Jahon | 10:43 / 23.12.2022
7671
4 daqiqa o‘qiladi

Qatar atrofidagi mojaro: YeP sobiq vitse-prezidentini ushlab turish muddati uzaytirildi

Bryussel Yevroparlamentdagi korrupsiya ishi bo‘yicha Yeva Kaylini ushlab turish muddatini bir oyga uzaytirdi.

Foto: IMAGO

Bryusseldagi Birinchi instansiya sudi dastlabki tergov palatasi Yevroparlament (YeP) sobiq vitse-prezidenti Yeva Kayliga nisbatan ushlab turish muddatini bir oyga uzaytirdi. Bu haqda 22 dekabr, payshanba kuni Bryussel federal prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Gap federal prokuratura va federal politsiya tomonidan Yevroparlamentda korrupsiya, pul yuvish va jinoiy hamjamiyatni tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli tergov o‘tkazilayotgani haqida bormoqda.

Agar Kaylining himoyachisi 24 soat ichida bu qaror ustidan shikoyat qilsa, u 15 kun ichida Bryussel Apellyatsiya sudi ayblov palatasiga kelishi kerak.

Shu tariqa, TV5MONDE kanali xabar berishicha, sobiq amaldorning elektron bilaguzuk taqish imkoniyati haqidagi so‘rovi rad etilgan.

Kayli korrupsiya holatini rad etadi, dedi uning advokatlari 22 dekabr kuni ertalab. U tergovga «faol yordam» ko‘rsatgani va qochish xavfi yo‘qligi uchun elektron bilaguzuk bilan tergov hibsxonasidan ozod etilishiga umid qilgan.

Yeva Kayli 13 dekabr kuni o‘z lavozimidan chetlashtirildi. U Butungretsiya sotsialistik harakati (PASOK) va Yevropa Parlamentining Sotsial-demokratik fraksiyasidan chiqarib yuborildi.

Yevroparlamentning 14 nafar rais o‘rinbosarlaridan biri Yeva Kayli bir vaqtning o‘zida Qatardagi mehnat bozoridagi vaziyatni kuzatish bo‘yicha vakillardan biri bo‘lgan, u yerda huquq faollari Osiyo va Afrikadan kelgan mehnat muhojirlari huquqlarining ko‘plab buzilishi holatlarini qayd etgan. 2022 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanishidan biroz oldin Kayli Qatar mehnat vaziri bilan uchrashdi va 22 noyabr kuni YePda so‘zga chiqib, Qatardagi mehnat bozori islohotiga ijobiy baho berdi, uni «arab dunyosini ilhomlantirdi» deb atadi. Dekabr oyi boshida Kayli jahon chempionatiga mezbonlik qilgan Qatar tomonidan ehtimoliy korrupsiya bo‘yicha tergov doirasida kamida olti gumonlanuvchidan biriga aylandi.

Bir necha kun oldin ular qo‘lga olindi, tintuv paytida kompyuterlar, mobil telefonlar va 600 ming yevro musodara qilindi.

Belgiya sud manbasiga ko‘ra, Kaylining Bryusseldagi kvartirasidan 150 ming yevrolik banknotalar bilan to‘ldirilgan sumkalar topilgan.

11 dekabr kuni Belgiya hukumati to‘rt nafar gumonlanuvchiga ayblov e’lon qildi va ularni hibsga olishga order berdi. «Ular jinoiy tashkilotda ishtirok etish, pul yuvish va korrupsiyada ayblanmoqda», — deyiladi prokuratura xabarida. Kaylidan tashqari, Belgiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, uning parlament maslahatchisi Franchesko Jorji, sotsialistik fraksiyadan Yevroparlamentning italiyalik sobiq deputati Per-Antonio Panseri hibsga olingan. Bundan tashqari, No Peace Without Justice nodavlat tashkiloti bosh kotibi Nikkolo Figa-Talamanka elektron bilaguzuk taqish haqida ko‘rsatma oldi, ammo apellyatsiyadan so‘ng u vaqtincha bekor qilindi. Uning advokatiga ko‘ra, sud majlisi 27 dekabrga belgilangan.

Gretsiyada Kayli va Jorjining qo‘shma bank hisobi, shuningdek, Paros orolidagi ushbu mablag‘lar hisobidan sotib olingan 7 ming kvadrat metr yer uchastkasi musodara qilindi, dedi sud manbasi.

Yana ikki qo‘lga olingan shaxs – Kaylining otasi va Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi bosh kotibi Luka Visentini ozod etildi.

Belgiyada tergov natijasida 9-12 dekabr kunlari, jumladan, Bryusseldagi Yevropa parlamentida 20 ta tintuv o‘tkazildi.

Mavzuga oid