Jahon | 15:45 / 06.10.2022
4704
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya bosh vaziri Yevropa siyosiy hamjamiyatidan nimalar kutayotganini aytdi

Liz Trass yangi uyushma - Yevropa siyosiy hamjamiyati doirasida xavfsizlik masalalari, shuningdek, energetika va migratsiya siyosati bo‘yicha yaqinroq hamkorlik qilishni xohlayapti.

Foto: Stefan Rousseau/PA

Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trass 6 oktyabr, payshanba kuni Pragada o‘z ishini boshlaydigan Yevropa siyosiy hamjamiyatining (YeSH) birinchi sammiti arafasida yangi norasmiy uyushmadan nimalar kutayotganini aniq aytib o‘tdi. «Bu G7 yoki NATO bo‘lmasligi kerak, bu bo‘sh gaplar bilan kirib-chiqib yuradigan do‘kon bo‘lmasligi kerak. Men uchta jabhada aniq harakatlarni ko‘rmoqchiman», deb yozadi hukumat rahbari The Times gazetasida chop etilgan maqolasida. 
 
Trass Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan Pragada yig‘ilgan ham Yevropa ittifoqiga a’zo, ham Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lmagan mamlakatlar vakillari bilan xavfsizlik masalalari, shuningdek, energetika va migratsiya siyosati bo‘yicha yaqinroq hamkorlik qilishni xohlashini aytdi. Trass YeSH mamlakatlarini birgalikda Rossiya energiya manbalariga qaramlikni tugatish uchun yaqinroq ishlashga chaqirdi. «Biz Putinni yutqazishi uchun hamma narsani qilishimiz kerak», deb yozgan Britaniya hukumati rahbari. Trass yangi uyushmada u Yevropa ittifoqidan tashqaridagi mamlakatlar - Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shveytsariya va Ukraina kuchli ovozga ega bo‘lishini ta’minlash uchun harakat qilishini aytdi 

Yevropa siyosiy hamjamiyatining ta’sis sammitida Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lgan 27 ta davlat va unga a’zo bo‘lmagan, lekin nomzod yoki hamkor maqomiga ega 17 ta davlat rahbarlari ishtirok etmoqda. Ular orasida, xususan, Ozarboyjon, Armaniston, Gruziya, Moldova va Ukraina bor. 

YeSHni yaratish g‘oyasi may oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tomonidan ilgari surilgan edi. Yevroparlamentda so‘zlagan nutqida u Ukraina «o‘z kurashi va jasorati bilan allaqachon Yevropa, oila, ittifoq a’zosiga aylangani»ni ta’kidladi, biroq ayni paytda Yevropa ittifoqiga qo‘shilish vaqt talab etishini eslatdi. U Yevropa ittifoqi a’zolari, blokka qo‘shilishga intilayotgan davlatlar va uning tarkibidan chiqqan Buyuk Britaniyani birlashtirib, ularni umumiy qadriyatlar va manfaatlar atrofida jamlagan yangi umumevropa formatini yaratishni taklif qildi. 

Mavzuga oid