Jahon | 10:25 / 19.12.2022
7394
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament raisi Kiyevga yordamni oshirishga chaqirdi

Ukraina urushda g‘alaba qozonishi uchun unga ko‘proq qurol, moliyaviy va gumanitar yordam kerak, dedi Roberta Metsola.

Foto: Reuters

Yevroparlament raisi Roberta Metsola Ukrainaga harbiy, moliyaviy va gumanitar yordamni oshirishga chaqirdi. Bu haqda u 18 dekabr, yakshanba kuni chop etilgan Funke media-guruhiga bergan intervyusida aytdi.

«Bu urush zudlik bilan to‘xtatilishi kerak. Ukraina esa bu urushda g‘alaba qozonishi kerak», - dedi Metsola. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «Ukraina uchun ko‘proq qurol, ko‘proq moliyaviy va gumanitar yordam, amaliy birdamlik va Rossiyaga qarshi ko‘proq sanksiyalar» degan ma’noni anglatadi. «Ukrainaga qurol kerak, Yevropa esa bu qurollar bilan yordam berishi mumkin», dedi prezident.

Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi haqida gapirar ekan, Metsola urush boshlanganidan beri YeI Ukrainaga ko‘rsatayotgan «qo‘llab-quvvatlashidan faxrlanishini», ammo Yevropa Ittifoqi hali ham «ko‘proq narsani qila olishiga» ishonishini aytdi.

Bundan tashqari, Metsola Ukrainaga qarshi urush jinoyatlarini tergov qilish uchun maxsus tribunal tashkil etishga chaqirdi. «Ukrainaliklarga qarshi urush jinoyatlari, ularning dalillari to‘planib borayotgani va fuqarolik infratuzilmasini vayron qilishning davom etishi xalqaro huquqning qo‘pol buzilishidir», dedi u va urush jinoyatlarida aybdor barcha rossiyaliklar javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidladi.

Mavzuga oid