Jahon | 18:02 / 05.10.2022
19767
13 daqiqa o‘qiladi

Yaxta, biznes-jyet va vertolyotlar - safarbarlikdan qochish uchun Rossiyani tark etishning eng ekzotik yo‘llari

«Qisman» safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng yuz minglab odam Rossiyani tark etdi. Ko‘pchilik hukumat tez orada chegaralarni yopib qo‘yishini kutgan edi. Boshlangan vahima sabab poyezd va samolyot chiptalari narxi keskin qimmatladi, Rossiyaning quruqlik chegaralarida ko‘p kilometrlik navbatlar paydo bo‘ldi. Natijada, ko‘plab ruslar mamlakatni anchagina ekzotik yo‘llar bilan tark etishga majbur bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Moskvalik Aleksey IT sohasida ishlaydi, safarbarlik boshlangach, ish beruvchi kompaniya unga ijaraga olingan charterda Armanistonga uchib ketishni taklif qilgan.

«Kompaniya uchun bu yangilik emas edi, chunki 24 fevralda, urush boshlanganda ham ular tezda qaror qilib, Yerevanga uchib ketgan edi», – deydi Aleksey.

Parvoz 28 oktyabrga belgilanadi. Aleksey chipta narxini bilmaydi, chunki ishchilar uchun uchish bepul edi. U bu sanani kutmaslikka qaror qiladi. Rossiya chegarasi yopilishi mumkinligi haqidagi xabarlar sabab Aleksey safarbarlik e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tiboq Belarusga ketadi.

Alekseyning aytishicha, charter reys kompaniya ofisi joylashgan biznes markazga «politsiya va harbiy komissarlar» kelganidan keyin bekor qilingan. Endilikda ish beruvchi o‘z jamoasiga mamlakatni tark etish uchun individual yordam taklif qilmoqda.

Bu rossiyaliklar mamlakatni tark etish uchun shaxsiy samolyotlardan foydalanishga uringaniga bir misol. Talab, nafaqat, kompaniyalardan biznes-jyet samolyotlarni ijaraga olishda, balki boshqa xizmatlarda ham o‘sdi: masalan, bir kishi yoki guruh uchun butun samolyotni ijaraga olish, shuningdek, jyet sharing yoki shaxsiy samolyotdan o‘rindiq xarid qilish kabi.

«Qisman safarbarlik e’lon qilingan kunning ertasigayoq samolyotlarni ijaraga olish bo‘yicha talab keskin oshdi», – deydi Flight Way kompaniyasi bosh direktori Eduard Simonov. Ushbu kompaniya biznes-jyetlarda charter reyslarini tashkil qilish bilan shug‘ullanadi.

«Murojaatlarning aksariyati avval shaxsiy samolyotlardan foydalanmagan, ammo hozir imkon qadar tezroq uchib ketishni xohlaydigan odamlardan kelyapti. Biroq potensial mijozlar ko‘pincha narxlardan qo‘rqib ketadi – hamma ham shartnoma imzolash va parvozgacha yetib bormaydi», – deydi Simonov.

Butun samolyotni ijaraga olish narxi masofa va marshrutga bog‘liq. BBC bilan muloqot qilgan kompaniyalarga ko‘ra, bir parvoz narxi 4,5 dan 10-15 million rublgacha bo‘lishi mumkin. Xususiy samolyotdagi o‘rindiqlarni «bo‘lishish» esa, masalan Turkiya yoki Armanistonga parvozlar uchun (bu ikki mamlakat safarbarlikdan keyin eng asosiy yo‘nalishlarga aylandi) 14 mingdan 25 ming yevrogacha (1-1,5 million rubl) baholanadi.

«Moskvadan Yerevan yoki Istanbulga uchuvchi butun bir samolyot ijarasi narxi yo‘lovchilar soni, samolyot turi va uning aniq uchish sanasiga qarab 5-13 million rublni tashkil qiladi. Va, albatta, ilgari hech qachon biznes-jyet samolyotlarda uchmagan odamlar bunday narxni ko‘rganda, ularda samolyotni ijaraga olish istagi tezda yo‘qoladi. Odamlarda odatiy vahima va qo‘rquv bor», – deya yozadi Simonov.

Shunga qaramay, safarbarlik e’lon qilingandan keyingi dastlabki kunlarda talab taklifdan oshib ketdi. Hozirda Rossiyadan tijorat reyslarini amalga oshiruvchi bir nechta biznes-jyet mavjud va talab keskin oshganidan so‘ng ariza berilgan kuniyoq samolyotni ijaraga olish va uchib ketish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi.

Eng ko‘p biznes-jyet charterlari Moskvadan 23 sentabrdan 28 sentabrgacha uchib ketgan (kompaniya vakillari ularning aniq sonini ayta olmadi).

«Odatda kuniga elliktacha murojaat keladigan bo‘lsa, bu son birdaniga 500 taga ko‘tarildi. Hatto ba’zi kunlarda mingtadan ham oshdi. Lekin bu faqatgina bizning kompaniyamizda kuzatilgan holat. Albatta, umumiy bozorga nazar tashlansa, ularda bu miqdor yanada ko‘proq bo‘lgan», – deydi Your Charter kompaniyasining rivojlanish bo‘yicha direktori Yevgeniy Bikov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng katta laynerlardan foydalanish ommalasha boshlagan.

«Hozir biznes-jyetlarga bo‘lgan talabning eng «cho‘qqiga chiqqan» davri o‘tib bo‘ldi. 27 sentabrdan keyin kompaniyaga murojaatlar kamayib ketdi, biroq parvozlar bo‘yicha real so‘rovlar soni o‘sishni boshladi», – deydi Bikov.

Biroq, Bikov yana boshqa bir jarayonni ham qayd etdi: kompaniyalar tomonidan charterlarga bo‘lgan talab safarbarlik e’lon qilinishidan oldinroq o‘sishni boshlagan.

«Sentyabrga yaqin ba’zi kompaniyalar tashqi parvozlar haqida yil davomidagidan ko‘ra ko‘proq o‘ylay boshladi. Shu sabab ularning ko‘pchiligi 20 sentabrga qadar Rossiyadan uchib ketdi va o‘z xodimlarini ham boshqa joyga ko‘chirdi... Biznes-jyetlarga potensial mijozlar soni, ehtimol, 2-3 barobar ko‘paydi», – deydi Bikov.

Chatlardagi noqonuniy parvozlar

PICTURE ALLIANCE / HASAN BRATIC

Birinchi haftada tashqi parvozlarni nafaqat rasmiy kompaniyalar, balki chegarada navbatda turgan yoki undan o‘tmoqchi bo‘lganlar chatlaridagi noma’lum shaxslar ham taklif qilgan. Masalan, Gruziya bilan chegaradagi «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punkti oldida tirbandlikda turganlar chatida noma’lum kishilar chegaradan kichik samolyot yoki vertolyotda uchib o‘tishni taklif qilgan.

BBC nashri muxbiri shunday e’lon bergan bir necha kishi bilan suhbatlashgan. Ulardan biri Sochidan Gruziyaga uchuvchi ferma samolyotidagi joy uchun 20 ming rubl so‘ragan. Olib o‘tuvchining ishontirishicha, yo‘lovchilar rossiyalik chegarachilar bilan to‘qnash kelmaydi, samolyotning o‘zi esa neytral suvlar ustidan uchib o‘tadi.

Ikki baravar qimmatroq narxga (40 ming rubl) ular vertolyot chiptalarini ham taklif qilgan. Bu pulga Minvod shahridan Gruziyaga uchish mumkin edi. Olib o‘tuvchilaring tushuntirishicha, rasmiyatchiliklar oddiy chegarani kesib o‘tish bilan bir xil bo‘ladi, ya’ni mijoz Rossiyadan chiqarilmasligi ham mumkin. Shuning uchun, olib o‘tuvchilar vertolyotdan joy olish uchun to‘liq pulni emas, balki 50 foizini oldindan to‘lashni so‘ragan.

Olib o‘tuvchi bu parvoz mutlaqo qonuniy bo‘lishiga ishontirgan. Ammo u Rossiya qonunchiligi buni taqiqlashiga qaramay agar iloji bo‘lsa xizmat haqini kriptovalutada to‘lashni iltimos qilgan.

Agar mijoz ikki baravar ko‘proq — 80 ming rubl to‘lashga tayyor bo‘lsa, unda olib o‘tuvchi «noqonuniy» olib o‘tish variantini taklif qilgan, lekin qanday o‘tish tafsilotlarini oshkor etmagan.

Yana bir parvoz varianti Beslandan Tbilisiga vertolyotda uchish bo‘lib, avans to‘lash sharti bilan xizmat haqi 20 ming rublga baholangan.

Biroq, Evgeniy Bikovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Gruziya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar mavjud emasligi sababli (2019 yilda to‘xtatilgan), bunday parvozlar qonuniy ravishda faqat tranzit orqali amalga oshirilishi mumkin. Umumiy qoidalarga ko‘ra, shaxsiy samolyotga chiqishda yo‘lovchilar alohida joy yoki VIP terminalda ro‘yxatdan o‘tishi mumkin, ammo baribir oddiy reysdagi kabi rasmiyatchiliklarni bajaradi.

So‘nggi kunlarda muntazam reyslar chiptalariga talab kamaydi. Masalan, 3 oktyabr kuni Moskvadan Tbilisiga (Yerevan orqali) keyingi kun uchun chiptalarni 35-50 ming rublga sotib olish mumkin edi. Chipta narxlari Moskvadan Yerevanga 13,5 dan 23 ming rublgacha, Ostonaga esa 26-45 ming rublgacha bo‘lishi mumkin. Bu hali ham odatdagi narxlardan qimmatroq, lekin 20-22 sentabr kunlaridagi narxlardan bir necha barobar arzon.

