oy o‘tdi va armiyadan deyarli hech narsa qolmadi.

Henri Shlottman, ekspert, AQSh armiyasi faxriysi: Men bir necha rus telegram kanallarini o‘qidim. Ular haqiqatan ham ukrainaliklar qayerdan qarshi hujum boshlashini oldindan bilishgan. Menimcha, Rossiya Bosh shtabi ham bilgan – lekin ular qarshi hujumga shundog‘am dosh bera olishlariga ishonishgan shekilli.

Bundan tashqari, Rossiya tomoni ukrainaliklar qancha zaxira to‘plaganini to‘liq tushunmagan. Rossiyaning OSINT (open source intelligence, ochiq ma’lumotlar asosida razvedka) hamjamiyati kanallarida ba’zi raqamlar tilga olindi, ammo Bosh shtab bu raqamlarga ishonmadi yoki ukrainaliklar imkoniyatiga yetarli baho bermadi. Yoki ular asosiy zarba baribir Xersonga beriladi deb o‘ylashdi.

O‘zim AQSh armiyasida xizmat qilganimda OSINT texnologiyasidan foydalanganman va qo‘mondonlik har doim ham bu ma’lumotlarni jiddiy qabul qilmasligini bilaman. Chunki harbiylarda razvedka ma’lumotlarini to‘plashning maxfiy usullari ham bor va ular ba’zida OSINT ma’lumotlariga zid bo‘lishi mumkin.

[Ukraina qo‘shinlari muvaffaqiyatli qarshi hujumining] yana bir sababi, Rossiya kuchlari ularning harakatlariga o‘z vaqtida javob bera olmaganidir. Mintaqada, ayniqsa Izyum hududida rus qo‘shinlari yetarli edi. Ammo tashlab ketilgan rus pozitsiyalaridan olingan fotosuratlarni ko‘rdingiz. U yerda qancha harbiy texnika qoldi!

Nima uchun Rossiya qo‘mondonligi qo‘shinlarni samarali to‘plashda muvaffaqiyatsizlikka uchradi? Uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, ehtiyot qismlarni yetkazib berish, ta’minot bilan bog‘liq muammolar tufayli. Agar Izyum yaqinida tashlab ketilgan tanklar o‘z vaqtida qarshi hujum hududiga yetib borganida edi, voqealar oqibati boshqacha bo‘lishi, Kupyansk ham Rossiya nazorati ostida qolishi mumkin edi.

Menimcha, Rossiya qurolli kuchlarida tanklar uchun ehtiyot qismlar yetishmayapti. Ular yarim yildan beri frontda. Tanklarni soz holda ushlab turish uchun boshqalari ehtiyot qismlarga bo‘laklanayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Ukraina qurolli kuchlarining hujumini Milliy gvardiya qismlari va rezervchilar qarshi olishdi, albatta, G‘arbiy harbiy okrug kuchlari ko‘magida. Ammo hujumni qaytarish birinchi navbatda Milliy gvardiya gardaniga tushdi. Masalan, bir oy oldin, frontning bu qismi yaxshiroq himoyalangan edi. Ammo Ukraina qurolli kuchlari Xerson yo‘nalishiga e’tibor qaratishi haqidagi bir necha bayonotlardan so‘ng, Sharqiy harbiy okrug askarlari janubga, Xersonga ko‘chirildi.

Mik Rayan, harbiy ekspert, Avstraliya armiyasining iste’fodagi general-mayori: Albatta, mintaqada biror narsa tayyorlanayotganining alomatlari bor edi va harbiy blogerlar bu haqda xabar berishdi. Ammo Rossiya harbiy qo‘mondonligi uchun vaziyat unchalik aniq ko‘rinmagan shekilli.

Tarixda generallar odamlarning ogohlantirishlariga e’tibor bermagani uchun harbiy «syurprizlar» sodir bo‘lganiga misollar ko‘p. Jurnalist Kornelius Rayan tomonidan «A Bridge Too Far» kitobida tasvirlangan «Niderlandiya operatsiyasi» bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Rossiyaning bu tahdidga javob berishga kuchi yetarli bo‘lgani yoki yo‘qligi ham tushunarsiz. Janubda juda ko‘p qismlar to‘plangandi, ammo Ukraina katta davlat va janubdan sharqqa ko‘chish vaqt talab etardi.

Rossiya armiyasida umuman zaxira qoldimi? Agar qolgan bo‘lsa, ular qayerda? Rossiya qo‘mondonligi o‘z hujumini tayyorlayotgan bo‘lishi mumkinmi?

Henri Shlottman: Buni aytish qiyin. Rossiya hududlarida, albatta, «ko‘ngillilar» batalonlari tuzilmoqda, ammo quruqlikdagi harbiy qismlarda zaxiralar oz qolgan.

