Jahon | 12:13 / 10.12.2022
14801
13 daqiqa o‘qiladi

AQShni «parchalagan» Tramp, «Chip urushi», «Quyon kulbasi» - 2022 yilning eng yaxshi kitoblari haqida

Har yil yakunida an’anaviy tarzda 1 yil davomida insoniyat yozgan eng yaxshi kitoblar xalqaro miqyosda e’lon qilib boriladi. Kun.uz 2022 yil ichida xalqaro tanlovlar va New York Times, Financial Times va Times kabi nashrlar eng yaxshi deb topgan badiiy, ilmiy, iqtisodiy, biznes va texnologiya yo‘nalishlaridagi kitoblar bilan tanishtiradi.

Yirik mukofot va e’tiroflar

Yozma asarlar uchun xalqaro darajadagi mukofotlardan biri «Booker Prize» hisoblanadi. Ilk marta 1969 yil o‘tkazilgan bu tanlovda ingliz tilida yozilgan va Buyuk Britaniyada bosilgan kitoblar ishtirok etishi mumkin. G‘olibga 61 ming dollar mukofot puli beriladi. Bundan tashqari yozuvchi kitoblari global miqyosda targ‘ib qilinish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Amerikaning National Book Foundation tashkiloti ham 1950 yildan beri har yil yakunida 25 kitobni tanlab National Book Award tanlovini o‘tkazadi. Bunda badiiy, ilmiy, she’riy, tarjima adabiyot, yoshlar adabiyoti bo‘yicha finalchilar va g‘oliblar e’lon qilinadi. Yakunda 5 nafar ishtirokchi asosiy g‘olib deb topiladi. Finalchilarga 1000 dollar va medal, g‘oliblarga esa 10 ming dollar va bronza haykalcha beriladi.

Mukofotlardan tashqari mualliflar uchun New York Times, Financial Times va Times kabi nufuzli xalqaro nashrlar e’tirofi ham muhim hisoblanadi. Nashrlar har yil so‘ngida eng ko‘p o‘qilgan, sotilgan va e’tirof etilgan kitoblar 10taligi, 100taligi va ularga yozilgan qisqa taqrizlarni e’lon qilib boradi.

«Maali Almeidaning 7 oyi»

The Booker Prize mukofotiga 2022 yil Shri Lankalik yozuvchi Shehan Karunatilakaning «Maali Almeidaning 7 oyi» (The Seven Moons of Maali Almeida) badiiy yo‘nalishida yozilgan kitobi g‘olib deb topilgan. Kitobda 1980 yillardagi Shri-Lanka hayoti haqida muallif tomonidan hikoya qilinadi. Asosiy qahramon Maali Almeida vafot etgan suratkash bo‘lib, unga o‘z o‘limi sirini topish uchun 1 hafta muhlat beriladi. Shu vaqt oralig‘ida Maali narigi dunyo va bu dunyo o‘rtasida sayohat qila oladi. Sayohat davomida u krovati ostida saqlangan suratlari to‘plamini topib, ular orqali do‘stlarini Shri-Lankadagi fuqarolar urushi vahshiyliklaridan xabardor qilishi kerak bo‘ladi.

Kitobga taqriz yozganlar unda «qisman arvoh hikoyasi, qisman noma’lum odam, qisman siyosiy satira, Shri-Lanka, do‘stlik, qayg‘u va keyingi dunyo haqida ajoyib kitob, original, tasavvurga boy, his-tuyg‘uli, siyosiy, sirli, romantik va hayratlanarli darajada kulgili» kabi ta’riflarni berishgan. 

National Book Award

National Book Award mukofotining badiiy yo‘nalishda g‘olib deb topilgan asar Tess Gantining «Quyon kulbasi» (The rabbit Hutch) kitobi bo‘ldi. Asarda O‘rta Sharqning o‘lib borayotgan post industrial shahar – Hindistonning Vacca Vale shahri aholi hayoti tasvirlanadi. Asarning asosiy qahramoni 2ta: biri – nasroniy afsonalariga yaqinligi bor tanasiz bola – Blandine Vatkins bo‘lsa, ikkinchisi – Vacca Vale shahrining o‘zi. Shaharning abgor holatdagi infrastrukturasi va tabiiy bog‘i iqtisodiy rivojlanish tahdidi ostida qolgan. Bir hafta davomida aholi begonalashuv jarayonini boshdan kechiradi. Muallif hikoya davomida adabiy to‘qimaning ma’lum bir mikrojanrlariga o‘xshash elementlarini birlashtirib, yangicha yo‘nalish kashf etgan. Asar «Yer yuzi va boshqa dunyoning texnik rangli kaleydoskopi» deb e’tirof etilgan.

Ilmiy yo‘nalishda eng yaxshi asar

National Book Awardning ilmiy yo‘nalishdagi g‘oliblikni Imani Perrining «Janubdan Amerikaga: Millat ruhini anglash uchun Meyson-Dikson etaklariga sayohat» (South to America: A Journey Below the Mason-Dixon to Understand the Soul of a Nation) asari qo‘lga kiritgan.

