O‘zbekiston | 14:09 / 09.11.2022
6055
3 daqiqa o‘qiladi
O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ilgari surgan o‘nlab tashabbuslari ro‘yobga chiqmoqda
2022 yil 10-11 noyabr kunlari Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti o‘tkaziladi. O‘zbekiston – tashkilot doirasida oddiy kuzatuvchi emas, balki o‘z qarashlarini taklif etuvchi faol ishtirokchi bo‘lib, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 35 dan ortiq aniq tashabbuslarni ilgari surgan. Bugungi kunga qadar prezident Shavkat Mirziyoyevning 20 dan ortiq tashabbuslari amalga oshirildi, xususan:
- 2021 yil sentabr oyida O‘zbekistonda Yosh tadbirkorlar forumi tashkil etildi va uning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi;
- transport va bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi: O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida «yePermit» pilot loyihasi sinovdan o‘tkazildi, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida «raqamli TIR» va «yashil yo‘lak» pilot loyihalari ishga tushirildi;
- O‘zbekistonning «Universal Logistics Service» (Toshkent), «Akhtachi» (Andijon) va «Termez Cargo Centre» (Surxondaryo) logistika markazlari TDTning «Birodar portlar» jarayoniga qo‘shildi;
- 2021 yil iyun oyida TDTga a’zo davlatlar turizm vazirlarining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Qo‘qon 2022 yilda «Turk dunyosining turistik poytaxti» deb e’lon qilindi;
- «Tabarruk ziyorat» loyihasi ishga tushirilib, Turizm bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilindi;
- 2022 yil iyul oyida Toshkent shahrida TDTga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining birinchi yig‘ilishi va ilk Turkiy Agroforum tashkil etildi;
- 2022 yil iyun oyida Buxoro shahrida Yosh liderlarning IV forumi tashkil etildi. Forum davomida Buxoro «Turk dunyosining birinchi yoshlar poytaxti» deb e’lon qilindi;
- Alisher Navoiy nomidagi «Turk dunyosi birligini ta’minlashga qo‘shgan hissasi uchun» xalqaro mukofoti ta’sis etildi;
- Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Xojib, Alisher Navoiy, Muso Al-Xorazmiy kabi allomalarning madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazildi;
- Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha TDT tuzilmasi, Turkiy xalqlar merosini o‘rganish xalqaro markazi, IT mutaxassislar platformasi, Injiniring-texnologiya markazi va Turkiy davlatlarning savdo hamkorligi bo‘yicha tadqiqot markazi va boshqalarni yaratishga doir konsepsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Bu va boshqa tashabbuslar TDT doirasida ko‘p qirrali hamkorlikning yangi formatlarini yo‘lga qo‘yish, uning institutsional va amaliy salohiyatini mustahkamlash imkonini beradi.