Jahon | 17:06 / 26.11.2022
13158
4 daqiqa o‘qiladi

Polsha bosh vaziri: Rossiya harakatlari yangi Golodomorga olib kelishi mumkin

Polsha bosh vaziri Kiyevga tashrifi chog‘ida 1930-yillardagi Golodomor qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi. U Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari Afrika va Osiyoda yangi sun’iy ocharchilikni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Foto: AP

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Ukrainada nishonlangan Golodomorni xotirlash kuni munosabati bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi dunyoning boshqa mintaqalarida yangi sun’iy ocharchilikka olib kelishi mumkinligini aytdi. «Biz Rossiya kommunistik rejimi tomonidan sun’iy ravishda yaratilgan Golodomorning 90 yilligi munosabati bilan uchrashyapmiz. Bugun biz Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida Rossiya keltirib chiqargan navbatdagi sun’iy ocharchilikni ko‘rish arafasida turibmiz», - dedi u 26 noyabr, shanba kuni Kiyevda Ukraina va Litva bosh vazirlari bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Moravetskiyning tushuntirishicha, Ukraina portlarini Rossiya tomonidan to‘sib qo‘yish gumanitar imkoniyatlarni to‘sib qo‘yish demakdir va jahon hamjamiyati Ukraina donini eksport qilish yo‘laklarini ochish yo‘llari ustida ishlashda davom etadi. «Bizning umumiy o‘tmishimiz (Ukraina, Polsha, Litva), umumiy bugunimiz bor va umid qilamanki, bizda umumiy juda yorqin kelajak bo‘lishi kerak», - dedi Moravetskiy.

Avvalroq Polsha bosh vaziri Kiyevdagi Golodomor qurbonlari yodgorligi poyiga gul qo‘ygandi. 

Shuningdek, uch mamlakat hukumat rahbarlarining «Lyublin uchburchagi» formatida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. «Biz harbiy yordam va Ukrainani tiklash masalalarini muhokama qildik. Rossiya tomonidan hujumlar va harbiy jinoyatlar davom etayotganini qoraladik», - dedi Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal Twitter sahifasida. 

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ruslar Golodomor qurbonlari uchun to‘lovni amalga oshirishini va bugungi jinoyatlar uchun javob berishini va’da qildi. Bu, uning so‘zlariga ko‘ra, «tarixiy hisob-kitob vaqti» bo‘ladi. 

«Golodomor xotiramizda turibdi. Biz genotsid muallifi kimligini bilamiz. Kim «xolodomor» yaratmoqchi ekanini ham ko‘ryapmiz. Ruslar Golodomorning barcha qurbonlari uchun narx to‘laydi va bugungi jinoyatlar uchun javobgar bo‘ladi», deb yozadi u o‘zining Telegram-kanalida. 

SSSRda Iosif Stalin davrida amalga oshirilgan qishloq xo‘jaligini majburiy kollektivlashtirish natijasida 1932-33 yillarda mamlakatda ommaviy ocharchilik yuzaga keldi, millionlab odamlar uning qurbonlariga aylandi. Ukraina nuqtayi nazaridan, bu falokat sovet ittifoqi rahbariyati tomonidan ataylab qo‘zg‘atilgan. Germaniya Bundestagi Golodomorni genotsid deb tan olish to‘g‘risida rezolyutsiya tayyorlamoqda. 

Belgiya bosh vaziri Aleksandr de Kroo ham Ukraina poytaxtiga yetib keldi. «Kiyevga yetib keldim. Oxirgi kunlardagi og‘ir bombardimondan so‘ng biz Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlaymiz. Har qachongidan ham ko‘proq. Qishning sovuq oylari arafasida Belgiya yangi gumanitar va harbiy yordam ko‘rsatmoqda», deb yozdi u Twitter’dagi mikroblogida.

Kiyevda de Kroo 26 noyabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Belgiya bosh vaziri muzokaralar «ikki davlat uchun juda mazmunli va foydali bo‘lishiga» ishonch bildirdi. 

Mavzuga oid