Jahon | 21:29 / 15.11.2022
39168
17 daqiqa o‘qiladi

«Yengilmas» degan mif qariyb parchalandi: Rossiyaning Qora dengiz flotidan nima qoldi?

«Rossiyaning Qora dengiz floti qanchalik kichraysa, Qora dengiz shunchalik xavfsiz bo‘ladi», - dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 6 noyabr kuni. Chindan ham 8 oy davom etayotgan keng miqyosli urush davrida Ukraina qurolli kuchlari o‘z prezidentining bu formulasini hayotga tatbiq etish uchun ko‘p ishlar qildi.

Zelenskiyning bayonotlari so‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan Qora dengizdan turib Ukraina shaharlariga raketa zarbalari soni kamayganiga nisbatan reaksiya edi. Bunga RF Qora dengiz flotining Sevastopoldagi harbiy-dengiz bazasiga 29 oktyabr kuni pilotsiz boshqariluvchi qurilmalar bilan zarba berilgani sabab bo‘ldi, deb yozadi BBC.

Garchi Kreml «minimal yo‘qotishlar»ga duchor bo‘lganini ta’kidlagan esa-da, zarbalar Rossiya Qora dengiz floti flagmani «Admiral Makarov» fregati va yana bir nechta kemalarga berilgan.

Ko‘plab ukrainalik va xorijiy ekspertlar Rossiyaning Qora dengiz floti yo‘q qilingani, u bunday zarbadan o‘nglanmasligi haqida shoshilinch xulosalar ham berishdi.

«Rossiya HDF o‘z harbiy dengiz flotiga ega bo‘lmagan davlat tomonidan tahqirlandi», — deb yozdi Britaniyaning Navy Lookout tahliliy nashri.

«Bu flot kemalariga Ukraina tomonidan zarar yetkazilgani, u qariyb barcha harbiy dengiz kuchlaridan ayrilgani fakti Rossiyada portlarni himoya qilish, razvedka, raqib imkoniyatiga aniq baho berish kabi bazaviy imkoniyatlar yo‘qligidan dalolat beradi», — degan NavalNews nashri muxbiri, Turkiya harbiy dengiz kuchlarining iste’fodagi zobiti Tayfun O‘zberk.

Lekin boshqa ekspertlar xulosa chiqarishga shoshilmaslikka ham chaqirishmoqda.

Ularning fikricha, Qora dengiz floti burchakka qisilgan yaralangan hayvondek, baribir hamon xavfli. Agar boks termini bilan aytadigan bo‘lsak, Ukraina raqibi nokdaun holatiga tushgan, lekin bu nokaut emas.

Ukraina pochtasi RF Qora dengiz floti flagmani «Moskva» kreyseri yo‘q qilinganiga atab marka chop etdi. Foto: zn.ua

Qaqshatkich hujum xronikasi

Qora dengiz floti mag‘lubiyatlarining ketma-ketligi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining dastlabki haftalaridanoq ro‘y bera boshlagandi. Uning yagona g‘alabasi sifatida 24 fevralda Ilonli (Zmeiniy) orolning egallanishini ko‘rsatish mumkin edi, biroq iyun oyi oxirida bu hudud ham tashlab ketildi.

Eng og‘riqli zarba esa aprel oyida ro‘y bergan «Moskva» flagmanining cho‘ktirilishi bo‘lgandi. Kemaga ukrainlar ikkita «Neptun» raketalari bilan hujum uyushtirgani taxmin qilinadi.

Bundan tashqari, bahor va yozda Rossiyaning Qora dengizda joylashtirilgan «Novocherkassk», «Tsezar Kunikov», «Vasiliy Bex» va «Vsevolod Bobrov» kemalariga ham hujum qilingani aytildi.

Natijada bu yil o‘rtasida Qora dengiz flotida qo‘mondon almashishiga olib keldi.

RF Qora dengiz floti qo‘mondoni Viktor Sokolov. U avgust oyida Igor Osipov o‘rnini egallagan. Foto: rg.ru

9 noyabr holatiga Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Rossiyaning 16 ta kema va katerlari yo‘q qilinganini xabar bermoqda.

Lekin bu statistikada so‘nggi «o‘lja» — Qora dengiz flotining «Moskva» o‘rniga belgilangan yangi flagmani «Admiral Makarov» fregati yo‘q.

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, fregat aynan 29 oktyabr kuni ukrain pilotsiz qurilmalari bilan Sevastopol ko‘rfaziga hujum qilingan chog‘da jiddiy talafot ko‘rgan. Aynan shu fregatdan turib «Kalibr» raketalari bilan Ukraina shaharlariga muntazam zarbalar berilayotgan edi.

RF Qora dengiz flotining Sevastopoldagi bazasiga hujum qilingach, dengiz havzasidan turib raketa uchirishlar kamaydi.

«Qora dengizga «Kalibr» raketalarini olib yuruvchi kemalardan birortasi jangovar navbatchilikka chiqmayotgani haqida xabarlar kelib turibdi. Bu vatan himoyachilarimiz tomonidan erishilgan juda katta natija», — deya ta’kidlagan 6 noyabr kuni Volodimir Zelenskiy.

Lekin Ukraina o‘zini dengizdan hujum qilishdan xalos qila oldi, deyish mumkinmi?

Ukraina harbiy dengiz kuchlari shtab boshlig‘i sobiq o‘rinbosari Ondriy Rijyenkoning aytishicha, so‘nggi kunlarda Qora dengizdan turib raketa uchirishlar soni keskin kamaygani murakkab ob-havo sharoitlari bilan bog‘liq. «Kalibr» tashuvchi kemalar Rossiya flotida hamon bor, xususan suvosti kemalarida.

RF Qora dengiz flotining yangi flagmani «Admiral Makarov» fregatiga pilotsiz qurilma zarbasi bilan shikast yetkazilgan. Foto: goodfon.ru

Qora dengiz flotida nimalar qoldi o‘zi?

Rijyenkoning aytishicha, yaqinda o‘zining doimiy joylashuv o‘rni — Novorossiyskdan Sevastopoldagi bazaga 06363 loyihasidagi qanotli raketalar uchira oladigan ikkita suvosti kemasi kelgan (Qora dengiz flotida bunday submarinalardan oltita bor). Bu hali hammasi emas.

«Ularda nazariy jihatdan «Kalibr» raketalari uchira oladigan 11 ta kema bor, — deya qayd etadi Rijyenko, — lekin ayni damda suv usti kemalaridan faqat uchtasi bunga tayyor».

Gap «Admiral Essen» fregati va «Buyan-M» tipidagi ikkita korvet haqida bormoqda.

Fregat 125 metrli kema bo‘lib, 8 ta qanotli raketa uchirish qurilmasi, zenit-raketa kompleksi, torpedali qurollanish va artilleriya qurilmasiga ega. U shuningdek, o‘z bortida harbiy vertolyot ham tashiy oladi.

«Admiral Essen» — Qora dengiz flotidagi nisbatan yangi kema. U 2014 yil noyabrida suvga tushirilgan.

«Admiral Essen» fregati RF Qora dengiz floti tarkibining eng yangi kemasi. Foto: kchf.ru

«Buyan-M» loyihasidagi kemalar, masalan, «Vishniy Volochyok» va «Orexovo-Zuyevo» raketali korvetlari 74 metr uzunlikka ega, ular ham bortida 8 ta «Kalibr» tashiy oladi, artilleriya qurilmalari va zenit-raketa komplekslariga ega.

Rijyenkoga ko‘ra, bular chinakam xavf tug‘diruvchi yagona suv usti kemalaridir.

«Boshqa kemalar zarba bera oladigan ahvolda emas, — deydi u. — «Admiral Makarov» zarba yegan, garchi to‘liq vayron bo‘lmagan esa-da, ta’mirtalab. Yana bir fregat «Admiral Grigorevich» O‘rta Yer dengizida joylashgan.

