Jahon | 15:34 / 26.10.2022
11067
3 daqiqa o‘qiladi

Mercedes-Benz Rossiya bozoridan chiqishini e’lon qildi

Germaniyaning Mercedes-Benz avtomobil ishlab chiqaruvchisining beshta shu’ba korxonasi «Avtoprom» dilerlik xoldingiga o‘tadi. Shuningdek, Moskva yaqinidagi Yesipovodagi Mercedes zavodi sotilmoqda. 

Foto: Getty Images

Germaniyaning Mercedes-Benz avtomobil ishlab chiqaruvchisi Rossiyadan chiqishini va mahalliy shu’ba korxonalari ulushlarini «Avtoprom» dilerlik xoldingiga sotishini e’lon qildi. Konsern «Mersedes-Bens RUS» OAJ, «Mersedes-Bens Manufekchuring Rus» MChJ (Moskva viloyatidagi zavod), «Mersedes-Bens Faynenshl Servisez Rus» MChJ, «Mersedes-Bens Bank Rus» MChJ va «Mersedes-Bens Kapital Rus» aksiyalari bilan xayrlashmoqda. Bu haqda 26 oktyabr, chorshanba kuni Mercedes-Benz kompaniyasining Rossiya vakolatxonasi xabar berdi. 

Ushbu bitimning bajarilishi barcha tegishli organlar tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bitim shartlarini kelishishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari Rossiyadan kelgan mijozlar oldidagi sotuvdan keyingi xizmat ko‘rsatish va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi majburiyatlarning maksimal darajada bajarilishini ta’minlash, shuningdek, xodimlar uchun ish joylarini saqlab qolish bo‘ladi, dedi «Mersedes-Bens Rus» OAJ bosh direktori Natalya Koroleva o‘z matbuot xizmati orqali.

Rossiya Sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, «Avtodom» Mercedes-Benz rus bo‘linmalarining yangi egasi sifatida Moskva yaqinidagi avtomobil zavodida qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish uchun boshqa kompaniyalarni sherik sifatida jalb qilishi mumkin. Vazirlik kompaniyaga texnologik hamkor tanlab berish haqida va’da qilgan.

Mercedes-Benz Group AG mart oyi boshida Rossiyada avtomobillar eksporti va ishlab chiqarishni to‘xtatayotganini e’lon qilgan so‘nggi Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchisi bo‘ldi. Bundan sal oldinroq, 2021 yil dekabr oyida Mercedes-Benz kompaniyasidan ajralib chiqqan Daimler Truck Holding AG ham Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatib, Naberejniye Chelni shahrida «KamAZ» bilan qo‘shma korxona qurish istiqbollarini qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan edi. 

Mercedes-Benz Rossiyani tark etgan uchinchi yirik xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Avvalroq Renault va Nissan o‘z aktivlarini nominal to‘lov evaziga davlat mulkiga o‘tkazib, Rossiya bozorini tark etgan edi. 

Moskva yaqinidagi Yesipovodagi Mercedes-Benz zavodi 2019 yilda ish boshlagan. U yiliga 25-30 ming dona premium xorijiy avtomobil ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Konveyyerga tushgan birinchi model Mercedes E-Klasse edi. Loyihaga kiritilgan investitsiyalar 19 milliard rublni tashkil etdi. 2021 yilda Rossiyada Mercedes-Benz savdosi 11 foizga oshib, 43 011 ta avtomobilni tashkil etdi. Mart oyi boshida, Ukrainadagi urush fonida, nemis kompaniyasi Moskva viloyatida avtomobillar ishlab chiqarishni va Rossiyaga import qilishni to‘xtatdi. 

Mavzuga oid