Mik Rayan: Nazariy jihatdan zaxiralar qolgan bo‘lishi kerak. Ko‘ngillilardan iborat «Uchinchi armiya korpusi» haqiqatan ham tuzildi va uning ba’zi qismlari Ukrainaning sharqi va shimoli-sharqiga yuborilgan bo‘lishi mumkin.

Pavel Luzin: Rossiya armiyasi o‘zining hujumiga tayyor emas edi. Iyul oyiga kelib, u hujum qilish qobiliyatini yo‘qotdi. Ular ba’zi joylarda hujumga o‘xshash harakatlarni qilishga muvaffaq bo‘lishdi, ammo endi keng ko‘lamli hujumni amalga oshirish imkonsiz edi.

Zaxira yo‘q. Rossiya qurolli kuchlari endi dengizchilarni qurollantirmoqda: ularni flotdan olib, kamuflyaj forma kiydirib, qo‘liga avtomat berishmoqda, matroslar moto-o‘qchilar va tankchilarga aylanmoqda.

Qo‘riqlash batalonlari ham qurollantirilmoqda: ular yaxshi jismoniy va taktik tayyorgarlikka ega, ammo hujum operatsiyalari uchun yaroqsiz. Ularning o‘z vazifalari bor: juda muhim obektlarni himoya qilish, harbiy kolonnalarni kuzatib borish, diversiyaga qarshi choralarni ko‘rish. Lekin xandaqlarda yotish va muntazam armiya bilan urushda qatnashish – ularning vazifasi emas.

Yangi otryadlar va hatto qismlar to‘lig‘icha «ko‘ngillilar»dan tashkil qilinayotganiga qanday qaraysiz? Nega Rossiya qo‘mondonligi mavjud qismlarni «ko‘ngillilar» bilan to‘ldirmayapti?

Henri Shlottman: Javobni bilmayman, bu o‘zim uchun ham qiziq. Amerika armiyasi boshqacha yondashuvga ega: masalan, Vetnam urushi yoki Ikkinchi jahon urushi paytida yangi kelganlar mavjud qismlarga yuborilgan. Ular faxriylardan tajriba o‘rganish imkoniga ega bo‘lgan.

Ehtimol Ukrainadagi harbiy qismlar juda holdan toygan va sillasi qurigan bo‘lishi mumkin. Rus qo‘mondonligi esa shunchaki: «Mayli, yangi qismlarni tuzamiz» deb qaror qilgandir?

Mik Rayan: Tajribali ofitserlar yangi kelganlarni faqat frontdan tashqarida tayyorlashi mumkin. Ularga ham jang qilish, ham yangi kelganlarni tayyorlashni topshirish imkonsiz.

Pavel Luzin: Bilasizmi, bu «ko‘ngillilar» qancha? Atigi bir necha ming kishi, xolos. Aslida, «ko‘ngillilar zaxirasi» yo‘q, bu byurokratiya imitatsiyasi, mintaqalar Moskvaning siyosiy buyurtmasiga shunday javob berishmoqda.

Ular e’lonlarni osib qo‘yishadi: «Yigitlar, ishga qabul qilamiz! 60 yoshgacha bo‘lganlarni, tajriba muhim emas!»

Chorig‘ini zo‘rg‘a sudrab yurgan 150 nafar erkakni yig‘ib, jo‘natishadi. Ularning yarmi jangovar harakatlarning dastlabki ikki haftasida qochib qolishadi – o‘z xohishi bilan yoki «surunkali kasalligi kuchaygani» sababli uyga qaytishadi. Qolgan yarmi frontda nobud bo‘ladi.

Ular mavjud qismlarni qanday to‘ldirishi mumkin? Mavjud qismlar Ukrainada, ular ham jang qilib, ham yangi kelganlarni tayyorlay olmaydi. Bundan tashqari, ofitserlar «ijtimoiy chiqindilar» bilan ishlashga tayyor emas. Rossiya armiyasi Ermitaj ixlosmandlaridan tuzilmagani aniq,  «ko‘ngillilar» esa bundan ham badtar. Ular tubanlikka yuz tutgan odamlar. Shu sababli alohida otryadlarga yig‘iladi. [Tajribali ofitserlardan] kim ularni boshqarishni istaydi?

Rossiyada umumiy safarbarlik baribir e’lon qilinmadi, endi qo‘shinlar soni bo‘yicha ular Ukrainanikidan ko‘p marta orqada. Rossiya armiyasining Izyum yaqinidagi mag‘lubiyatining asosiy sababi shumi?

Pavel Luzin: Hozirgi mag‘lubiyatning asosiy sababi – Rossiya rasmiylarining ahmoqligi. Ahmoqligi va psixopatligi. Chunki ular hech bir armiya bajara olmaydigan maqsadni qo‘ydilar. Bundan tashqari, Rossiya hukumatining avtoritarizmi kallasini ishlata oladigan ofitserlarga yo‘l bermaydi. Shu bilan birga kuchli ishtiyoq va tayyorgarlikka ega Ukraina armiyasi ularga qarshi jang qilmoqda. Ular nima uchun kurashayotganini aniq biladi.

Ammo Rossiyada safarbarlik armiyasi bir necha o‘n yillikdan buyon barham topgan. Zaxiradagilar bilan muntazam ishlash jarayoni 1970-yillarda to‘xtatilgan: texnika va taktika shu qadar murakkablashdiki, zaxiradagilar bilan ishlash shunchaki maqsadga muvofiq bo‘lmay qoldi. Har zamonda iste’fodagi askarlar va harbiy kafedra bitiruvchilarini poligonga yig‘ib, nimadir o‘rgatishga urinish befoyda ishga aylandi.

Sovet generallari armiya professional va shartnomaviy bo‘lishi kerakligini o‘sha paytda hali tushunmas edi. Ular muntazam armiyaga bor e’tiborni qaratib, zaxira bilan ishlashdan voz kechib yuborishdi.

Sobiq mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukovning 2009-2012 yillardagi islohoti oqibatida safarbarlik armiyasi institutlari tarqatib yuborildi. Zaxiradagilarning muntazam yig‘inlari bekor qilindi, oqibatda harbiy xizmatni o‘tagan odamlar 3-4 yil ichida mahoratini yo‘qotar edi. Yashash joyida harbiy hisobga olish mexanizmi ham hozir ishlamay qo‘ygan: u faqat dastlabki ro‘yxatga olish uchun qo‘llanyapti. Agar kimdir xizmatni o‘tab, zaxiraga olinganidan keyin boshqa joyga ko‘chib ketsa tamom, u armiya uchun yo‘qotilgan hisoblanadi.

Bu masalaning texnik jihati, lekin siyosiy jihati ham bor: safarbarlik e’lon qilinganda, hokimiyat generallarga topshiriladi. Kreml esa generallarga ishonmaydi. Ular, albatta, safarbarlik e’lon qilishga urinib ko‘rishi mumkin – lekin bu ularning oxirgi ishi bo‘ladi. Iqtisodiyotda ham, jamiyatda ham butkul tanazzul yuzaga keladi.

Safarbarlikning faqat ikkita turi mavjud. Birinchisi vatanparvarlikka asoslangan safarbarlik – Fransiya inqilobi, Amerika fuqarolar urushi yoki hozirgi Ukrainadagi kabi – vatan xavf ostida qolganda va odamlar o‘z hukumatiga ishonganida.

Ikkinchisi zo‘ravonlik safarbarligi – Vladimir Lenin, Lev Trotskiy, Iosif Stalin, Mao Tszedun, Xo Shi Min, Pol Pot tomonidan amalga oshirilgan.

Qolaversa, zo‘ravonlik bilan faqat dehqonlarni safarbar qilish mumkin: qishloqqa qurolli komissar va ikki askar keladi. Ular barcha erkaklarni saflab «Yo biz bilan ketasizlar, yo har o‘ndan biringizni otib tashlaymiz», deyishadi. Dehqonlar juldur kiyimlarda, ochlik va azob-uqubatlarda boshqa viloyatga borishadi. Yo‘lda ichib, mast bo‘lishadi. Ularda «Stokholm sindromi» shakllanadi. Boshqa viloyatga yetib borishganida, qo‘llariga qurol beriladi. «Hov anavilarni o‘ldiringlar» deyiladi. Zo‘ravonlik usulida tuzilgan armiya shunday bo‘ladi.

Zo‘ravon safarbarlik uchun qishloq kerak, ammo hozir Rossiyada qishloqlar yo‘q. Qanday qilib Yekaterinburgda, Permda, Novosibirskda majburan safarbar qilasiz? Ko‘chada erkaklarni quvib, ushlab, bir joyga to‘playsizmi? Bunday «erkak yig‘uvchilar»ni pichoqdan o‘tkazishadi, tamom vassalom.

Mik Rayan: Ukrainaliklar hozir vatani uchun kurashmoqda, mamlakat qurolli kuchlari esa 2014 yildan buyon jiddiy islohotlarni amalga oshirdi. Rus askarlari, aksincha, zarur tayyorgarliksiz frontga jo‘natildi, hatto mashg‘ulotlarga ketyapmiz deb o‘ylashdi.

Henri Shlottman: Aynan dushman qo‘shinlari sonidagi farq sababli Rossiya urushda yutqazishi mumkin. Ammo so‘nggi mag‘lubiyat, aksincha, harbiy razvedka va ta’minotdagi muvaffaqiyatsizlikning oqibatlari. Menimcha, Ukraina qurolli kuchlari bu yerda son jihatdan ustun emasdi. Shunchaki, Rossiya kuchlari ukrainaliklarni to‘xtatish uchun joyni to‘g‘ri tanlamadi.

Nima uchun Rossiya armiyasi butun yoz davomida ega bo‘lgan tashabbusni yo‘qotdi?

Pavel Luzin: Iste’fodagi general Leonid Ivashov va iste’fodagi polkovnik Mixail Xodarenok urushdan oldin yozganidek, rus armiyasining bu urushda g‘alaba qozonish imkoniyati yo‘q edi. Shunday ekan, rus armiyasi tashabbusni qachon yo‘qotganining nima farqi bor?

Henri Shlotman: Albatta ta’minot bilan bog‘liq muammolar tufayli. Shuningdek, «sillani qurituvchi urush» taktikasi ham o‘z so‘zini aytdi: qismlar odamlar va texnikani yo‘qotishda davom etmoqda va endi hujumga o‘ta olmaydi.

Mik Rayan: Birinchidan, ukrainaliklar o‘ziga xos usulda kurashish yo‘lini tanlashdi. Ular Rossiya o‘z harbiy tarixining so‘nggi 100 yilida o‘rganib qolgan «sillani qurituvchi urush» usulidan voz kechishdi. Ukrainaliklar raqibning zaif joylariga hujum qilishdi, orqa tomonga o‘tib, ta’minot kanallarini kesib tashlashdi. Rossiya armiyasining ruhiy holatini buzishdi. Hozirda rossiyaliklar bunga javoban hech narsaga qodir emasdek tuyulmoqda.

Rossiya armiyasi o‘z doktrinasiga muvofiq jang qila olmagani rostmi?

Pavel Luzin: Ha, Rossiya o‘z doktrinasiga muvofiq jang qila olmadi, chunki u qo‘shni davlatlarni yo‘q qilish va genotsidni nazarda tutmagan. U faqat mudofaa xarakteridagi qisqa muddatli operatsiyalarda (koalitsiyalar va xalqaro kuchlar tarkibida) yoki Rossiya chegaralaridan uzoqda bo‘lgan hujum operatsiyalarida ishtirok etishni ko‘zlagan.

Henri Shlotman: Menimcha, muammo Rossiya harbiy doktrinasida emas – AQSh albatta, uni faol o‘rganmoqda. U artilleriya va razvedkaga tayanadi, lekin ulardan biri to‘g‘ri ishlamay qolsa (masalan, razvedka artilleriyani dushman nishonlari haqida o‘z vaqtida va aniq ma’lumot bilan ta’minlamasa) hamma narsa izdan chiqadi. Hozirda rus artilleriyasi, o‘zining harbiy qudratiga qaramay, ukrainaliklarga hal qiluvchi zarar yetkaza olmayapti.

Mik Rayan: Darhaqiqat, rossiyaliklar negadir o‘z doktrinasidan chetlashishga qaror qilishdi. Ular urushning bir necha kun ichida yakunlanishini, ukrainaliklar esa gullar bilan peshvoz chiqishini kutishgan edi. Rossiya armiyasi aynan shunday ssenariyga ishondi.

Rossiya qurolli kuchlari uzoq muddatli urushga emas, balki Kiyev tomon g‘alabali yurish qilishga tayyorlandi. Shu sababli, ta’minot ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan, artilleriya to‘liq tayyor bo‘lmagan va radioelektron kurash vositalari to‘liq ishga tushirilmagan sharoitda urush boshlandi.

Rossiya armiyasining tashkilotchilik va urushni olib borish usullaridagi asosiy zaif tomonlari nimada?

Mik Rayan: Rossiya armiyasi o‘z artilleriyasi qudratiga haddan ortiq ishonmoqda, go‘yo bu g‘alaba qozonishning yagona yo‘li sifatida ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, yaxshi qo‘mondonlik odatda o‘z askarlarining hayotini saqlab qolishga harakat qiladi. Rossiya armiyasi qo‘mondonlari esa o‘zgacha yo‘l tutmoqda.

Pavel Luzin: Asosiy zaiflik – bu avtoritar davlat va nobozor iqtisodiyoti. Shuningdek, odamxo‘rlik maqsadlarini qo‘ygan rahbarlarning aqlsizligi.

Henri Shlottman: Taktik va operatsion moslashuvchanlik yo‘qligi. Rossiyaliklar Ukraina qurolli kuchlarining harakatlariga o‘z vaqtida javob bera olishmadi. Bosh shtab vaziyatni tushungan bo‘lishi mumkin – ammo qo‘mondonlik buyruqlari pastga, qism va brigada komandirlariga juda sekin uzatilgan bo‘lishi mumkin. Ukrainaning tezkor hujumi paytida bu muammoga aylandi. Agar hech narsa o‘zgarmasa, rossiyaliklar bu urushda asta-sekin mag‘lub bo‘lishadi.

Mavzuga oid