O‘zbekiston | 21:29 / 05.10.2022
54532
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbeklar nega Rossiya kanallari ta’sirida qolmoqda? Faollar bilan suhbat

O‘zbekistonning sovet ittifoqi tarkibidan ajralib chiqib, mustaqil davlat bo‘lganiga 31 yil to‘ldi. Lekin shuncha vaqt o‘tib ham, ko‘plab vatandoshlarning o‘zaro suhbatlarida, so‘rovnomalarda va ularning dunyodagi voqea hodisalarga nisbatan fikri olinganda, afsuski, mustaqillik hali xalqimizning ongiga to‘la ko‘chmagani, fikrlashida ro‘y bermayotganini ko‘ryapmiz.

Xo‘sh, o‘tgan 31 yilda MDHda biz bilan bir vaqtda mustaqil bo‘lgan ko‘plab davlatlar vatandoshlari qanday qilib fikr, ong mustaqilligiga erishdi-yu, nega bu yillar biz uchun yetarli bo‘lmadi?

Nega odamlarimizdan hamon bizni falonchi davlat boqyapti, iqtisodimiz, siyosatimiz, madaniyatimiz, taqdirimiz falonchaning qo‘lida, u bo‘lmasa kun ko‘rolmaymiz, degan fikrlarni eshityapmiz?

Kun.uz ayni og‘riqli masala atrofida suhbat tashkil qildi. Suhbatdoshlarimiz – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov, filologiya fanlari doktori, media tadqiqotchi Beruniy Alimov, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov va jurnalist, bloger Muhrim A’zamxo‘jayev bo‘ldi.

Kun.uz:

O‘tgan 31 yilda O‘zbekistonda yuritilgan siyosatda qanday xatolarga yo‘l qo‘yildiki, mustaqillik, erk tushunchasi o‘zbekistonliklar ongiga to‘la ko‘chmadi? Bu borada bizni fikriy inqirozga eltgan sabablar nimalar?

Alisher Qodirov:

Men bu masala haqida gapirganda “inqiroz” so‘zi ishlatilishiga qarshiman. Buni inqiroz emas, jarayon deya baholasak, to‘g‘riroq bo‘ladi.

Kamchiliklar to‘g‘ri e’tirof etilyapti. Ammo turli qatlamlarning erkin fikrlash darajasidagi mutanosiblik buzilgani va u biz xohlagan darajada shakllanmayotganini yaqin 30 yillik bilangina o‘lchash kerak emas. Bu uzoqroq davrlar bilan o‘lchanishi kerak bo‘lgan masala.

Bugun aholining turli qatlami uchun erkin fikrlashga sharoit yaratilgan bo‘lsa-yu, lekin erkin fikrlash shakllanmayotgan bo‘lsa, bu endi ko‘proq ijtimoiy, siyosiy masala sifatida qaralishi kerak.

Bu, shuningdek, ta’lim va tarbiya bilan bog‘liq, ildizi chuqurroqqa ketadigan masala sifatida qaralishi kerak.

Biz jiddiy jarohatlangan bir millatmiz. Chunki biz juda og‘ir bo‘lgan sovet propagandasi mashinasidan chiqqan xalqmiz.

Menimcha, insoniyat tarixida inson ongi bilan sovet davridagiday ko‘p ishlangan bir davr yo‘q. Bunda jumladan, erkin, tafakkur va ongga ega bo‘lmagan sovet insonini yaratish g‘oyaviy mashinasi bizning qadriyatlarimiz, madaniyatimizni chilparchin qilgan. Biz bugun shu jarayonning og‘riqlarini his qilyapmiz.

Alisher Qodirov

Bugun O‘zbekistonda yashayotgan oddiy bir inson dunyoda bo‘layotgan masalalarga to‘g‘ri baho berolmayotgan bo‘lsa, biz masalaning tarixiy asoslariga qarashimiz kerak. Shundagina masalaga to‘g‘ri baho berishimiz mumkin.

Bu holat o‘zgarmaydimi? O‘zgaradi. Bu masalada bugun ishlar olib borilyapti ham.

Bilasizmi, erkin fikrlash bu – ko‘nikma. Masalan, bizda kitob o‘qisang, odam bo‘lasan, degan targ‘ibot bor. Lekin kitob o‘qish bu pedagogik metodologiya asosida shakllanadigan jarayon. Ya’ni agar bolaga 7-8 yoshligida kitob o‘qish metodologiyasi o‘rgatilmagan bo‘lsa, u bu ko‘nikmasiz butun umr rohatlanib kitob o‘qiyolmaydi. Erkin fikrlash ham inson tabiatida bo‘lgan va shakllantirilishi kerak bo‘lgan jarayon, hodisa.

