Jahon | 13:02 / 26.09.2022
9243
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda yanvar voqealari qatnashchilarini amnistiya qilish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi mamlakatda yanvar oyida sodir bo‘lgan tartibsizliklar ishtirokchilarini amnistiya qilish bo‘yicha qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjat «Ochiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar» maydonchasiga joylashtirilgan.

Foto: AP Photo / Sergei Grits

Idora hujjatni ishlab chiqish uchun asos sifatida Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning yanvar voqealari qatnashchilari uchun bir martalik amnistiya o‘tkazish bo‘yicha berilgan topshirig‘ini keltirmoqda, deb yozadi Ekspress K.

Hujjatga ko‘ra, jinoiy xatti-harakatlar, shuningdek katta bo‘lmagan va o‘rta og‘irlikdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni to‘liq jinoiy javobgarlikdan ozod qilish nazarda tutilmoqda. Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslarga esa jazo muddati qisqartiriladi, — deyiladi QR Bosh prokuraturasi taklifida.

Qonun loyihasi davlatga xoinlik, ommaviy tartibsizliklar tashkil etish, korrupsion jinoyatlar, terrorchilik va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar, qiynoqlar bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etgan shaxslarga, shuningdek, jinoyatlarning retsidivi va xavfli retsidivi uchun jazo belgilangan jinoyatlarga tatbiq etilmaydi.

QR Bosh prokuraturasining yana xabar qilishicha, yanvar voqealari bo‘yicha 391 ta (amnistiyaga tushadigan) jinoyat ishlari soni sudgacha tergov organlarida ushlab turilibdi. Ularga ko‘ra, 383 nafar gumonlanuvchilar va ayblanuvchilar o‘tmoqda. Ularning 153 nafari yashash joyini tark etmaslik to‘g‘risida tilxat bergan, 147 kishi hibsga olingan, 24 kishi uy qamog‘iga hukm qilingan, 19 kishi garov evaziga ozod qilingan, 2 kishi shaxsiy kafillik bilan ozod qilingan. 28 kishiga ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan va 10 kishiga qidiruv e’lon qilingan.

Sud jarayonida 102 kishiga taalluqli 36 ta jinoyat ishi ko‘rilmoqda. 1035 kishi sud hukmi o‘qilgan. Ularning 93 nafari ozodlikdan mahrum etish joylarida jazo o‘tamoqda, 930 kishi probatsiya ostida, 3 kishiga jarima qo‘llanilgan, jamoat ishlariga 9 kishi jalb qilingan. Hech kim axloq tuzatish ishlariga jalb qilinmagan.

Avvalroq Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston xalqiga qilgan murojaatnomasida yanvar voqealari ishtirokchilariga amnistiya qo‘llanilishini e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid