Klichko: Kiyevliklar eng og‘ir qishga tayyorgarlik ko‘rishlari kerak
Kiyev meri Vitaliy Klichko Germaniyaning Bild nashriga bergan intervyusida elektr energiyasining keng miqyosdagi uzilishlari tufayli kelayotgan mavsum «Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yomon qish» bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.
Kiyev aholisi past haroratlarda keng kuzatilayotgan elektr o‘chirilishining «eng yomon ssenariysi»ga tayyorlanishi kerak, dedi Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko Germaniyaning Bild nashriga bergan intervyusida. U 23 noyabr, chorshanba kuni chop etildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev «Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yomon qishga» duch kelishi mumkin. Agar ishlar eng yomon ssenariy bo‘yicha ketsa, rasmiylar buni istamasa ham «shaharning bir qismini evakuatsiya qilish kerak bo‘lishi mumkin», deydi Klichko. U Vladimir Putinni Kiyev aholisini fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar berish orqali qochishga majburlashda aybladi.
«Putin odamlarni dahshatga solmoqchi, ularni elektrsiz sovuqda qotirib qo‘ymoqchi» va shu tariqa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga bosim o‘tkazmoqchi, deb hisoblaydi Vitaliy Klichko.
«Mening taassurotim shundaki, odamlar faqat yanada g‘azablanib, qat’iyatliroq bo‘lishyapti. Biz Putin xohlaganidek qochib ketmaymiz», dedi Kiyev meri. U Germaniyani zudlik bilan insonparvarlik yordami - generatorlar, issiq kiyim va boshqa zarur narsalarni yuborishga chaqirdi.
Ukraina bo‘ylab 4000 ga yaqin «Yengilmas nuqtalar» allaqachon joylashtirilgan, bu Rossiyaning o‘qqa tutilishi natijasida elektr ta’minotidagi uzilishlar sharoitida odamlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyihadir, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechagi an’anaviy videomurojaatida. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan ham ko‘prog‘ini yaratish rejalashtirilgan, ushbu punktlar «barcha asosiy xizmatlar» – elektr energiyasi, uyali aloqa va internet, isitish, suv, tez tibbiy yordam qutilarini taklif etib, bepul va kecha-yu kunduz ishlaydi. «Ishonchim komilki, biz bir-birimizga yordam berib, bu qishni birgalikda yengamiz», — dedi Zelenskiy.
Avvalroq, 21 noyabr kuni Ukrainaning elektr va gaz yetkazib beruvchi YASNO shirkati rahbari Sergey Kovalenko Ukrainada doimiy elektr ta’minotidagi uzilishlar katta ehtimol bilan mart oyining oxirigacha davom etishini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar Rossiya zarbalaridan zarar ko‘rgan elektr tarmoqlarini yanada qattiqroq sovuq ob-havo boshlanishidan oldin tiklashni yakunlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqdalar, ammo agar zarbalar davom etsa, «nafaqat soatlik o‘chirishlardan foydalanish kerak, balki favqulodda vaziyatlarda yorug‘lik juda uzoq vaqt davomida bo‘lmasligi ham mumkin».
O‘z navbatida, «Ukrenergo» MEK boshqaruvi rahbari Vladimir Kudritskiy Rossiyaning Ukrainani o‘qqa tutishi oqibatida deyarli barcha yirik gidroelektrostansiyalar va issiqlik elektr stansiyalari zarar ko‘rganini aytdi. Ukraina energetika tizimiga yetkazilgan zarar 70 milliard grivnadan (taxminan 1,9 milliard yevro) ko‘proqqa baholanmoqda.
Mavzuga oid
10:30
Germaniya Kiyevga keng qamrovli yangi qurollar paketini taqdim etadi
14:32 / 20.12.2024
Yevroittifoq Kiyevga qo‘shimcha 30 mlrd yevro ajratmoqchi
07:52 / 19.12.2024
NATO Kiyevga harbiy yordamni muvofiqlashtirishni o‘z zimmasiga oldi
14:03 / 12.12.2024