Jahon | 21:55 / 26.09.2022
36409
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Snoudenga Rossiya fuqaroligini berdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Amerika maxsus xizmatlarining kuzatuv dasturi haqidagi ma’lumotlarni ochiqlaganidan keyin 10 yildan oshiq vaqt mobaynida Rossiyada yashab kelayotgan amerikalik Edvard Snoudenni fuqarollikka qabul qilish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.

Foto: EPA-EFE/MIGUEL A. LOPES

Putinning 26 sentabr kuni e’lon qilingan farmonida u tomonidan Rossiya fuqaroligi berilgan 72 kishining familiyasi ko‘rsatilgan, ular orasida Snouden ham bor. Kreml unga fuqarolik taqdim etilgani bo‘yicha alohida sharh bermagan.

Milliy xavfsizlik agentligi hamda Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Edvard Snouden 2020 yil noyabridayoq Rossiya fuqaroligi uchun ariza bergandi. O‘shanda u rafiqasi Lindsi Mills bilan farzand kutayotgandi. Snouden rafiqasi bilan baribir «amerikalik bo‘lib qolishi»ni va o‘g‘lini ham o‘zlari yoqtirgan Amerikaning barcha qadriyatlari asosida (xususan, fikrini erkin ifoda etish erkinligi kabi) tarbiyalashini qayd etgandi. 

Edvard Snouden 2013 yil iyunidan buyon Rossiyada yashab keladi. 2014 yil avgustida u uch yil muddatga yashash uchun guvohnoma olgandi, 2017 yilda uning muddati uzaytirilgan. 2021 yil oktyabr oyi oxirida Snouden uchun Rossiyada yashash guvohnomasi muddatsiz qilib uzaytirib berilgan. Uning yashash manzili xavfsizlik maqsadlarida sir tutiladi. 

Snouden 2013 yilda Washington Post va Guardian gazetalari jurnalistlariga Milliy xavfsizlik agentligining elektron kuzatuv uslublari haqida ma’lumot berib, amerikalik fuqarolarni kuzatib borish dasturiga oid hujjatlarni topshirgandi. Keyin u Hongkongga uchib ketgan, u yerdan Moskvaga yo‘l olgan. Moskvadagi Sheremetevo aeroportida u bir oydan oshiq vaqt davomida tranzit hududida yashagan.

AQShda unga josuslik va davlat mulkini o‘g‘irlash bo‘yicha sirtdan ayblov e’lon qilingan. Unga maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun 30 yillik qamoq jazosi tahdid soladi.

CBS kanaliga bergan intervyusida Snouden vataniga qaytishni xohlashi, ammo bu faqatgina sudda o‘z himoyasini jamoat manfaatlarini ko‘zlab harakat qilgani asosida qurishga ruxsat berilsagina ro‘y berishi mumkinligini aytgan.

Snoudenga fuqarolik berish to‘g‘risidagi qaror Rossiyaning Ukrainaga qurolli bosqini va bu G‘arbning barcha davlatlari tomonidan qoralanishi hamda Moskva xalqaro maydonda yakkalanib qolishi fonida qabul qilindi.

21 sentabr kuni Putin Rossiya fuqarolarini qisman safarbar etish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.

Uning advokati Anatoliy Kucheren «Interfaks» so‘roviga javoban, Snouden safarbarlik doirasida armiyaga jalb etilmasligini ma’lum qildi. «Edvard Rossiya armiyasida xizmat qilmagani, harbiy xizmatda amaliyot va tajribaga ega emasligi tufayli safarbarlik doirasida chaqirilmaydi», degan u.

Rossiya fuqaroligini qabul qilish jarayoni nega bu qadar cho‘zilib ketgani haqidagi savolga javoban advokat shunday degan: «U Rossiya Federatsiyasining fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchiligining barcha shartlarini bajarib, umumiy asosda fuqarolik qabul qildi».

Mavzuga oid