O‘zbekiston | 16:31 / 08.11.2022
18781
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda hokim yordamchisi 2 000 dollar olayotganda ushlandi

Sharof Rashidov tumani hokimining «Oqtosh ota» MFYdagi hokim yordamchisi tadbirkordan oladigan pullarning ming dollarini tuman hokimining birinchi o‘rinbosariga berishini aytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, hokim yordamchisi tadbirkorlik sub’yekti tomonidan ta’minotchi sifatida fuqarolarga qurilayotgan 10 ta issiqxonaning qurilishi bitkazilmaganini bilaturib, ular uchun jami 330 million so‘m miqdoridagi pullarning tadbirkor boshqaruvidagi MChJ hisobraqamiga o‘tkazilishi uchun yordam berishini aytgan.

Hokim yordamchisi bitmagan issiqxonalar uchun pulni o‘tkazishga Sharof Rashidov tumani hokimi birinchi o‘rinbosarining roziligi kerakligini, unga 1 000 dollar, o‘ziga yana 1 000 dollar bergan taqdirda masalani hal qilib berishini va’da qilgan.

2022 yil 17 oktyabr kuni hokim yordamchisi tadbirkordan talab qilgan 2 000 dollarni Sharof Rashidov tumanidagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi oldida o‘ziga tegishli «Nexia» avtomobili salonida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani hokimi yordamchisi ishga joylashtirib qo‘yish evaziga fuqarodan 300 dollar olgan vaqtida ushlangandi.

Mavzuga oid