Silk Avia chiptalarining taxminiy narxlari ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonda ichki yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni ko‘paytirish uchun Silk Avia loukosteri tashkil etilyapti. Aviakompaniyaning qisqa masofalarga uchishga mo‘ljallangan birinchi uchta samolyoti shu yil oxirigacha olib kelinadi. Kompaniya 3 yil ichida 12 ta samolyot olib, 54 ta yo‘nalishda haftasiga 216 ta parvozni amalga oshirishni reja qilmoqda.
O‘zbekistonda yangi tashkil etilayotgan Silk Avia mintaqaviy aviakompaniyasining birinchi uchta samolyoti 2022 yil oxirigacha olib kelinadi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.
“Bu kompaniya parvozlari nafaqat Toshkentni, balki viloyat markazlarini ham bir-biri bilan bog‘laydi. Imzolangan hujjat doirasida mazkur parvozlar yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha dastur ham tasdiqlandi. Bu aviakompaniya parvozlarini amalga oshiruvchi 3 ta samolyot shu yilning so‘ngigacha olib kelinadi va aviaqatnovlari yo‘lga qo‘yiladi”, – dedi vazir.
21 oktyabr kuni Samarqandda Silk Avia kompaniyasining taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimotda yangi aviakompaniyaning atlas mato asos qilib olingan livreyasi namoyish etildi.
MChJ shaklidagi kompaniya ta’sischisi – “Uzbekistan Airports”. Aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Silk Avia reyslari (O‘zbekiston ichidagi parvozlar) uchun chiptalar narxi 180 ming so‘mdan 335 ming so‘mgacha bo‘lishi belgilanmoqda. Bu mo‘ljal qilinayotgan narxlar bo‘lib, hali rasman tasdiqlanmagan.
Aviakompaniyada uchta asosiy tarif ishlab chiqilgan:
- “Oson” tarifi – chipta narxi 180 ming so‘mdan boshlanadi. Chiptalarni qaytarib bo‘lmaydi, qo‘l yuki – 5 kg, qo‘shimcha yuk uchun alohida haq to‘lanadi.
- “Oddiy” tarifi – chipta narxi 270 ming so‘mdan boshlanadi. Chiptalarni qaytarib bo‘lmaydi, qo‘l yuki – 5 kg, bagaj – 10 kg.
- “Omad” tarifi – chipta narxi 335 ming so‘mdan boshlanadi. Chiptani qaytarish mumkin, qo‘l yuki – 5 kg, bagaj – 15 kg.
- Birinchi ikkita tarifda ortiqcha yuk uchun qo‘shimcha to‘lov 1 kg uchun 30 ming so‘mni tashkil qiladi. Qayd etilishicha, mazkur narxlar taxminiy hisoblanib, aviakompaniya ishga tushganidan keyin o‘zgarishi mumkin.
Yangi aviakompaniya Fransiya va Italiyada ishlab chiqariladigan turbovintli ATR 72-600 samolyotlaridan foydalanadi.
“Bu juda tejamkor arzon samolyot bo‘lib, u Airbus A320'ga qaraganda 4 barobar kamroq yoqilg‘i sarflaydi. Barcha samolyotlar hilpiragan xonatlas kabi qiziqarli ko‘rinishga ega bo‘ladi.
ATR 72-600 ning parvoz masofasi 1500 km, balandligi 6000-7000 km bo‘lib, 70 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi. Uning og‘irligi 23 tonna, kruiz tezligi 508 km/soat”, – deyiladi rasmiy axborotda.
Uzbekistan Airports raisi Ra’no Jo‘rayevaning aytishicha, 2022 yilda uchta, 2023 yilda yana uchta samolyot xarid qilinadi. Reja qilingan barcha samolyotlar olib kelingach, Markaziy Osiyo shaharlariga xalqaro reyslar ham yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
“To‘g‘risini aytish kerak, bu tipdagi samolyotlarni aviabozorda topishning o‘zi qiyin. Chunki butun dunyoda mahalliy reyslarning 75 foizi mana shunday samolyotlarda amalga oshiriladi. Ular juda xaridorgir, shu sababli bozorda uni topish juda mushkul. Hozircha biz 3 dona topdik. Ular 2019 yilda ishlab chiqarilgan. Deyarli uchmagan, pandemiya e’lon qilinganidan buyon turgan. 2023-24-yillarda ATR kompaniyasidan yap-yangi samolyotlar xarid qilishni rejalashtiryapmiz”, – degandi Uzbekistan Airports raisi o‘tgan oy Kun.uz'ga bergan intervyusida.