Muallif asarda Amerika janubidagi bir nechta diqqatga sazovor joylar bo‘ylab sayohati, siyosat, pop-madaniyat va Meyson-Dikson chizig‘idan pastda yashovchi qora tanli amerikaliklar hayotini belgilab beradigan, lekin doim ham aytilmagan qoidalar haqida hikoya qiladi. Perrining tahlili Appalachidan Karib dengizigacha bo‘lgan hududlardagi janub va janubliklar haqida yana ham aniqroq tasavvurni paydo qiladi.

National Book Awardning qolgan yo‘nalishlari finalchilari va g‘oliblari to‘liq ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

New York Times tanlovi

New York Times tanloviga ko‘ra, 2022 yilda badiiy yo‘nalishda Jyennifer Eganning «Shirinlik uyi» (The Candy House) eng yaxshi asarlar sirasiga kiritilgan. Kitob Biks Bouton ismli qahramon tasviri bilan boshlanadi. U 40 yoshda bo‘lib, 4 nafar farzandi bor. Qahramon Mandala nomli texnika kompaniyasining egasi. Uning hayoti aksari Kolumbia professorlaridan iborat bo‘lgan guruh suhbatiga qo‘shilib qolgandan keyin o‘zgara boshlaydi.

Professorlardan biri inson xotirasini yuklash bilan bog‘liq tajriba o‘tkazayotgan bo‘ladi.  Biks 10 yil ichida yangi «Ongsizligingizni boshqaring» texnologiyasini ishlab chiqadi. U kishiga oldingi xotiralariga qaytishga va ularni bir-biri bilan bo‘lishib, almashishiga imkon beradi.

Asarga «muhabbat, shaxsiyat, oila va munosabatlarda inson istaklari vasiyati» deya ta’rif berilgan.

Ilmiy yo‘nalish

New York Times ilmiy yo‘nalishda Ed Yongning «Ulkan dunyo: Hayvonlar sezgilari qanday qilib atrofimizdagi dunyolarni ochib beradi?» (An Immense World: How Animal Senses Reveal the Hidden Realms Around Us) kitobini eng yaxshi asarlar qatoriga kiritgan. Yong ma’lum ma’noda bu kitob orqali katta topshiriqni bo‘yniga olgan. Ya’ni u insoniyatni uni o‘rab turgan dunyosidan tashqariga olib chiqadi va qanday qilib hayvonlar dunyoni his qilishi mumkinligini tasvirlaydi. U kitobxon asar haqida chuqur xulosa qilishi uchun hayvonlar haqidagi hayratlanarli faktlarni jamlagan. Asardan xulosa shunday: Bu ulkan dunyo kengligi biz aslida qanchalik kichik ekanligimizni tushunishga majbur qilishi kerak.

New York Times badiiy va ilmiy yo‘nalishda 10ta asarni yilning eng yaxshi kitoblari deb e’lon qilgan. Ularning to‘liq ro‘yxatini nashr saytida o‘qish mumkin.

Financial Times muharrirlar tanlovi

Financial Times muharrirlari va tanqidchilari tanloviga ko‘ra, Meggi Habermanning «Ishonchli odam: Donald Trampning kelishi va Amerikaning parchalanishi» (Confidence Man: The Making of Donald Trump and the Breaking of America) asari yil kitobi deb topilgan.

Kitob Donald Tramp va uning prezidentlik faoliyatiga bag‘ishlanadi. Uning birinchi qismi Trampning prezidentlik uchun nomzodini qo‘yishdan oldingi karerasi haqida hikoya qiladi. Kitobda Nyu-Yorkdagi shov-shuvchilar, mafiozlar, siyosiy boshliqlar, itoatkor prokurorlar va sariq matbuot bo‘lgan 1970-80 yillarda Trampning ko‘tarilishiga alohida urg‘u beriladi.

Haberman Trampni prezident sifatida bolalarcha, xushomadga uchadigan, mayda-chuyda narsalarga berilib ketadigan, tafsilotlarni o‘rganishni istamaydigan va maslahatlarni mensimaydigan qilib tasvirlagan. Shunga ko‘ra, ijro hokimiyati «prezidentning injiqliklari va kayfiyatlariga, uning do‘stlar va dushmanlar haqidagi g‘oyalariga bo‘ysunadi» va Tramp butun bir mamlakatni o‘zining kayfiyati va his-tuyg‘ulariga munosabat bildirishga yo‘naltirib qo‘yadi.

Iqtisodiy yo‘nalishda eng yaxshi asar

Financial Times iqtisodiy yo‘nalishda Stiven Rouchning «Tasodifiy ziddiyat: Amerika, Xitoy va yolg‘on hikoyalar to‘qnashuvi» (Accidental Conflict: America, China, and the Clash of False Narratives) asarini eng yaxshi deb topgan.