Yanada ekzotik variantlar ham mavjud, masalan, dam olish kunlari 41 ming rubl evaziga Dubay orqali Moskvadan Zanzibarga uchish mumkin. Tanzaniyadagi bu orol pandemiya davrida, Rossiyadan bu yerga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar qo‘yilgandan keyin ancha mashhur bo‘lib ketgandi. Rossiyaliklar mamlakat vizasini Tanzaniyaga kelganlaridan so‘ng olishlari mumkin.

Rossiyani yaxtada tark etish

Rossiya hududini yaxtada ham tark etish mumkin

Sakkiz nafar rossiyalik yaxtachilardan tashkil topgan guruh 27 sentabr kuni Vladivostokda «chegaralarni yopdi» hamda Janubiy Koreya tomon otlandi va bir taraflama kruiz (dengiz sayohati) boshladi. Bu sayohat taxminan besh kun davom etdi, chunki qayiq Shimoliy Koreya atrofidan o‘tuvchi uzoq aylanma yo‘lni bosib o‘tishi kerak edi.

Dastlab, bu safarbarlik tufayli Rossiyani tark etishga urinish emas edi: kapitan Igor Kovalevskiy boshchiligidagi jamoa yaxtani Rossiyadagi sovuq mavsumda Koreya yoki Tailandga olib ketib, ishlatmoqchi edi. Bu bo‘yicha rejalar yozdayoq muhokama qilina boshlangandi, ammo kruiz ishtirokchilaridan birining aytishicha, jamoa qayiqni, nihoyat 20 sentabr kuni suvga tushirishga qaror qiladi.

Boshqa yo‘llar yopilgan bir paytda qayiqni olib chiqish, jamoa a’zolari uchun Rossiyani tark etishning eng yaxshi usuli bo‘ldi.

Nazariy jihatdan ushbu dengizchilar guruhining Vladivostokdan Koreyaning Tonhe shahriga qilgan yaxtadagi marshrutini takrorlash mumkin. Biroq, portdan joy band qilish uchun Janubiy Koreyaning elektron sayohat ruxsatnomasi (K-ETA) kerak bo‘ladi. Shu mavzudagi chatlarda o‘z tajribalarini bo‘lishadigan sayohatchilarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda bunday hujjatni rasmiylashtirish uchun bir necha hafta ketishi mumkin.

BBC nashri safarbarlikdan keyin paydo bo‘lgan kema orqali Rossiyani tark etish bo‘yicha yana bir necha e’lonni izlab topdi. Misol uchun, Sochidan Istanbulga yoki Novorossiysk va Anapdan Turkiyaning Sinop viloyatiga ketadigan yaxtadan joy band qilish mumkin. Yaltadan Sinopga yelkanli katamarandada borish kishi boshiga 90 ming rublga baholanmoqda. Shunday e’lon bergan olib o‘tuvchilardan biri ketish bo‘yicha murojaatga javoban, marshrut allaqachon mavjud emasligi va sayohat «vaziyat barqarorlashganidan keyin» davom etishini yozgan.

Mamlakatni dengiz orqali tark etishning yana bir an’anaviy yo‘li mavjud — bu bir necha yuz ming rubl evaziga Sochidan Istanbulga kruiz (sayohat) qilishdir.

Hozirda chegaralarda vaziyat qanday?

3 oktyabr kuni ertalab Rossiyaning Gruziya bilan chegaradosh hududi bo‘lmish Shimoliy Osetiya hukumati eng mashhur chegara o‘tish joylaridan biri — «Verxniy Lars»dagi uzun navbat yo‘qolganini ma’lum qildi.

Shimoliy Osetiya bosh vaziri o‘rinbosari Irbek Tomayevning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan haftada besh mingtagacha yengil avtomobil mavjud bo‘lgan navbat 3 oktyabrga kelib «tugagan». Xuddi shu ma’lumot Rossiya Federal bojxona xizmati tomonidan ham taqdim etilgan.

Tomayevning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan hafta davomida «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punkti orqali chegarani 19,7 ming avtomashina, 69,5 ming odam kesib o‘tgan. Gruziya hukumati xabar berishicha esa, faqatgina 17-26 sentabr kunlari Gruziyaga barcha nazorat punktlari orqali 78 mingdan ortiq rossiyalik kirgan.

«3 oktyabr kuni Astraxan oblasti va Qozog‘iston chegarasidagi «Qorao‘zak» nazorat-o‘tkazish punktida ham vaziyat barqarorlashdi», – deya xabar bergan Krasnoyarsk o‘lkasi rahbari Ruslan Bisenov.

Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha kun ichida nazorat-o‘tkazish punktini 3 mingga yaqin avtomobil va 10 mingdan ortiq odam kesib o‘tgan. Qozog‘iston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra esa, Rossiyada safarbarlik boshlanganidan keyin deyarli 100 ming rossiyalik turli yo‘llar orqali mamlakatga kirib kelgan.

Mavzuga oid