27 oktyabr kuni “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Unda Silk Avia loukoster bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.
Qarorda yozilishicha, texnik va iqtisodiy jihatdan mahalliy yo‘nalishlarda eng qulay ko‘rsatkichlarga ega 3 ta ATR72-600 rusumli havo kemalarini xarid qilish bo‘yicha depozit puli to‘lab qo‘yilgan, havo kemalari texnik ko‘rikdan ham o‘tkazilgan.
Aviakompaniyani tashkil etish uchun Milliybank tomonidan Uzbekistan Airports'ga 2 yil muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, 50,0 mln dollar kredit ajratiladi. Buning uchun Uzbekistan Airports'ning ko‘chmas mulklari va sotib olinayotgan samolyotlar garovga qo‘yiladi. Kredit olish va uni qaytarish bilan bog‘liq barcha to‘lovlar aviakompaniya va Uzbekistan Airports zimmasida bo‘ladi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2022 yilda 3 ta ATR 72-600 rusumli samolyotlar xarid qilinadi, 2024 yil yakuniga qadar yana 9 ta ATR rusumli havo kemalari aviakompaniya tomonidan mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha:
Hujjatda yozilishicha, Silk Avia:
- 2022 yilda 10 ta yo‘nalishda haftasiga 28 ta aviaqatnovni amalga oshirish orqali 2 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi;
- 2023 yilda 48 ta yo‘nalishda haftasiga 134 ta aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish natijasida 9 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi;
- 2024 yilda 54 ta yo‘nalishda haftasiga 216 ta aviaqatnovni tashkil etish orqali 14 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Prezident qaroriga binoan:
- 2023 yil mart oyidan boshlab Samarqand – Nukus, Samarqand – Mo‘ynoq, Samarqand – Termiz, Buxoro – Termiz, Namangan –Termiz va Namangan – Nukus kabi yangi yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlarni boshlash;
- Shahrisabz va Sariosiyo aeroportlariga aviaqatnovlarni tiklash, shuningdek, Zomin aeroportiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish;
- aviaqatnovlar jadvalini yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgan temiryo‘l, avtobus va mikroavtobus yo‘nalishlari bilan integratsiyalash orqali yagona logistika tizimini yaratish choralarini ko‘rish belgilandi.
Hujjatga asosan, shuningdek:
- O‘zbekistonning rezident aviakompaniyalariga ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlar uchun aviachipta narxining 25 foizi miqdorida respublika budjetidan subsidiya ajratish muddati 2026 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi;
- O‘zbekistonning rezident aviakompaniyalari 2028 yil 1 yanvarga qadar belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat asosida xorijdan olib kiriladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan havo kemalariga xizmat ko‘rsatish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, texnik hujjatlar va dasturiy ta’minot uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilindi (QQS va bojxona yig‘imi bundan mustasno).
Ma’lumot uchun, oxirgi 3 yilda O‘zbekistonda Qanot Sharq, Humo Air va yuk tashishga mo‘ljallangan My Freighter aviakompaniyalari ham tashkil etildi.
Ayni paytda, hukumat Uzbekistan Airways'ni xususiylashtirish jarayonini boshlagan. “Davaktiv” xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish uchun konsalting kompaniyasi izlamoqda. Kompaniya aksiyalarining bir qismini IPO'ga chiqarish uchun 2023 yil iyul oyigacha tayyorgarlik jarayonlari olib borilishi belgilangan.
Shu bilan birga, Toshkent shahri va hududiy xalqaro aeroportlarni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihalari bo‘yicha Jahon banki guruhi bilan birgalikda o‘rganish ishlari ketmoqda. Bunday amaliyot birinchi bo‘lib Samarqand xalqaro aeroportida qo‘llandi – Air Marakanda kompaniyasi davlat-xususiy sheriklik asosida tayyoragohni modernizatsiya qilib, uning ishonchli boshqaruvini qo‘lga kiritdi.
Mavzuga oid
16:05 / 17.12.2024
Uzbekistan Airways va Silk Avia monopolistlar ro‘yxatiga kiritildi
22:53 / 16.12.2024
Emin Agalarov Chorvoq bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan turistik markazini qurmoqchi
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
12:37 / 14.12.2024