«Buyan-M» tipidagi boshqa korvetlar ham jangovar holatda emas. Biri zarbaga duchor bo‘lgan, ikkinchisi O‘rta Yer dengizida.

Yana to‘rtta patrul kemalari bor. Masalan, «Vasiliy Bikov». Bu 90 metrli kema artilleriya, raketa quroli va vertolyot maydonchasiga ega.

Konstruksiya jihatidan ularga ham «Kalibr» uchiruvchi qurilmalar o‘rnatilishi mumkin, deydi ekspert. Biroq shu paytgacha bu narsa amaliyotda sinab ko‘rilmagan.

«Bu g‘alati. Chunki «Kalibr»larsiz bu kema yirik buksir kemaga aylanadi», — deya taajjubini yashirmaydi Rijov.

Xullas, RFning Qora dengiz flotida ayni damda qanotli raketalar uchirishi mumkin bo‘lgan uchta suv usti va uchta suvosti kemasi mavjud.

Suv usti kemalari jami bo‘lib 24 ta raketa uchira olishi mumkin, submarinalar esa 12 ta. Ya’ni umumiy hisobda Ukrainaga Qora dengiz tomondan 36 ta «Kalibr» uchib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, «Kalibr»lar emas, sovetlarning eski raketalarini uchirishi mumkin bo‘lgan yana 8 ta kema bor. Yana zenit-raketa komplekslariga ega qayiqlarga qarshi desant kemalari ham bor.

«Shu sababli Qora dengiz flotining jangovar qobiliyati kritik darajada tushib ketdi, deyish yaramaydi, men qobiliyat 70 foizga tushdi, degan axborotni eshitdim. Yo‘q, menimcha, buncha pasaymagan, — deydi Rijyenko. — Ha, jangovar qobiliyat susaydi, lekin Qora dengiz flotiga diqqat-eʼtibor qaratmaslik darajasida emas».

«Novorossiysk» suvosti kemasi ham Ukraina hududiga qanotli raketa uchira oladi. Foto: kchf.ru

Qora dengiz flotidan keladigan xavf qanchalik katta?

Flot flagmanlarining safdan chiqarilishi harbiy dengizchilarning ma’naviy-ruhiy holatiga salbiy ta’sir o‘tkazdi, deydi ekspert. Biroq Qora dengiz floti hamon xavfli. Xususan, Odessa oblastiga desant tushirish xavfini to‘liq inkor etmaslik kerak.

Ayni paytda Rossiya armiyasini Ukrainaning kemalarga qarshi sohil raketa komplekslarining samarali ishi tiyib turibdi.

Rossiyaliklar ularni X-59 kabi raketalar bilan neytrallashtirishga urinmoqda. Aynan sovetlar davrida ishlab chiqarilgan, bombardimonchi uchoqlardan uchiriladigan mana shu raketalar bilan Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Qora dengiz sohiliga hujum qilmoqda.

Rossiyaning desant operatsiyalari uchun yana bir muhim to‘siq — urushning ayni bosqichida ulardan foydalanishning maqsadga nomuvofiqligi.

Desant quruqlikdagi qo‘shinlar bilan qo‘llab turilsagina muvaffaqiyatli chiqadi, Rossiya esa so‘nggi oylarda Mikolayiv va Odessani ishg‘ol etish u yoqda tursin, Xersonda ham chekinmoqda.

Bunday operatsiyaning muvaffaqiyati uchun yana bir muhim shart — havodagi hukmronlik. Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi kuchaytirilgach, ruslar havodagi ustunlikni ham yo‘qotdi.

«Ular desant tushirishi mumkin, lekin frontdagi vaziyat hamda Ukrainada kemalarga qarshi tizimlar borligi uchun operativ shart-sharoitlar bunga izn bermaydi», — deya muxtasar qiladi fikrini Rijyenko.

«G‘alla yo‘lagi» — boshqa gap. Bu — Bosfor bo‘g‘ozidan Ukraina portlarigacha Qora dengizning g‘arbiy va shimoliy-g‘arbiy qismidan o‘tuvchi xavfsiz yo‘nalish. U iyul oyining oxirida ochildi va 22 noyabrgacha ishlashi kerak edi. Qora dengiz floti kemalariga pilotsiz qurilmalar bilan zarba berilgach, Kreml o‘zining bu «yo‘lak»da ishtirokini to‘xtatishini e’lon qildi. Oradan ikki-uch kun o‘tib Moskva o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi.

«Rossiyada «g‘alla yo‘lagi»ni nishonga olish uchun juda ko‘p imkoniyat bor. Ular buni raketalar, torpedalar, minalar va aviatsiya yordamida amalga oshira oladi. Darvoqe, ular «yo‘lakni nazorat qilish» uchun aviatsiyasini muntazam jo‘natib turibdi, — deydi Rijyenko.

Rossiyani ushbu koridorga zarba berishdan to‘xtatib turgan bosh omil Turkiyaning pozitsiyasi bo‘lib turibdi. Anqara xavfsizlik g‘oyasi va «g‘alla tashabbusi» amal muddatini yana bir yilga cho‘zishni har qanaqasiga qo‘llab kelmoqda. Ekspertning fikricha, Rossiya ham siyosiy, ham harbiy jihatdan bu masalada Turkiyaga qarshi tura olmaydi.

Yashirinishga urinish

Ukrainaning Qora dengizdagi harakatlari, jumladan raketa zarbalari, Rossiya flotini Odessa sohillaridan uzoqroqqa ketishga va Sevastopol qo‘ltig‘iga «yashirinish»ga majbur qildi.

«Strategiya XXІ» globalistika markazi xavfsizlik dasturlari rahbari, sobiq dengiz zobiti Pavel Lakiychuk vaziyatni Ikkinchi jahon urushida nemislarning og‘ir linkorlari bilan bo‘lgan vaziyatga o‘xshatadi.

Qimmatbaho va o‘lchamlari katta bo‘lgan kemalarni yo‘qotishdan qo‘rqib, nemislar ularni janglarga safarbar qilmasdan, portlarda ushlab turishgan.

«Bu kemalarning yo‘qotilishidan ko‘rilgan zarar ulardan keladigan foydadan katta bo‘lgan, — deydi ekspert. — Qora dengiz floti bilan ham shu narsa bo‘lmoqda: ishlatsa bo‘ladigan kuch bor, lekin ular bu kuchni yashirishga majbur».

Rijyenkoning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Rossiya kemalari Sevastopol qo‘ltig‘idan chiqmaslikka harakat qilishmoqda, ularning jangovar pozitsiyalari esa go‘shaning suzuvchi to‘siq devorlaridan uzoqda emas.

Pavel Lakiychukka ko‘ra, Rossiya floti harbiy dengiz bazasidan umuman chiqa olmaydi va u yerdan turib zarbalar ham berolmaydi.

Ekspertlarga ko‘ra, Rossiya Qora dengiz floti kemalaridan bir qismini Sevastopoldan chiqaradi. Foto: fotokto.ru

«Bu ular uchun o‘ta xavfli, — deydi iste’fodagi birinchi rang kapitani. — Agar muvaffaqiyatsiz raketa uchirishi ochiq dengizda ro‘y bersa, raketa shunchaki suvga tushadi. Biroq Sevastopol qo‘ltig‘idan muvaffaqiyatsiz uchirilgan «Kalibr» turar joy binolari ustiga yoki Qora dengiz floti shtabiga qulashi ham mumkin».

Yaqinda Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrimdagi Sevastopol harbiy-dengiz bazasiga pilotsiz uchar qurilmalar bilan hujum qilinishi bazaning o‘zini ham to‘liq himoyalangan deb bo‘lmasligini ko‘rsatdi.

Biroq, Rossiya kemalari qayerda yashirinishi mumkin? Aniq ko‘rinib turgan variant — Novorossiysk portida.

Bu shahar Rossiyaning Kranodar o‘lkasida joylashgan, Odessadan 700 km, Sevastopoldan 400 km narida bo‘lib, harbiy-dengiz infratuzilmasiga ega.

