Jahon | 19:11 / 05.10.2022
33455
6 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Ukraina armiyasi bir hafta ichida ikkinchi jiddiy yutuqqa erishdi

Rossiya qo‘shinlari Xerson oblasti shimolini to‘liq tark etgan.

Visokopilyada Ukraina bayrog‘i. Foto: Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA

Ukraina harbiylari Xerson oblastida Ingulets daryosi bo‘yidagi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Davidov Brod qishlog‘ini ozod etdi. Bu yerda bir necha oydan buyon rossiyaliklarning mazkur hududdagi asosiy istehkomi joylashgandi. Mazkur muhim posyolka uchun ikki oy qaqshatqich janglar olib borildi, ammo 4 oktyabr kuni Igor Strelkovning ta’biri bilan aytganda Rossiya armiyasi «yuzaga kelayotgan qurshov xavfi tufayli» bu punktni tashlab chiqdi. Rossiya kuchlari atrofda joylashgan boshqa ko‘plab qishloqlarni ham tark etgan. WarGonzo loyihasi asoschisi Semyon Pegovning yozishicha, Ukraina armiyasi «frontda jiddiy yorib o‘tishga erishgan» va Ingulets daryosining chap sohilidagi yo‘llar ustidan «to‘liq nazorat o‘rnatgan».

4 oktyabr kuni Ukraina qurolli kuchlarining 35-alohida dengiz piyodalari brigadasi jangchilari Davidov Brod posyolkasida ukrain bayrog‘i o‘rnatilayotgani aks etgan videoni namoyish etishdi. Ukraina quruqlik qo‘shinlarining «Janub» operativ qo‘mondonligi Davidov Broddan tashqari yana yettita aholi yashash manzili ozod etilganini tasdiqladi: bular Lyubimovka, Belyayevka, Ukrainka, Velikaya Aleksandrovka, Malaya Aleksandrovka, Kreshchenovka hamda Zolotaya Balka. Ro‘yxatdagi so‘nggi ikki qishloq qaytarib olingani haqida 1 oktyabr kuniyoq ma’lum bo‘lgandi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu «hali to‘liq ro‘yxat emasligi»ni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «shu haftaning o‘zida» Xarkiv, Luhansk va Donetsk oblastlarida o‘nlab aholi yashash manzillari ozod etilgan. Prezident Ukraina armiyasi mamlakat janubida «yetarlicha tezkorlik va kuch bilan harakatlanayotgani»ni qayd etdi.

Rossiya armiyasi Xerson oblasti shimolini butunlay tashlab chiqqan. Ukraina qurolli kuchlari katta ehtimol bilan Dnepr daryosi sohilidagi Dudchani posyolkasini ham egallashgan, bu yo‘nalishda Dnepropetrovsk oblastidan Xersonga yorib kirilgan. Shu bilan birga rossiyalik harbiy muxbir Yuriy Kotenok 4 oktyabr kuni kechqurun Rossiya kuchlari qishloqning shimoliy qismini tashlab chiqishgani va Xersonni Zaporijjya bilan bog‘lovchi trassadagi ko‘prik portlatilgani, rossiyaliklar endi Dudchanining janubiy qismida o‘rnashganini xabar qilgan. Ayni vaqtda Xerson oblastida bo‘lib turgan yana bir «voyenkor» Roman Saponkov esa Ukraina qurolli kuchlari Dudchanini egallashgani, Rossiya bo‘linmalari hududni tark etishganini ma’lum qildi (5 oktyabr kuni kechga kelib ham rossiyaparast telegram-kanallar bu ma’lumotni rad etishmagan).

Rossiya qo‘shinlari so‘nggi kunlarda Dnepr daryosining g‘arbiy sohilidagi platsdarmning qariyb uchdan bir qismini tashlab chiqishgan. Rossiyaparast telegram-kanal «Rybar»ning yozishicha, Rossiya armiyasining mudofaa chizig‘i endilikda Kostromka (bu Davidov Broddan 14 kilometr masofada) — Milovoye (Dudchanidan 18 kilometr  masofada) bo‘ylab o‘tmoqda, Ukraina armiyasining keyingi nishoni esa Berislav va Nova Kaxovka bo‘lishi mumkin.

Xerson oblastining Rossiya tomonidan annexia qilingan qismi rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov RIA Novosti bilan suhbatda hududdagi rossiyalik harbiylar javob zarbasi berish uchun qayta guruhlanayotgani haqida aytgan. «Voyenkor» Yuriy Kotenokning yozishicha, Rossiya qo‘shinlari «uyushgan holda chekingan» va «bu qochish bo‘lmagan». Uning so‘zlariga ko‘ra, Xerson yo‘nalishi qo‘mondoni «kuch yetishmovchiligi tufayli» front chizig‘ini «qisqartirish»ga buyruq bergan.

«Komsomolskaya pravda» muxbiri Aleksandr Kotsning hisoblashicha, frontning ko‘plab uchastkalarida «katta hududlarni ozod etish uchun uzoq davom etgan yurishlardan keyin charchoq paydo bo‘lgan». «Ularni tutib turish uchun esa kuch qolmadi», — degan Kots.

4 oktyabr kuni RF mudofaa vazirligi Rossiya armiyasi bir kun ichida Xerson oblastida 30 kilometr janubga chekingani aks etgan xaritani namoyish etdi. Xarita vazirlikning kunlik brifingi chog‘ida namoyish etilgan, unga «Agenstvo» nashri e’tibor qaratgan. Xaritada Rossiya armiya nazoratidagi hudud chegarasi Davidov Brod va Dudchanining janubiy qismlari bo‘ylab o‘tgan. RF mudofaa vazirligining bir kun oldin namoyish etgan xaritasida Davidov Brod, Dobryanka va Zolotaya Balka Rossiya armiyasi nazoratidagi hudud ichida aks etgandi.

RF mudofaa vazirligi Xarkiv oblasti bo‘yicha xaritani ham namoyish etgan. 3 oktyabr kungi materiallar bilan taqqoslansa, Xarkiv oblastida Dvurechnoye posyolkasidan shimoli-sharqdagi hududlargina Rossiya nazorati ostida qolganini ko‘rish mumkin. Bir kun oldin vazirlik oblastning Oskol daryosidan sharqdagi barcha hududlari rossiyalik harbiylar nazoratida ekanini ma’lum qilgandi.

Rossiya bir hafta ichida — Donetsk oblastida Limandan, Xarkiv oblasti sharqidan va Xerson oblasti shimolidan chekingach — to‘rt ming kvadrat kilometrdan ortiq hudud ustidan nazoratni boy bergan.

Mavzuga oid