Britaniya bosh vazirligi uchun kurash. Jonson va Sunak yetarlicha tarafdorlarga ega
Liz Trass Buyuk Britaniya bosh vazirligi lavozimini tark etgach, uning o‘rni uchun kurash avj olmoqda. Hozircha faqat Jamoatlar palatasi rahbari Penni Mordont saylovga o‘z nomzodini qo‘yishi haqida e’lon qilgan. Lekin hali jim turgan bo‘lishsa-da, sobiq bosh vazir Boris Jonson va uning hukumatida moliya vaziri lavozimida ishlagan Rishi Sunak asosiy favoritlar - ular saylovda qatnashish uchun zarur bo‘lgan kamida 100 nafar deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
BBC hisob-kitoblariga ko‘ra, shanba kunining ikkinchi yarmiga kelib yozda Konservativ partiya va bosh vazirlik uchun bo‘lib o‘tgan saylovlarda Liz Trassning asosiy raqibi bo‘lgan Sunakni Jamoat palatasida torilar partiyasidan 112 nafar deputat qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Sentyabr oyi boshida bosh vazirlik lavozimini egallagan Trass ikki oy o‘tmasdan iste’foga chiqqanidan keyin yangi rahbarni saylash uchun partiya bu safar yuqori o‘tish chegarasini joriy etdi: Jamoatlar palatasida torilar fraksiyasining kamida 100 nafari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan nomzodgina saylovda ishtirok etishi mumkin.
Konservatorlar partiyasi hozirda parlament quyi palatasida 357 mandatga ega bo‘lgani tufayli, saylovda ko‘pi bilan uch nafar nomzod ishtirok etishi mumkin.
Dominikan Respublikasida oilasi bilan ta’til o‘tkazayotgan sobiq bosh vazir Boris Jonson shanba kuni tongda Londonga uchib keldi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Jonson bosh vazir uchun taqdim etilgan qo‘riqchilar bilan kelgan bo‘lsa-da, u ekonom-klassda uchgan. U qo‘nishi bilan bayonot berishga shoshilmadi.
Penni Mordontni esa, BBC hisoblariga ko‘ra, hozircha 21 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan. Saylov jarayonida autsayder ekaniga qaramay, u saylovda ishtirok etish niyati haqida birinchi bo‘lib e’lon qildi va u bu borada hozircha yagona bo‘lib turibdi. U hatto partiyaning oddiy a’zolari uchun dastlabki saylovoldi rolikni namoyish etdi - saylov jarayoni so‘ngida aynan oddiy a’zolar partiya rahbari uchun ovoz berishadi.
The real me.#PM4PM pic.twitter.com/fIBawIsxNH
— Penny Mordaunt (@PennyMordaunt) October 22, 2022
Rishi Sunak ham o‘z uyi atrofida to‘plangan muxbirlarga hozircha hech narsa demadi. Ammo BBC manbalariga ko‘ra, u ham tez orada partiya yetakchiligi uchun nomzodini qo‘yish niyatini e’lon qiladi.
Britaniya bosh vazirligi o‘rni yakunlangan haftada bo‘sh qoldi - Liz Trass iqtisodiy siyosatdagi dastlabki qadamlari muvaffaqiyatsizlikka uchrashi ortidan olti hafta bosh vazirlikdan keyin iste’fo berdi.
Partiyaning yangi rahbari va bosh vazirni konservatorlar 28 oktyabr kuni saylashi kutilmoqda.
Jonsonning imkoniyatlari qanday?
Hozircha u saylovga nomzodini qo‘yish niyati haqida rasman e’lon qilmadi, ammo uning vakillari bergan ma’lumotga ko‘ra, uni allaqachon 100 dan ortiq deputatlar qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shu bilan birga, Sunakning tarafdorlari Jonsonni qo‘llayotgan konservator deputatlar ro‘yxatini taqdim etishni so‘rashmoqda. Ular bunday 100 deputat haqiqatda mavjudligiga shubha bilan qarashmoqda.
Politologlar esa Boris Jonson yaqinda mojaroli tarzda bosh vazirlikdan ketganiga qaramay, unda bu lavozimga qaytish uchun yaxshi imkoniyat borligini qayd etishmoqda.
Jonsonda partiyada ham, parlamentdan tashqarida ham yetarlicha ko‘p tarafdorlar bor. Boshqa tomondan, Jonsonning muxoliflariga ko‘ra, aynan partiya elitasi uni yozda bosh vazirlikdan quvib solgandi - mojarolar va omma oldida yolg‘on gapirishi tufayli u partiya uchun ortiqcha yuk bo‘lib qolgani, u bilan konservatorlar keyingi saylovlarda g‘alaba qozona olmasligi aytilgandi.
Bunday ayblovlar hozir ham Jonsonga to‘g‘anoq bo‘lishi mumkin: parlament Jonson Dauning stritdagi «kovid ziyofat» borasidagi ayblovlarni o‘zidan soqit qilish maqsadida Jamoat palatasida yolg‘on gapirgani masalasida tekshiruvlarni davom ettirmoqda. Ushbu tergov natijasida Jonsonning deputatlik vakolatlari to‘xtatilishi va hatto butkul bekor qilinishi mumkin, buni esa bosh vazir uchun tasavvur qilib ham bo‘lmaydi.
