Jahon | 09:16 / 24.10.2022
19609
3 daqiqa o‘qiladi

Boris Jonson poygadan chiqdi

Boris Jonson Konservativ partiya yetakchiligi uchun o‘z nomzodini qo‘yish fikridan qaytdi. Bu esa Buyuk Britaniyaning keyingi bosh vaziri katta ehtimol bilan Rishi Sunak bo‘lishini anglatadi.

Foto: Reuters

Sentyabr oyiga qadar bosh vazirlik lavozimini egallab turgan Jonsonni Jamoat palatasidagi konservatorlar fraksiyasining kamida 100 a’zosi qo‘llab-quvvatlagan. Uning bayonotida aytilishicha, unga ovoz berishga tayyor bo‘lgan deputatlar soni 102 nafarni tashkil etgan, ammo bu boshqa manbadan tasdiqlanmagan va bu uni qo‘llab-quvvatlashi kutilgan deputatlar sonidan kamroq.

Shu bilan birga, u partiya ichidagi ovoz berish jarayonida g‘alaba qozonib, juma kunidan bosh vazirlikka qaytish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgani, ammo «hozir qulay vaqt emasligi», partiya ichida muxoliflari ko‘pligi, fraksiyadagi birliksiz mamlakatni samarali boshqarish imkoni bo‘lmasligini qayd etgan.

2020 yil fevralidan 2022 yil iyuliga qadar moliya vaziri lavozimida ishlagan Rishi Sunak esa partiya rahbarligi uchun poygada qolmoqda, uni 157 nafar deputat qo‘llagan, shuningdek saylovda qatnashish niyatini e’lon qilgan Penni Mordont bor, ammo u o‘z nomzodini qo‘yish uchun yetarlicha ovoz to‘play olmasligi mumkin - yakshanba kuni kechqurun holatiga ko‘ra, uni faqat 25 kishi qo‘llagan.

«Men Rishi bilan ham, Penni bilan ham muzokara olib borishga harakat qildim, chunki biz millat manfaati yo‘lida birlasha olishimizga umid qilgandim. Afsuski, buning yo‘lini topa olmadik. Men o‘zimda taklif qiladigan narsam borligiga ishonaman, ammo hozirda, qo‘rqamanki, buning uchun eng to‘g‘ri vaqt emas», deyiladi Boris Jonsonning bayonotida.

Ko‘plab torilar Jonson hukumati parchalanishida aybdor deb hisoblaydigan Rishi Sunak u o‘z bosh vazirligida ko‘p narsaga, «brekzit»dan tortib koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqilishi hamda joriy etilishiga qadar qator muvaffaqiyatlarga erishganini e’tirof etgan. «U mamlakatimizni biz boshimizdan kechirgan qator og‘ir sinovlardan olib o‘tdi, keyin u Putin va uning Ukrainaga qarshi varvarlarcha urushiga qarshi chiqdi. Biz buning undan doimo minnatdor bo‘lamiz», deya yozdi bosh vazirlik uchun favorit bo‘lgan Sunak tvitterida.

Agar dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 ga qadar Sunakdan boshqa hech kim kamida 100 deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lmasa, u avtomatik ravishda partiya rahbariga aylanadi, juma kunidan esa Liz Trass o‘rniga bosh vazirlik lavozimini egallaydi.

Mavzuga oid