O‘zbekiston | 11:57 / 10.11.2022
10570
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand yana diqqat markazida: Chegaralar daxlsizligi va ichki ishlarga aralashmaslikka asoslangan tashkilot sammiti

Qadimiy shahar yana bir muhim tadbir – Turkiy davlatlar tashkiloti kengashi sammitiga mezbonlik qilmoqda. So‘nggi vaqtlar tendensiyasiga e’tibor qaratilsa, qator xalqaro tadbirlar aynan Samarqandda o‘tkazilayotgani ko‘rinadi va bu an’ana davomli bo‘lishi kutilyapti.

Dunyodagi vaziyat, ittifoqchilar, hamkor davlatlar tarkibi muntazam o‘zgarib borishi dini, tili va an’analari uyg‘un mamlakatlar o‘rtasidagi haqiqiy do‘stlikka ehtiyoj naqadar muhimligini ko‘rsatadi.

Jahondagi yangi geoiqtisodiy voqeliklar ta’sirida yuzaga kelgan mintaqaviy darajadagi yangi fenomen sifatida ta’rif etilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan. O‘zbekiston mezbonligida o‘tayotgan navbatdagi yig‘ilishda qator muhim hujjatlar qatorida “Samarqand deklaratsiyasi” ham imzolanishi kutilmoqda.

Umuman, bu tashkilotga a’zo davlatlar juda ko‘pchilik yo‘nalishda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni niyat qilishgan.

Pandemiya, iqlim o‘zgarishi, AQSh, Rossiya, Xitoy, Eron kabi yirik davlatlar o‘rtasidagi “sanksiyalar urushi”, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, oziq-ovqat mahsulotlari inqirozi bilan bog‘liq dunyo siyosati va iqtisodiyotidagi noaniqlik va notinchlik sharoitida dunyoda obektiv tarzda mintaqaviylashuv tendensiyasi, mintaqaviy tashkilotlarning, jumladan, Turkiy Davlatlar Tashkiloti harakatlarida faollik kuchaymoqda.

Tashkilotning integratsiya jarayonlari, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy, turizm, energetika, transport va tranzit hamda madaniy-gumanitar sohalarda faol rivojlanyapti.

Transport, energetika va turizm sohalaridagi turli loyihalarning faollashtirilishi TDT doirasidagi yangi tendensiyaga aylanmoqda. Bu esa Tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini birinchi o‘ringa olib chiqadi. TDTning "Turkiy nigoh – 2040" rivojlanish strategiyasi iqtisodiy yo‘nalishida mamlakatlar o‘rtasida to‘siqsiz tovar almashinuvini ta’minlaydigan erkin savdo zonasini yaratish strategik maqsad sifatida belgilangan.

Tashkilotning BMT Nizomi maqsad va tamoyillariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa tamoyillari va normalariga, shu jumladan suveren tenglik, hududiy yaxlitlik va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralarning daxlsizligi, ichki ishlarga aralashmaslik, uning ochiqligi hamda uchinchi davlatlar va tashkilotlarga qarshi yo‘naltirilmaganligi bois bu Tashkilot barcha a’zolar uchun ishonchli ekanligini ko‘rsatadi.

Turkiy davlatlar tashkiloti faqat siyosiy va xavfsizlik masalalari bilan cheklanib qolmaydi. Iqtisodiyot, innovatsiyalar, turizm, transport, fan-ta’lim, madaniyat bo‘yicha ham hamkorlik o‘rnatiladi. Jumladan, tashkilot investitsiya jamg‘armasi ta’sis etiladi, iqtisodiyotga innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma rejalar ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida xalqaro aralash yuk tashish to‘g‘risida bitim imzolanishi mo‘ljallangan. 

Ma’lumot uchun: 2021 yilda O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan tashqi savdo aylanmasi 8,3 milliard dollarni, shundan eksport hajmi 3,1 milliard, import hajmi 5,3 milliard dollarni tashkil etgan.

Abror Zohidov, Samarqand

Mavzuga oid