Ekspertlar Rossiya Qora dengiz floti kemalarini ukrainlarning zarbasidan asrash uchun aynan shu yerga joylashtiradi, deyishmoqda.

«Bunday variant borligi aniq, Novorossiyskka desant kemalarining ayrimlari eltib qo‘yilib undan allaqachon foydalanilgan. Suvosti kemalari anchadan buyon o‘sha yerda, u yerda suvosti kemalarining 4-brigadasi shtabi joylashgan», — deydi Rijyenko.

Pavel Lakiychuk bu fikrga qisman qo‘shilib, Novorossiyskdagi baza Qora dengiz flotining barcha kemalarini sig‘dira olmasligini aytdi.

«Bunday imkoniyatni inobatdan soqit qilmayman. Lekin butun Qora dengiz flotini Novorossiyskka joylashtirib bo‘lmaydi. U yerdagi harbiy bandargoh Sevastopoldagidan ancha kichik», — degan ekspert.

Sevastopol qo‘ltig‘idagi katerga 29 oktyabr kungi dengiz pilotsiz qurilmasi hujumining skrinshoti. Andriy Tsapliyenko

Kema o‘rniga pilotsiz qurilmalar

Navy Lookout fikriga ko‘ra, Ukrainaning pilotsiz suv usti va uchar qurilmalarining Rossiya harbiy dengiz bazasiga muvaffaqiyatli zarbasi Rossiya kemalariga o‘z bandargohlarida ham xavfsizlik kafolatlanmaganini ko‘rsatib berdi. Bu yanada qimmatbaho suvosti kemalariga ham taalluqli. Allaqachon Balaklavadagi suvosti kemalari uchun sovet davrida qurilgan yerosti panagohlari qayta tiklanayotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.

Bu muvaffaqiyat fonida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy dengiz pilotsiz qurilmalari floti uchun mablag‘ to‘planayotganini e’lon qildi.

«Bu qanday ish berishini hammamiz ko‘rdik», — degan u Sevastopol qo‘ltig‘ida ro‘y bergan voqealarga shama qilib.

Rossiya hukumati ham «suvusti va suvosti dronlari armiyasi» tuzilayotganini e’lon qildi va buni tezroq amalga oshirmoqchi.

Sevastopolning okkupatsion qo‘shinlari rahbari Mixail Razvojayev bu masala Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan kelishilganini aytib o‘tgan.

«O‘rtoq Zelenskiy dronlar armiyasi to‘playotganini ta’kidlab o‘tdi. Biz bunday armiyani yanada tezroq barpo etish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solishimiz kerak», — degan Razvojayev 7 noyabr kuni.

Pilotsiz qurilmalarni ishlab chiqarishni Sevastopoldagi Sergo Orjonikidze nomidagi zavodda boshlamoqchi bo‘lishdi. Andrey Rijyenkoga ko‘ra, Ukrainada pilotsiz qurilmalar flotiliyasini yaratish uchun 2-3 oy kerak, shunda ham apparatlar chetdan xarid qilinsa yoki ularni xorijlik hamkorlar taqdim etsa.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlar yaratish va ishlab chiqarish uchun Ukrainada malakali injyenerlar ham, texnologik imkoniyatlar ham bor, faqat vaqt yo‘q xolos.

«Buning uchun vaqt kerak. Bizda texnik tajribalar uchun vaqt yo‘q, — deydi ekspert. — Men qisqa muddatli istiqbolda shunchaki tayyor apparatlarni sotib olardim, o‘rta muddatli istiqbolda o‘zimiz ishlab chiqarishimiz haqida bosh qotirardim».

Hozircha g‘arblik ekspertlar tomonidan «flotsiz mamlakat» deb atalayotgan Ukraina dushmanining harbiy-dengiz kuchlarini topqirlik va jasurlik evaziga yengmoqda, Rossiya flotining «yengilmas» ekanligi to‘g‘risidagi miflarni ham parchalamoqda. 

Mavzuga oid