Jahon | 16:27 / 14.12.2022
13673
4 daqiqa o‘qiladi

OAV Turkiya va Hongkong orqali Rossiyaga chiplarni yetkazib berish sxemasi haqida ma’lum qildi

Foto: AP

Rossiya Turkiya, shuningdek, Hongkong va Estoniya orqali sanksiyalarni chetlab o‘tib, qurol uchun zarur bo‘lgan G‘arb chiplarini import qilishda davom etmoqda. Bu haqda Reuters va Britaniyaning RUSI instituti ma’lum qildi

Reuters va Britaniya Qirollik birlashgan mudofaa tadqiqot instituti (RUSI) ma’lumotlariga ko‘ra, raketalarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan g‘arb mikrochiplari Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda kelishda davom etmoqda. 13 dekabr, seshanba kuni chop etilgan qo‘shma tekshiruvda jurnalistlar va ekspertlar Rossiya G‘arb kompyuter komponentlari va boshqa elektronika buyumlarini xarid qilishda davom etayotgan global ta’minot zanjirlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Ular Rossiyaga Turkiya, Hongkong, Estoniya va boshqa savdo xablari orqali yarimo‘tkazgichlar va boshqa jihozlar partiyalari kirib kelgan bir qancha noma’lum bo‘lgan eksportchilarni aniqladilar. 

Xususan, surishtiruvda gap G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi bir qator keng ko‘lamli sanksiyalarni joriy etgan va bir haftadan so‘ng Rossiyaga IT-mahsulotlarini faol yetkazib bera boshlagan, 2022 yil mart oyida tashkil etilgan Azu International kompaniyasi haqida ketmoqda. Reuters agentligining Rossiya bojxona ma’lumotlariga tayanib ta’kidlashicha, kompaniya o‘zining yetti oylik faoliyati davomida Rossiyaga kamida 20 million dollarlik butlovchi qismlarni, jumladan, Amerika kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan chiplarni eksport qilgan. 

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Azu International hammuassisi turkiyalik tadbirkor Go‘kturk Agvaz bo‘lib, u ayni paytda IT-mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi Smart Impes GmbH nemis kompaniyasini boshqaradi. Ukrainada keng miqyosli urush boshlanishidan oldin nemis firmasi Moskvadagi mijozga G‘arb mahsulotlarini yetkazib bergan, u yaqinda - urush boshlanganidan keyin - Istanbuldagi Azu International orqali tovarlarni import qilgan, deya ta’kidlaydi agentlik Rossiya bojxonasi ma’lumotlariga tayanib.

Biroq, Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Agvaz oktyabr oyida Kyoln yaqinidagi ofisidan Smart Impex Yevropa Ittifoqining savdo cheklovlari tufayli Rossiyaga eksport qilishni to‘xtatganini, ammo Turkiyaga mahsulot yetkazib berayotganini aytdi. «Biz Rossiyaga eksport qila olmaymiz, faqat Turkiyaga sotamiz», dedi u. Azu International kompaniyasining Rossiyaga sotuvlari haqida so‘ralganda, u bu «tijorat siri» ekanligini aytdi, deb yozadi agentlik. Jurnalistlar surishtiruv e’lon qilinishidan biroz oldin u bilan yana bog‘lanishdi va tadbirkor Smart Impex «barcha eksport cheklovlariga rioya qilishiga» va «Rossiyaga qarshi G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tmasligiga» ishontirib, boshqa kompaniya - Azu International haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, turk korporativ ma’lumotlariga ko‘ra, Agvaz noyabr oyi oxirida ushbu firmadagi 50 foiz ulushini sotgan.

«Azu International G‘arb eksport cheklovlari va ishlab chiqaruvchilar taqiqlariga qaramay, Rossiyaga yetkazib berish kanallari ochiq qolayotganiga misoldir», deb yozadi agentlik. 

Misli ko‘rilmagan sanksiyalarning yetti oyi davomida - apreldan oktabr oyi oxirigacha - Rossiya kamida 2,6 milliard dollarlik elektron komponentlarni oldi, deb ta’kidlaydi Reuters Rossiya bojxonasi ma’lumotlariga tayanib. Shu bilan birga, kamida 777 million dollarlik mahsulot G‘arb kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan, ularning mikrochiplari rus qurollarida topilgan, ular yordamida Rossiya Ukrainaga hujum qilgan. Bunday kompaniyalar orasida Intel Corp, AMD, Texas Instrumens Inc, Analog Devices Inc, shuningdek, Germaniyaning Infineon AG konserni bor, deyiladi ma’lumotda. 

Mavzuga oid