Boshqa nomzodlar haqida qisqacha
Rishi Sunak
Rushi Sunak va Penni Mordont yozda Jonson iste’foga chiqqanida Konservativ partiya rahbarligi uchun poygada ishtirok etgan, birinchi raundda Sunak katta farq bilan birinchi bo‘lgandi.
U Britaniya parlamenti deputati bo‘lganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan - bu 2015 yilda ro‘y bergan. 2019 yilda Jonson hukumatida moliya vaziri (kansler) etib tayinlangan va bu lavozimda 2022 yil 5 iyuliga qadar qolgan, o‘shanda u o‘z hamkasbi, sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ortidan iste’fo bergandi.
Ularning ikkisi ham lavozimidan ketarkan, Boris Jonsonning harakatlarini keskin qoralashgandi.
Sunak torilarning bo‘lajak yetakchisi sifatida ko‘rilayotgandi, ammo uning rafiqasi Akshatu Murti atrofidagi mojaro pand berdi. Otasining Hindistondagi Infosys kompaniyasida katta ulushga ega bo‘lgan va o‘tgan yili dividendlar sifatida 10 mln funtdan ortiq daromad olgan Murti Britaniyada norezidentlik bahonasida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblangan va bu uning turmush o‘rtog‘ining obro‘siga putur yetkazgan.
Moliya vaziri ekanida Sunak pandemiya oqibatlariga qarshi kurashib, lokdaun chog‘ida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun katta miqdordagi mablag‘larni yo‘naltirishga majbur bo‘lgandi. Bunday siyosat aslida uning qarashlariga zid keladi (u o‘zini past soliqlar va yuqori bo‘lmagan davlat xarajatlari tarafdori bo‘lgan an’anaviy konservator deb hisoblaydi), ammo bu uning mashhurligi ortishiga yordam bergan.
Penni Mordont
2019 yilda Penni Mordont Britaniya mudofaa vaziri bo‘lgan tarixdagi ilk ayolga aylanadi.
Uning siyosiy faoliyati Devid Kameron hukumatida boshlangan, u o‘shanda qurolli kuchlar bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimini egallagan. Konservatorlar partiyasiga esa u o‘smirlik chog‘idayoq kelgan, u yosh torilar harakati saflarida bo‘lgan.
Hozirda u Jamoatlar palatasi raisi va Vorislik kengashi lord-raisi hisoblanadi. Shu tufayli u qirolicha Yelizaveta II o‘limidan keyingi dafn tadbirlarida ishtirok etgandi. Xususan, Charlz III taxtga chiqqani rasman qayd etilgan hujjatga uning imzosi ham qo‘yilgan.
Kurash natijalari bo‘yicha prognozlar
Britaniyaning ko‘plab gazetalari juma kuni Boris Jonsonning Dauning-stritga yana qaytishi bir necha oy oldin tasavvurga sig‘magan bo‘lsa-da, endi real ehtimolga aylangani, asosiy kurash u va Sunak o‘rtasida kechishi haqida yozishdi.
Masalan, Daily Mail aynan shu ikki siyosatchi «torilar qalbini zabt etish uchun kurashishi», Jonsonda favoritga aylanish uchun barcha imkoniyatlar borligini qayd etdi. Nashr partiyada uning qaytishiga qat’iyan qarshilar mavjudligini tan olgan holda, partiyadagi o‘z ta’siridan foydalanishi mumkin bo‘lgan og‘ir vaznli siyosatchilar uni tanlashini ta’kidlaydi.
Times esa Penni Mordontni hisobdan chiqarmaslikka chaqirib, u yozdagi partiya ichidagi saylovlarda syurpriz ko‘rsatib, partiya yetakchilari safiga yorib kirganini eslatib, u ham partiyadoshlar orasida katta vaznga egaligiga e’tibor qaratgan.
Konservatorlarning «norasmiy ovozi» hisoblangan Daily Telegraph nashri taxmin qilishicha, Jonson torilarning ko‘pchiligini partiya faqat uning rahbarligida keyingi umummilliy saylovlardan keyin ham hokimiyatni saqlab qolishi mumkinligiga ishontirishga qodir.
Hozirda konservatorlarni birlashtira oladigan yagona narsa - bu umummilliy saylovlar qarshisidagi qo‘rquvdir, deya bu fikrga qo‘shiladi Financial Times.
Allaqachon barcha muxolif partiyalar, shuningdek Uels (bu yerda hukumat leyboristlar tomonidan shakllantirilgan) va Shotlandiya hukumati (hudud Shotlandiya milliy partiyasi tomonidan boshqariladi) zudlik bilan navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazishga chaqirgan.
Mavzuga oid
18:56 / 22.12.2024
Britaniyalik harbiylar ommaviy ravishda armiyadan ketishni boshladi
21:42 / 19.12.2024
Britaniya Ukraina askarlarini tayyorlash uchun Ukrainaga o‘z instruktorlarini yuboradi
21:56 / 11.12.2024
Britaniya birinchi marta dronni lazer yordamida urib tushirdi
11:56 / 05.12.2024