Rossiya fuqarolarining 30 nafar farzandi O‘zbekistondagi davlat maktablariga joylashtirilgan - XTV
Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan keyin O‘zbekistonga kelgan RF fuqarolaridan qanchasi farzandlarini davlat maktablariga joylashtirishni so‘rab murojaat qilgani haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilning 21 sentabrdan 5 oktyabrgacha Rossiya Federatsiyasidan kelgan 33 nafar fuqaro farzandlarini davlat maktablariga joylashtirish uchun murojaat qilgan. Shundan tegishli hujjatlari taqdim etilgan 30 nafar bola O‘zbekistonning turli hududlaridagi davlat ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan.
Safarbarlikdan qochib kelgan muhojirlarning qanchasi o‘z farzandini xususiy maktablarga o‘qishga bergani ma’lum emas. XTV Kun.uz'ning bu haqdagi savolini ochiq qoldirdi.
Davlat maktablarida xorijiy davlat fuqarolarining o‘qishi qay tartibda tashkil etilishi bilan ham qiziqdik.
XTV mas’ullariga ko‘ra, bu 2008 yil 4 avgustdagi 169-sonli hukumat qaroriga asosan tartibga solinadi. Bu borada xalq ta’limi vazirining 2009 yil 6 iyuldagi 180-sonli buyrug‘i ham qabul qilingan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijliklar farzandlarini davlat maktablariga o‘qishga qo‘yish uchun ariza, o‘rganilgan fanlar haqidagi hujjatlarning asl nusxalari, sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa, pasport, ID-karta (vizasi bilan), tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, 4x6 sm hajmdagi 6 dona fotosurat taqdim etishadi. Hujjatlar maktab ma’muriyati qoshidagi qabul komissiyasiga topshiriladi.
Komissiya maktabda o‘qish istagini bildirgan xorijiy fuqaroning hujjatlari va u bilan tuziladigan shartnoma loyihasini tuman (shahar) XTBga yuboradi, shundan keyin ular tomonidan hujjatlar jamlanib, Qoraqalpog‘iston XTV, Toshkent shahar XTBB va viloyat XTBlariga yuboriladi. Bu tashkilotlar huzuridagi maxsus komissiyalar hujjatlarni 10 kun muddatda ko‘rib chiqadi.
Maxsus komissiya o‘rganilgan hujjatlarga asoslanib, xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish yoki qabul qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bu qaror muhojir bilan shartnoma tuzish uchun asos bo‘ladi.
Maktab ma’muriyati xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish yuzasidan o‘z buyrug‘ini chiqaradi hamda xorijiy fuqaro va maktab o‘rtasida o‘qish bo‘yicha shartnoma tuzadi.
Xorijiy davlat fuqarolari farzandlari O‘zbekistondagi davlat umumta’lim maktablarida bepul o‘qitiladi.
Mavzuga oid
00:33 / 13.12.2024
Finlandiya safarbarlikdan qochgan rossiyaliklarga boshpana bermay qo‘ydi
16:16 / 04.12.2024
Rossiya armiyasiga ko‘ngillilar oqimi sezilarli qisqardi - to‘lov ikki barobar ortgan bo‘lsa ham
00:28 / 28.11.2024
AQSh Ukrainani harbiy xizmatga chaqiruv yoshini 18 ga tushirishga chaqirmoqda
23:13 / 23.11.2024