Stiven Rouch 1945 yil tug‘ilgan amerikalik iqtisodchi bo‘lib, Nyu-Yorkda joylashgan Morgan Stanley investitsiya bankida bosh iqtisodchi bo‘lgan. Hozir Yele universitetining Jyekson global aloqalar institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishlaydi. U kitobda AQSh va Xitoy iqtisodiyoti, siyosatining keng tahlilini taqdim qiladi. Shuningdek, ikkala mamlakat ijtimoiy tarmoqlarida va OAVdagi axborot xurujlari, 2 tomonda ham o‘zlari yaratgan muammolarni xolis baholashdan ko‘ra bo‘rttirib yuborilgan qo‘rquvlari aks ettirilgan.

Chip War – texnologiya haqidagi eng yaxshi kitob

Financial Times’ning texnologik kitoblar tanloviga ko‘ra, Kris Millerning «Chip urushi» (Chip War) asari eng yaxshisi deb topilgan. Unda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi mikrochip texnologiyasi borasida o‘sib borayotgan ziddiyat va 10 yildan beri mikrochiplar nazorati uchun ketayotgan kurash tasvirlanadi. Mikrochiplar zamonaviy dunyoning yangi nefti hisoblanadi. Bugun harbiy, iqtisodiy va geosiyosiy kuchlar kompyuter chiplari ustiga qurilgan. Hamma narsani raketalardan mikroto‘lqinli pechlargacha, smartfonlar bozorigacha chiplar boshqaradi. Hozirgacha AQSh eng tez ishlaydigan chiplarni ishlab chiqarib kelayotgandi. Endilikda Taivan, Koreya, Yevropa va Xitoy AQShga chiplar borasida raqobatchi bo‘lib kiryapti. Xitoy chiplar borasida AQShga yetib olish uchun milliardlab pulini tikkan.

Iqtisodiyot tarixchisi Kris Miller yarimo‘tkazgich qanday qilib zamonaviy hayotda muhim rol o‘ynaganini, AQSh chiplarni loyihalash, ishlab chiqarishda qanday qilib hukmron bo‘lganini va bu texnologiyani harbiy tizimlarga qo‘llaganini tushuntiradi.

«Chip urushi»da siyosat, iqtisod va texnologiyaning hozirgi holatini tushunish uchun avvalo chiplar o‘ynagan muhim rolni anglash kerakligi ochib berilgan.

«Iste’dod»

Financial Times’ning biznes yo‘nalishida o‘qish tavsiya qiladigan eng yaxshi kitob sifatida Daniyel Gross va Tayler Kouenlarning «Iste’dod: Dunyo bo‘ylab energetiklar, ijodkorlar va g‘oliblarni qanday aniqlash mumkin» (Talent: How to Identify Energizers, Creatives, and Winners Around the World) asari ko‘rsatilgan. Unda mualliflar qanday qilib iste’dodlarni topish mumkin, inson ijodkorligi chegarasi qayergacha, kabi savollarni qo‘yadi. Mualliflar yuqori darajali iste’dodli kishilarni topish san’ati va ilmini o‘rganadilar. Kitob past baholanadigan zo‘r shaxslarni qanday aniqlash mumkinligini tushuntirishga harakat qiladi. «Iste’dod» – bu ham iste’dod izlayotgan odamlar, ham kashf qilinishni xohlaydiganlar o‘qishi kerak bo‘lgan muhim adabiyotlardan biri.

Shuningdek, Financial Times ro‘yxatida siyosat, tarix, bolalar adabiyoti, triller, sport, san’at kabi qator yo‘nalishlarda eng yaxshi kitoblar ham e’lon qilingan. 

«Urayotgan yurak»

Times gazetasi ham 2022 yilda nashr qilingan eng yaxshi kitoblar 100taligini e’lon qildi. Ro‘yxatda birinchi o‘rinda Rob Delanining «Urayotgan yurak» (A Heart That Works) kitobi turibdi. Kitobda bosh qahramonning emaklaydigan o‘g‘li Henri saraton kasaliga yo‘liqib, vafot etgani tasvirlangan. Asar shuningdek, otaning o‘g‘ilga munosabatiga chizilgan portret hamdir.

Rob Delani asarda o‘g‘liga kasallik tashxisi qo‘yilganidan boshlab vafot etgunigacha bo‘lgan barcha narsani tasvirlashga va voqealar davomida oila qanday qilib bir joyga kelganini tasvirlashga harakat qiladi. Tasvirlarda emaklaydigan bolaning go‘zalligi va uning kasallik bilan olishayotgan yuzidagi sokinlik ifodasini nafaqat ko‘rish, balki his qilish mumkin. Umuman olganda asar birovga g‘amxo‘rlik qilish qanchalik kuchli tuyg‘u ekanini o‘quvchiga ko‘rsatishga va yuqtirishga harakat qiladi.

Times e’lon qilgan to‘liq ro‘yxatni bu yerdan topish mumkin.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid