O‘zbekiston | 09:44 / 24.09.2022
72623
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Namozov vafot etdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xonanda Ravshan Namozov hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda xonanda Mohira Asadova ma’lum qildi

Ravshan Namozov

Xonandaning o‘limiga nima sabab bo‘lgani ma’lum qilinmagan. Shu yil boshida o‘zbek san’atkorlari ijtimoiy tarmoqlarda Ravshan Namozovning gematologiya shifoxonasida davolanayotgani, unga shoshilinch qon kerakligi, salomatligi jiddiy xavf ostida ekani haqida post qoldirgandi.

O‘shanda xonandaning singlisi Malika Namozova Daryo nashri bilan suhbatda Ravshan Namozov 7 yildan buyon 2-darajadagi xafaqon xastaligi bilan kurashib kelayotganini ma’lum qilgandi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Namozov 1961 yilning 10 iyulida Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida tug‘ilgan. 

U Termiz musiqa bilim yurtini tamomlab, otasi — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurahmon Namozov va Shokir Mahmudovlardan saboq olgan.

Xonanda o‘z faoliyatini 1989 yili tashkil etilgan «Qars» guruhida boshlagan. 1991 yildan buyon yakkaxon ijod qilgan xonanda 1993 yili O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.

Ravshan Namozov zamonaviy surxon qo‘shiqlari bilan tinglovchilarga yaxshi tanish. Uning «Chipradalli», «Kovushim», «Yor-yor yoron-ey», «Biyo-biyo», «Xayol» kabi qo‘shiqlari san’at muxlislari ko‘nglidan joy olgan.

Mavzuga oid