O‘zbekiston | 14:49 / 17.12.2022
7684
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 29,5 mln kishi internetga mobil telefonlar orqali kirishi ma’lum qilindi

AKT vaziri Sherzod Shermatovga ko‘ra, respublikadagi jami internet foydalanuvchilari soni 31 milliondan oshgan.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

AKT vaziri Sherzod Shermatov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Hukumat soati» doirasi hisobotida O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 31 mlndan oshgani, shundan 29,5 mln nafari mobil internet orqali tarmoqqa ulanishini ma’lum qildi.

Vazirga ko‘ra, xalqaro internet-kanalga ulanish tezligi so‘nggi ikki yilda 2,6 baravarga oshib, 3200 Gbit/sekundga, hududlararo magistral telekommunikatsiya tarmoqlarining quvvati 600 Gbit/sekundga, tumanlararo – 60 Gbit/sekundga yetgan.

Hisobotda 2021−2022 yillarda 102 ming kv.m optik tolali aloqa liniyalari tortilgani, ularning umumiy uzunligi 170 ming kilometrga yetgani keltiriladi. Shu davrda 1,7 mlnga yaqin keng polosali [yuqori tezlikdagi] portlar o‘rnatilib, 4,4 mln aholi xonadonlari, tadbirkorlik sub’yektlari va ijtimoiy soha obektlarini keng polosali internet tarmog‘iga ulash imkoniyati yaratilgan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi ikki yilda 22 300 ta qo‘shimcha tayanch stansiyalari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 54 mingtani tashkil etgan. Respublika bo‘yicha mobil aloqa qamrovi darajasi 99 foizga, keng polosali mobil internet qamrovi 98 foizga yetkazilgan.

«Hukumat soati»da deputatlar elektron davlat xizmatlarini yanada kengaytirish, barcha davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich raqamli shaklga o‘tkazish, shu jumladan ko‘rsatilayotgan avtomatlashtirilgan xizmatlar ulushini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham qiziqdi. Vazirga ko‘ra, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 358 turdagi xizmat onlayn shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan, barcha elektron davlat xizmatlarining to‘lov jarayonlari Yagona billing tizimiga ulangan.

Mavzuga oid