O‘zbekiston | 17:07 / 11.10.2022
11851
2 daqiqa o‘qiladi

Quyi Chirchiqda 24 yoshli ayolning o‘limida loqaydlikka yo‘l qo‘ygan IIB xodimlari jazolandi

25 avgust kuni Quyi Chirchiqda 24 yoshli ayolning eri tomonidan pichoqlab o‘ldirilishida loqaydlikka yo‘l qo‘ygan uchastka noziri ishdan olinib, tuman IIB rahbariyatiga hayfsan berildi. Bu haqida Kun.uz’ga viloyat IIBB matbuot xizmati rahbari Bobur To‘laganov ma’lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida er 24 avgust kuni rashk sabab xotinini xususiy bog‘chadagi bolalar ko‘z o‘ngida bo‘g‘ib, urgani aks etgan videolavha internetda tarqalgandi. 25 avgust kuni u otasinikida yashayotgan ayolini o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi.

Marhumaning otasi Kun.uz'ga bergan intervyusida 24 avgust kuni qizi kaltaklangach IIBga murojaat qilgani, lekin profilaktika inspektori daladagi ishlarini bahona qilib, huquqbuzarga chora ko‘rmaganini aytgan va qizining o‘limida u ham aybdor deb hisoblashini ta’kidlagandi.

Shundan keyin 28 avgust kuni viloyat IIBB voqeaga daxldor barcha xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berilishini va’da qilgandi. Bu orada gumonlanuvchi yashagan Madaniyat mahallasi raisi ishdan ketdi. Kun.uz muxbiri viloyat IIBB matbuot xizmati bilan bog‘lanib, vaziyat haqida ma’lumot so‘radi.

“Quyi Chirchiq tumani Madaniyat mahallasida yuz bergan mazkur holat yuzasidan mahallaning profilaktika inspektori o‘z lavozimidan ozod etildi. Tuman IIB rahbariyatiga esa intizomiy jazo, ya’ni hayfsan berildi”,- deya ma’lum qildi viloyat IIBB maxbuot xizmati rahbari Bobur To‘laganov.

Mavzuga oid