Ya’ni biz bolani oilada va bog‘chada erkin fikrga o‘rgatolmasak, 25 yoshida undan erkin fikrlashni talab qilishimiz noto‘g‘ri.

Hozir bu og‘riqni jamiyat his qilyapti va shu muammoni o‘zgartirish ustida ishlanmoqda. Dunyodagi muammolarga kam bo‘lsa-da, sekin-sekin reaksiya bildirilayotgani bizga umid beradi.

Muhrim A’zamxo‘jayev:

Muhrim A’zamxo‘jayev

Men xatolarimizni aytib beradigan darajada ekspert emasman va bu borada faqat o‘z fikrlarimni bildirishim mumkin. O‘zbekistonda erkin fikr bildirish sharoiti 2016 yildan boshlandi. Ungacha mamlakatda 2000 yillardan to 2016 yilga qadar erkin fikrni bo‘g‘adigan bir muhit qilindi. Shu sababli, odamlarda ham erkin, mustaqil fikrini bildirishdan qo‘rquv paydo bo‘ldi.

Shu kunlarda OAV tomonidan o‘zbekistonliklar orasida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush borasida o‘tkazilgan so‘rovnoma va uning natijalari ko‘p muhokama qilinyapti. Qarang, so‘rovnoma paytida odamlarimiz va ayniqsa, katta yoshlilar yovuzlik va ezgulikni yaqqol ajratish mumkin bo‘lgan vaziyatda yovuzlik tomonni tanlashyapti. Yoshlar esa o‘ta befarq, ularga urush bo‘lmasa bo‘ldi. Ularning jabrlanayotganlarga ham rahmi kelmayapti.

Bu, Alisher aka aytganidek, o‘tgan tuzumning odamlar ongi bilan kuchli ishlagani natijasi hisoblanadi. Aynan shuning uchun vatandoshlarimiz oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, xulosa chiqarolmayapti. Buni o‘z tanasida his qilolmayapti.

Tasavvur qiling, odamlarga juda oddiy misollar keltirilyapti. Ularga buni tushuntirish uchun, masalan, qo‘shning kutilmaganda sening hovlingning beshdan bir qismini egallab oldi-da, bu endi mening yerim, deyapti. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini mana shu holatdan farqi yo‘q, deyilmoqda. Ammo ular buning mazmunini his qilmayapti.

Shuningdek, masalaning iqtisodiy tomonlari ham bor. Masalan, yaqinda do‘stlarimizdan biri Samarqanddagi bir qishloq odamlaridan Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushda qanday pozitsiyada ekani haqida so‘ragan. Qishloq odamlari do‘stimizga “biz Ukraina tomonmiz”, deya javob bergan. Surishtirilsa, o‘sha qishloq odamlarining ko‘pchiligi Ukrainada ishlarkan. Ya’ni ular Ukrainaga bordi, ishladi va ko‘rdiki, bu mamlakatda natsistlar, fashistlar yo‘q. Shuningdek, ular Ukrainada topgan puli orqali oilasini ham boqyapti.

Hozir yoshlar orasida Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotganlarni ko‘rsangiz, ularning ko‘pchiligi Rossiyaga borib ishlagan, shuning orqasidan pul topgan, hovli qurgan, to‘y qilgan. Ya’ni buni o‘zbekona dunyoqarash deyish ham mumkin – “yegan og‘iz uyalar”. Bu qaysidir jihatdan mutelikka sabab bo‘ladigan dunyoqarash.

Ya’ni biz Rossiya tarafmiz deyotgan odamlarning dunyoqarashi O‘zbekistonning ichki muammolari oqibati. Bu odamlar o‘z vaqtida Rossiyaga borib ish topgan. Rossiyaparast odamlardagi bu dunyoqarash iqtisodiy sabablar bilan boshlangan.

Bu odamlarda faqat qorin g‘amini o‘ylash tashvishi borki, ular ikkinchi tarafni o‘ylab ham ko‘rmayapti.

Beruniy Alimov:

Beruniy Alimov

Nima bo‘lganda ham eng katta xatoni ichimizdan qidirishimiz kerak. Kechirasiz, 31 yil – tarix uchun juda katta muddat. Ayb o‘zimizda, ayb kattalarimizda, ayb kichiklarimizda. Ya’ni bizda avlodlar o‘rtasidagi kommunikatsiya uzilib qolgan. Biz bir-birimizga quloq solmaymiz.

