Pul bo‘lmasa, stela qurish nega kerak edi? Paxtaobod hokimligi quruvchining pulini 3 yildan beri bermayapti
Ikkita stela va uchta ma’muriy bino qurgan quruvchi jami 758 mln so‘m haqini ololmayapti. Hokim o‘rinbosari muxbirni qabul qilishni istamadi, moliya boshlig‘i o‘rinbosari esa tadbirkorning o‘zini aybladi. Qarz qaytarilmayotganiga sabab qilib qarz miqdori kattaligi, tuman budjetida buncha pul yo‘qligi aytilyapti.
Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati Paxtaobod tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi “Paxtaobod qurilish sifat” MChJ tomonidan tumanda amalga oshirilgan qurilishlar uchun hokimlik tomonidan mablag‘ to‘lab berilmayotgani to‘g‘risida murojaat kelib tushdi. Holatni o‘rgangan Kun.uz muxbiri quruvchi va mutasaddilar bilan suhbatlashdi.
Ma’lum bo‘lishicha, korxona 2019 yilda 2 ta obektda shartnoma asosida va 3 ta obektda og‘zaki kelishuv bilan qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borgan. Lekin shartnomaga muvofiq ishlar bajarilgach, belgilangan mablag‘lar korxonaga to‘lab berilmagan.
Jumladan, Madaniyat yo‘lida joylashgan stela uchun 350 mln so‘m, Qoradaryo sohilidagi stela uchun 275 mln so‘m, Qabulxona binosi uchun 60 mln so‘m, Oila markazi binosi uchun 38 mln so‘m, harbiy qism binosi uchun 35 mln so‘m – jami 758 mln so‘m mablag‘ shu paytgacha to‘lab berilmagan.
Bajarilgan ishlar uchun mablag‘ to‘lab berilmayotgani ortidan MChJ o‘z ishchilariga oylik maosh to‘lashda, yangi qurilishlarni amalga oshirishda muammolarga duch kelmoqda.
“Keyinroq shartnoma imzolanadi, deb og‘zaki kelishuv asosida ish boshlab, tugatib berganmiz. Lekin shartnoma asosida qilingan ishlarimizga ham to‘lovlarni to‘liq qilib bermagan. Og‘zaki va yozma murojaatlar qildik. Hech qanday yechim bo‘lmayapti. Hokim va uning o‘rinbosarlariga, prokuratura va moliya bo‘limi boshliqlariga murojaat qilganmiz, natija bo‘lmadi.
Bu o‘z navbatida ishimizga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bizga ta’minotchilar yetkazib bergan narsalari uchun pullarini talab qilishmoqda. Shuncha vaqtdan beri ularning oldida ham yolg‘onchi bo‘lib qolganmiz. Bundan tashqari, 50 dan ortiq ishchilarimiz bor. Ularning qora qozoni qaynashi ham kerak-ku?! Ishni qilib bo‘lgan bo‘lsak ham pulimizni berishmasa, buni qanday tushunish mumkin?” – dedi MChJ rahbari Abdurashid Zokirov.
Quruvchiga nima uchun mablag‘ o‘z vaqtida ajratilmagani va qachon to‘lab berilishini bilish uchun tuman hokimligida bo‘ldik. Ammo tuman hokimi majlisda ekanini aytishdi. Bu masalaga bevosita aloqador bo‘lgan va ushbu qurilishlar davrida tuman moliya bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlagan, hozirda hokimning birinchi o‘rinbosari Otaullo Rasulov muxbirni qabul qilishni istamadi. Xonasida bo‘lishiga qaramay, savollarga javob berishdan bosh tortdi.
Mablag‘lar esa qanday tartibda to‘lanishi hali ham aniq emas. 2019 yilda tuman orttirilgan budjet mablag‘laridan to‘lab berish ko‘zda tutilgan, biroq bu pullar boshqa maqsadlarda ishlatilgan.
Tuman moliya bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Asror Dolimov esa muxbir savollariga “Tadbirkor pulini olmasdan qurilish ishlarini amalga oshirmasligi kerak edi, nega pulni olmasdan quradi?” mazmunida javob berdi.
“Haqiqatan ham tadbirkor tumanda ishlarni bajargan. Og‘zaki topshiriq va shartnomaga asosan tuman kirish qismlariga stelalar ham qurib bergan. Yil davomida budjet parametrlarida pul ajratish rejalashtirilmayapti. Sababi – mablag‘ katta. Ayrimlarini qisman to‘lab berganmiz. Qolganini qilib bera olmayapmiz. Bu yil ham budjet mablag‘larida yetarli pul bo‘lmagani sababli qo‘ya olmadik. Mablag‘larni yil yakunigami yoki yangi yil boshigami qisman qilib berishimiz mumkin. To‘liq qilib bera olmaymiz”, – dedi Asror Dolimov.
Tadbirkorning o‘zini ayblagan moliyachi, bu masala yuzasidan muxbir bilan ko‘rishishni o‘ziga ep ko‘rmagan hokim o‘rinbosari va hamon to‘lab berilmayotgan mablag‘lardan ko‘rinib turibdiki, Paxtaobod tumanida boshqacha qonun-qoidalar hukm suradi.
Quruvchi o‘z ishini bajarib, 3-4 yil pulini ololmasdan mahalliy hokimlik mutasaddilari ortidan yugurib yurib sarson bo‘lishi va alal oqibat o‘z mablag‘ini sud orqali undirishga majbur bo‘lishi achinarli, albatta. Tadbirkor da’vogar bo‘lib, tuman hokimiyatini sudga berishi uyatli hol bo‘lishi kerak.
O‘ylaymizki, ish sudgacha borib yetmaydi. Tadbirkorga bajargan ishlari uchun mablag‘ tez fursatlarda to‘lab beriladi va uning sargardonligi nihoyasiga yetadi.
Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
11:26 / 23.12.2024
Tuman va shaharlar hokimliklariga qo‘shimcha ma’muriy vakolatlar beriladi
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
20:13 / 12.12.2024