Jahon | 23:10 / 28.11.2022
4607
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni chetlab o‘tishni jinoyatlar ro‘yxatiga kiritdi 

Yevropa Ittifoqi (YeI) Kengashi bir ovozdan sanksiya choralarini buzish holatlarini Yevropa Ittifoqiga qarshi jinoyatlar ro‘yxatiga kiritishni ma’qulladi. 

«Cheklov choralarini buzishning YeI jinoyatlari ro‘yxatiga kiritilishi butun Yevropa Ittifoqi hududida bir xil darajada sanksiyalar qo‘llanilishini ta’minlash hamda sanksiyalarni chetlab o‘tish yoki buzishga urinishlarning oldini olishga qaratilgan ikkita qadamning birinchisidir», — deyiladi bayonotda. 

Yevroittifoq Kengashining ta’kidlashicha, keyingi qadam, Yevropa Komissiyasi tomonidan sanksiyalar va jazolarni chetlab o‘tish bilan bog‘liq jinoyatlarni tavsiflovchi direktiva taklifi bo‘ladi. Keyin u Yevropa Ittifoqi kengashi va Yevroparlament tomonidan muhokama qilinadi. 

May oyi oxirida Yevrokomissiya sanksiyalarni chetlab o‘tishni Yevropa Ittifoqiga qarshi jinoyat deb hisoblash taklifi bilan chiqqan edi. Ushbu chora sanksiyalarini buzgan jismoniy va yuridik shaxslarning aktivlarini «virtual musodara qilish»ni kafolatlashga qaratilgan. 

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaro boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqi sakkizta sanksiya paketini joriy qildi. Ular Rossiya banklari, ishbilarmonlariga nisbatan cheklovlar, Rossiya ko‘mirini olib kirishni taqiqlash, neft embargosi, eksport cheklovlari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. 

O‘tgan hafta Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen sanksiyalarning to‘qqizinchi to‘plami ustida ish qizg‘in ketayotganini aytdi. Politico nashrining yozishicha, to‘qqizinchi paket doirasidagi asosiy chora YeI sanksiyalariga duchor bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini kengaytirish bo‘lishi mumkin. 

Rossiya rasmiylari sanksiyalarni noqonuniy deb hisoblashini bir necha bor ta’kidlagan. Prezident Putin cheklovlarni «aqldan ozganlar tomonidan o‘ylamasdan qabul qilingan» deb atagan. 

Mavzuga oid