Jahon | 09:05 / 20.10.2022
10876
3 daqiqa o‘qiladi

FXX bazasida 1 mln kishiga «chiqarilmaydigan» maqomi berilgan bo‘lishi mumkin

Urush tufayli Rossiya hukumati 1 millionga yaqin fuqaroning mamlakatni tark etishini taqiqladi. Safarbarlik e’lon qilinganidan keyin ro‘yxatga 400 ming kishi kiritildi, deb xabar qildi Astra va Baza Telegram-kanallari.

Foto: Picture Alliance

FXX chegara xizmatida safarbarlik e’lon qilinishi munosabati bilan mamlakatdan chiqib ketishi taqiqlangan Rossiya fuqarolari ro‘yxati mavjud. Hozir unda 1 millionga yaqin odam qayd etilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda 19 oktyabr, chorshanba kuni manbalarga tayanib, Astra va Baza Telegram-kanallari xabar berdi.

Astra ma’lumotlariga ko‘ra, FXX tegishli ma’lumotlar bazasida 1 025 703 ta yozuv mavjud. Chegarachilar bu ro‘yxatni pasport nazoratida tekshirib, ro‘yxatda topib olishsa, odamlarni Rossiyadan tashqariga chiqarmayapti.

Baza kanali ma’lumotlariga ko‘ra, safarbarlik boshlanganidan keyin 400 ming rossiyalikning xorijga chiqishi cheklangan. Gap MIR chegara nazorati tizimi haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin, unga, The Bell ma’lumotlariga ko‘ra, chetga safarni taqiqlash uchun turli asoslar, shu jumladan sud ijrochilari va harbiy komissarliklar qarorlari kiritilgan.

Sayohat yangiliklarini kuzatib boruvchi Telegramʼdagi «Nu che, narod, pognali!» kanali FXXning Moskvadagi Sheremetevo aeroporti chegara nazorati xizmati so‘roviga rasmiy javobini keltirib o‘tdi. Unda aytilishicha, odam chiqib ketishiga ruxsat berilgani yoki yo‘qligini faqat chegarada bilishi mumkin.

Kanal ma’murlari chaqiruv qog‘ozini topshirishga urinish bo‘lganidan keyin ham harbiy xizmatga majbur bo‘lganlar hech qanday to‘siqsiz mamlakatni tark etishga muvaffaq bo‘lgan holatlarga e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, odamlarga hech qanday cheklovlar yo‘qligi haqida ko‘rsatgan guvohnomasiga qaramay, chegaradan o‘tishiga ruxsat berilmagan holatlar ma’lum. «Aytib o‘tilgan ma’lumotlar bazasi (agar mavjud bo‘lsa) nomuvofiq va aniq tartibga solinmasdan to‘ldiriladi. Ehtimol, bunday ro‘yxatlarga shaxslarning qo‘shilishi va ma’lumotlarning FXXga berilishi hududlarning tashabbusi bo‘lgan, balki bu harbiy komissarliklardan chiqqan g‘oyadir», deyiladi postda.

21 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «qisman» safarbarlik e’lon qildi, unga ko‘ra 25 millionlik zaxiradan 300 ming kishini armiyaga chaqirish rejalashtirilgan. Amalda, safarbarlik ommaviy bo‘lib chiqdi va qonunbuzarliklar bilan davom etmoqda. Ko‘pgina ruslar undan qochishga harakat qilyapti. Tez orada Ukrainadagi jangovar zonada ham, yig‘in punktlarida ham safarbar qilinganlarning o‘limi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Oktyabrga kelib, 213 mingdan ortiq kishi armiyaga jalb qilindi, Putin safarbarlikni noyabrgacha yakunlashga va’da berdi. Uning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, 300 mingdan ortiq rossiyalik harbiy xizmatga chaqirilmaydi, ammo safarbarlik to‘g‘risidagi e’lon qilingan farmonda uning ko‘lami aniqlanmagan.

Mavzuga oid