O‘zbekiston | 21:54 / 29.12.2022
31629
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda qulab tushgani aytilgan ko‘p qavatli bino bo‘yicha izoh berildi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 3 dona, Qurilish vazirligi esa 5 dona plita qulab tushganini bildirgan. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Quruvchi javobgarlikka tortilib, qurilish-montaj ishlari to‘xtatilgan.

Foto: Qurilish vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatida ko‘p qavatli uy qulab tushgani haqida xabar tarqaldi. Qurilish hamda Favqulodda vaziyatlar vazirliklari holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.  

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, Buxoro shahri Ibn Sino ko‘chasida qurilayotgan 7 qavatli uyning 7-qavati oraliq qismida bo‘lgan 3 dona beton plita qulab tushgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Ma’lum qilinishicha, bino 5-qavatga qadar pishiq g‘isht, oltinchi va yettinchi qavatlari gazoblok terish yo‘li bilan qurilgan.

Qurilishi yakunlanmagan binoning 7-qavati tom yopmasi beton plitalari ostida bo‘lgan temir beton-to‘sinda ortiqcha yuklanish berilishi sababli buzilish yuzaga kelgan. Binoning asosiy qismi, oltinchi qavat temir-beton to‘sinlari va beton plitalar mustahkamlik darajasini yo‘qotmagan, shu vaqtning o‘zida quruvchi tomonidan egilgan beton plitalar xavfsiz joyga tushirilib, xavf bartaraf etilgan.  

Qurilish vazirligining ma’lum qilishicha, Buxoro shahar Bahouddin Naqshband ko‘chasi yoqasidagi binoning 7-qavatida to‘sinlarga tayangan 5 ta plita tushib ketgan. Buning sababi binoning asosiy yuk ko‘taruvchi konstruksiyasi ramaning to‘sin qismlari mahalliy qum-shag‘al aralashmasidan tayyorlanib, quyma betondan bajarilgan. Qolaversa, beton ishlari qurilish maydonining o‘zida qum-sement nisbatiga amal qilinmasdan, tavakkalchilikka asoslangan holda tayyorlangan, to‘sinlar yetarlicha mustahkamlik darajasiga ega bo‘lmasdan turib, uning ostidagi yog‘ochli tayanch ustunchalari olib tashlangan.

 Holat yuzasidan Buxoro viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilish talablari buzilgani uchun fuqaro A.Sayfiddinov javobgarlikka tortilib, qurilish-montaj ishlari to‘xtatilgan.

Hozirda holat yuzasidan viloyat IIB tezkor tergov guruhi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid