O‘zbekiston | 19:15 / 23.09.2022
14002
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston va Xitoy merosi» ekspozitsiyasi hamda «Diniy bag‘rikenglik» muzeyiga fotosayohat

Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti doirasida «Buyuk ipak yo‘li: O‘zbekiston va Xitoyning oltin merosi» nomli ekspozitsiya hamda «Xalqlar do‘stligi va diniy bag‘rikenglik» muzeyi ochildi. Kun.uz muxbirlari ushbu madaniy obektlardan fotoreportaj taqdim qiladi.

O‘zbekiston va Xitoyning tarixiy aloqalariga doir muzey ekspozitsiyasi joylashgan binoning tarixi juda qiziq. 1899 yil Samarqanddagi Abramov xiyobonida qurilgan ushbu bino Rossiya - Xitoy bankining filiali bo‘lgan. Samarqand uchun yangilik bo‘lgan oppoq bino Yevropa klassik arxitekturasiga asoslangan uslubda qurilgan edi.

Binoga kirish qismini Xitoyning himoya timsoli bo‘lgan sherga o‘xshash ikkita «Fu» itlarining haykalchalari bezab turadi.

Bank 1909 yil oxirida tugatilib, boshqa bankka birlashib ketadi. Bolsheviklar to‘ntarishidan so‘ng u ham faoliyatini tugatadi. SSSR davridan boshlab turli ijtimoiy vazifalarni bajargan bino 2000 yildan Samarqand davlat universiteti ixtiyoriga o‘tgan.

Ayni vaqtda bu binoda hukumat qaroriga muvofiq, Samarqandda ShHT Sammitini o‘tkazish doirasida mehmonlar uchun ko‘rgazma tashkil qilingan.

Muzey ekspozitsiyasi O‘zbekistonning qadimiy shaharlari bilan ipakning asl vatani bo‘lgan Xitoy o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga asosiy e’tibor qaratilgan.

Ekspozitsiyaning boshlanishi «Xush kelibsiz zali» deb atalib, zalga kirishingiz bilan Xitoy faylasufi Konfutsiy va o‘zbek mutafakkir shoiri Alisher Navoiyning hikmatlariga guvoh bo‘lish mumkin.

Konfutsiy: Uch narsa hech qachon qaytib kelmaydi: vaqt, so‘z, imkoniyat. Shuning uchun vaqtni boy bermang, so‘zlarni tanlab ishlating, imkoniyatni sira boy bermang. Uch yo‘l ilmga yetaklaydi: tafakkur yo‘li – eng ezgu yo‘l, taqlid yo‘li – eng oson yo‘l, tajriba yo‘li – eng achchiq yo‘ldir.

Alisher Navoiy: "Odami ersang demagil odami, Onikim yo‘qdir xalq g‘amidan g‘ami".

Shuningdek, bu yerda turli tarixiy davrlarda Xitoy chinnisi ta’sirida yaratilgan o‘zbek kulolchilik mahsulotlari ham bor.

Ko‘rgazmaning markaziy ekspozitsiyasi Xitoyda unumdorlik va boylik ramzi bo‘lgan tut daraxtidan iborat. Bu yerda ipakning kelib chiqishi haqidagi afsona va pilla tarixi bilan tanishish mumkin.

Ekspozitsiyaning yana bir muhim qismi — Samarqandga ketayotgan qayiqda xitoylik malikaning tasviri asos qilib olingan namoyish hisoblanadi. Bu kompozitsiya VII asrga oid bo‘lib, xizmatkor va soqchilar hamrohligida qayiqda suzib ketayotgan xitoylik malika tasvirlangan.

Ushbu manzara Afrosiyob devoriy surati parchasining nusxasi hisoblanadi.

Samarqand shahrida tashkil etilgan yana bir muzey «Xalqlar do‘stligi va diniy bag‘rikenglik» muzeyi esa ko‘p millatli xalqning qadriyatga aylangan fazilatlarini namoyish qiladi.

Ekspozitsiya markazida «Do‘stlik» ordeni ramzi joylashtirilgan. Muzeyda shuningdek, O‘zbekistondagi milliy-madaniy markazlar faoliyati hamda turli millatlar qadriyatlari aks etgan atributlar mavjud.

Muzeyda urush yillarida turli millatlarga mansub 14 nafar bolani asrab olgan toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan haykal ham mavjud.

Rasmlar muallifi:
Farrux Absattarov va Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid