Jamiyat | 17:35 / 24.12.2022
43530
4 daqiqa o‘qiladi

Blogerga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan bosqinchilik uyushtirildi

Youtube’dagi «Ko‘zgu» kanali muallifi Abduqodir Mo‘minovga 23 dekabr tunida bir guruh shaxslar hujum qilgan. Voqea yuzasidan ichki ishlar organi tomonidan bosqinchilik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Foto: Videodan kadr

Voqea haqida blogerning o‘zi hujumdan so‘ng internetdagi onlayn chiqishlarida so‘zlab bergan.

Mo‘minovga ko‘ra, unga hujum qilgan shaxslar niqobda, shuningdek, sport bitasi bilan «qurollangan» bo‘lgan. Hujumda bloger qo‘li va boshidan jarohatlangan, unga tegishli «Cobalt» avtomobilining oynalari esa sindirilgan.

«Hozirgina yuziga niqob taqqan bir necha noma’lum shaxslar uyim yaqinida meni do‘pposlab ketdi. Mashinamni ham urib, oynalarini sindirishdi. Men buni darrov sezdim va mashinamda qochishga muvaffaq bo‘ldim. Adashmasam, ular besh kishi edi. O‘zbekistonda «ko‘cha qonunlari» ishlaydigan bo‘lyapti shekilli», — degan bloger.

Abduqodir Mo‘minov hujumni o‘zining hayotiga suiqasd sifatida baholagan. U shuningdek, hujum haqida ichki ishlar organlariga qilgan qo‘ng‘irog‘idan keyin yetib kelgan tezkor xodimlar uning avtomashinasi videoregistratoridagi USB flesh-diskini rasmiylashtirmasdan, o‘zining roziligisiz olib ketishgani bo‘yicha noroziligini bildirgan.

Ushbu voqea yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati bugun ma’lumot tarqatdi.

Unda aytilishicha, holat yuzasidan ayni paytda Jinoyat kodeksining 164-moddasi («bosqinchilik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Ijtimoiy tarmoqlarda Abduqodir Mo‘minovning videomurojaati tarqalib, unda bir nechta noma’lum shaxslar unga tan jarohati yetkazgani va avtomashinasiga shikast yetkazishganini ma’lum qilgan. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Joriy yilning 23 dekabr kuni taxminan soat 22:30 larda fuqaro A.Mo‘minov «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, Yashnobod tumanida noma’lum shaxslar uni urib, tan jarohati yetkazib, unga tegishli bo‘lgan «Samsung S21 Ultra» rusumli uyali aloqa vositasini olib ketishganini, shuningdek, uning avtomashinasiga qattiq jism bilan urib shikast yetkazishganini ma’lum qilgan.

Mazkur xabar asosida voqea joyiga tergov-tezkor guruhi chiqib, barcha zaruriy tergov-tezkor harakatlari olib borilgan va xolislar ishtirokida voqea joyidan 5 xil qo‘lga oid barmoq izi va 1 dona beysbol bitasi daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan. Shuningdek, fuqaro A.Mo‘minovdan bir dona fleshkadagi videoyozuvlar tekshirib ko‘rish uchun protsessual tartibda olingan.

Qayd etilgan holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishilgan. Toshket shahar IIBB rahbariyatining topshirig‘iga ko‘ra, ushbu jinoyatni fosh etish maqsadida malakali xodimlardan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilib, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan barcha zarur tergov va tezkor-qidiruv harakatlari o‘tkazilmoqda», — deyiladi boshqarma matbuot xizmati munosabatida.

Mavzuga oid