Biz hatto so‘raydigan savollarimizni bir-birimizga berolmadik, javob qidirishga harakat qilmadik. Bizda, shuningdek, uzoq vaqt mana shunday davralarda o‘tirib, muammolar muhokama qilinmadi. Mamlakatda aql markazlari faoliyat ko‘rsatmadi. Buning oqibatida ayrim narsalarni bugun ham tushunmayapmiz. Ayniqsa yoshlarimizda sezilmoqda bu muammo.

Biz bu kabi savollarni mana endi oldimizga qo‘yyapmiz. Vaholanki, biz bu ishlarni ancha avval boshlashimiz kerak edi.

Masalan, mening katta akam ham o‘z vaqtida mustaqil bo‘lishimizni yoqlamagan edi. O‘tgan yillar davomida u o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi, turli lavozimlarda ishladi. Shu orqali farzandlarini Toshkentdagi eng nufuzli universitetlarda kontrakt to‘lovi asosida o‘qitdi. Bugunga kelib uning fikri butunlay o‘zgargan. Ya’ni biz odamlarning orasida gaplashmay qo‘ydik.

— Beruniy aka, o‘tgan vaqt davomida odamlarga fikrlashish, fikrini erkin aytish uchun qanchalik imkon berildi? Axir, uchta odam bir joyga yig‘ilsa, shundan ikkitasi uchinchi kishidan qo‘rqib turgani, shu davradagi gaplar turli idoralarga yetkazilgani ham haqiqat-ku. Ongli tarzda shunday siyosat qilindi-ku. Bugun bu haqda ham gapirishimiz kerak.

Kun.uz muhbiri Ilyos Safarov

Beruniy Alimov:

Bilasizmi, men haqiqiy senzura nima ekanini ko‘rgan odamman. Jurnalistikani 1990 yillardan boshlaganman va siz aytgan shaxslarga ham ishimiz tushgan. Lekin bugun ular yo‘q. Ammo hali ham jurnalistikamiz gullab-yashnab ketmayapti. Hali ham ko‘p narsani ochiq gapirishga yuragimiz dov bermayapti.

Kamoliddin Rabbimov:

Men O‘zbekistondagi birinchi ma’muriyat davriga doim tanqidiy baho beraman. Chunki axborot siyosati davlatning siyosiy tabiatiga borib taqaladi.

Birinchi ma’muriyat davrining asosiy motivi jamiyatni imkon qadar qattiqroq nazorat qilish motivi edi. Ya’ni birinchi ma’muriyat davrida davlatning geosiyosiy mustaqilligiga katta e’tibor berildi. Masalan, Rossiya Qrimni annexia qilganda possovet hududidan Rossiyaga qarshi ikki bor nota yuborgan yagona davlat bu O‘zbekiston bo‘ldi. Lekin axborotni qattiq nazorat qilish oqibatida jamiyatda xato qilish imkoniyati ham bo‘lmadi.

Bilamizki, demokratiya erkinlik jarayonida shakllanadi. Ya’ni birinchi bo‘lib davlat, millat shakllansin, undan keyin erkinlik bo‘ladi, deyilgan joyda erkinlik hech qachon bo‘lmaydi. Erkinlik bu —avvalo jarayon.

— Birinchi prezident Islom Karimov o‘z vaqtida (1992 yil) deputatlarga qarata yana o‘n yil kutinglar, shundan keyin erkinlik ham, demokratiya ham bo‘ladi, deya murojaat qilgan edi.

Kamoliddin Rabbimov:

Ha, bu xato fikr edi. Chunki demokratiyaning fundamentida keng siyosiy elita turadi.

Bilasiz, O‘zbekiston, Turkmaniston kabi davlatlarning konstitutsiyalari ham demokratik konstitutsiyalar hisoblanadi, ammo ular yozilgani kabi ishlamaydi. Fikrimcha, uning ishlashi uchun keng siyosiy elita kerak. Bizda siyosiy elita keyingi 6 yildagina kengaya boshladi. Ammo bu boradagi tezlik yetarli emas, juda sekin.

Biz mamlakatda erkin fikr shakllanishi uchun demokratik institutlar kerak dedik. Demokratik institutlar esa hokimiyatlar bir-birini o‘zaro tiyib turganda va tez-tez almashganda shakllanadi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid