O‘zbekiston | 19:48 / 10.11.2022
4339
4 daqiqa o‘qiladi

Ombudsman: harakatlanishi cheklangan shaxslar tomonidan ruhiy va jismoniy bosimlar bo‘yicha 100 dan ortiq shikoyat kelib tushdi

2022 yilning 9 oyida davomida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi masalasida 143 ta shikoyat kelib tushdi. Shikoyatlar yuzasidan 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy choralari qo‘llangan va 1 nafar xodimning mehnat shartnomasi bekor qilingan. Yana bir nafar xodimga jinoiy ish ochilgan.

Foto: aokamediakontent

Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2022 yilning 9 oyida Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 297 ta monitoring tashriflari amalga oshirilib, unda 4500 dan ortiq shaxs bilan jamoaviy va 2605 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilgan.

Ushbu muddatda Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va advokatlaridan 2 476 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu ko‘rsatkich 2021 yilning mazkur davriga nisbatan 418 taga yoki 16,8 foizga oshgan.

Murojaatlarning 582 tasida sud hukmidan hamda 443 tasida surishtiruv va dastlabki tergov harakatlaridan shikoyat qilingan. Murojaatlarning 351 tasida tayinlangan jazoning yengillashtirilishi, muddatidan oldin ozod etilishi va/yoki afv etilishi, 143 tasida ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi, 124 tasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) bilan uchrashuv, 73 tasida boshqa muassasaga o‘tkazilishi, 64 tasida sud majlisida Ombudsman mas’ul xodimining ishtiroki, 63 tasida oila a’zolariga ko‘mak berilishi va 32 tasida tibbiy yordam ko‘rsatilishi hamda 34 tasida boshqa masalalar bayon qilingan.

Shikoyatlar yuzasidan Ombudsman murojaatiga asosan 4 ta murojaat bo‘yicha tegishli sudlar tomonidan 14 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrog‘iga almashtirilgan va 5 nafar mahbusning ehtiyot choralari yengilrog‘iga o‘zgartirilgan, hokimliklar tomonidan 11 nafar mahkumning oila a’zolariga turli xildagi iqtisodiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilgan. Jazoni ijro etish departamenti tomonidan 4 nafar mahkum Ombudsmanning murojaatiga asosan yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududlardagi jazoni ijro etish muassasalariga ko‘chirilgan.

Bundan tashqari, 2022 yilning 9 oyida Ombudsman nomiga ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi masalasida 143 ta shikoyat kelib tushgan.

«Shikoyatlarning 72 tasi (50,4 foizi) yuzasidan huquq-tartibot idoralari xodimlarining harakatlariga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari va prokuratura idoralari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra, murojaatlarda ko‘rsatilgan vajlar tasdiqlanmadi. 46 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda», -deyiladi Ombudsman bayonotida.

Shuningdek, 14 ta shikoyat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qarorlar Ombudsmanning xatiga asosan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish belgilandi.

IIV va mas’ul idoralar tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari yakunlariga ko‘ra, 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llangan va 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Prokuratura tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, 1 ta shikoyat bo‘yicha 1 nafar mahkumga qo‘llangan intizomiy ta’sir chorasi noqonuniy deb topilgan va bekor qilingan.

Shuningdek, ushbu shikoyatlardan 1 tasi yuzasidan ichki ishlar organlarining 1 nafar xodimi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 230-1-moddasi 1-qismida (Dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 5 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Mavzuga oid