Jahon | 11:05 / 03.01.2023
8400
5 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Xitoyga bepul COVID-19 vaksinalarini taklif qildi

Yevropa Ittifoqi pandemiyaning ehtimoliy yangi to‘lqiniga Yevropa javobining bir qismi sifatida Xitoyga koronavirusga qarshi bepul vaksinalarni taklif qildi, deb yozadi FT.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi Xitoyga pandemiya bilan bog‘liq bo‘lgan qat’iy milliy cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risidagi qarordan keyin Pekinga kasallik ommaviy avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bepul COVID-19 vaksinalarini taklif qildi. Bu haqda 3 yanvar, seshanba kuni Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasi xabar berdi

Tashabbus Yevropaning sog‘liqni saqlash bo‘yicha komissari Stella Kiriakidisning epidemiyaning ehtimoliy yangi to‘lqiniga Yevropa javobini tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlarining bir qismidir. Bu Pekin «nol kovid» siyosatidan voz kechganidan keyin amalga oshirilyapti.

«Komissar Kiriakidis xitoylik hamkasblariga birdamlik va qo‘llab-quvvatlash taklifi bilan murojaat qildi, jumladan, sog‘liqni saqlash bo‘yicha ekspert yordami, shuningdek, SARS-CoV-2 koronavirusining turli xil variantlari uchun Yevropa Ittifoqi vaksinalarini xayriya qilish mo‘ljallanmoqda», dedi rasmiy.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ishlab chiqaruvchilar bilan uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha katta buyurtmalar tufayli ortiqcha zaxiralar mavjud. Pekin hozircha bu taklifga javob bermadi, deya qo‘shimcha qildi manba.

XXR Xitoyning Sinovac va Sinopharm vaksinalariga tayanadi va hali G‘arb vaksinalarini - mRNK texnologiyasidan foydalangan holda - keng miqyosda joriy etmadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2022 yil 21 dekabrda Xitoyda joriy emlash qamrovi yetarli emasligini ma’lum qildi.

Mahalliy vaksinalar aholining zaif qatlamlarida og‘ir kasallikning oldini olish uchun uchta dozani talab qiladi. JSST sog‘liqni saqlash bo‘yicha favqulodda vaziyatlar dasturi ijrochi direktori Maykl Rayan matbuot anjumanida ikki doza 60 yoshdan oshgan odamlarni atigi 50 foiz himoya qilishini bildirdi. 

"Mahalliy vaksinalar Xitoy xalqi kabi katta aholi uchun yetarli darajada himoya emas. Bunday ko‘p aholida, himoyasiz sharoitlardagi juda ko‘p odamlar bilan, bunday qamrov orqali haqiqatan ham emlashga e’tibor qaratishimiz kerak", dedi ekspert. 

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda 80 yoshdan oshgan odamlarning atigi 40 foizi vaksinaning uch dozasini olgan. 

Fransiya va Ispaniya SARS-CoV-2’ning hali noma’lum yangi variantlari tarqalishidan qo‘rqib, nazoratni joriy etishlarini allaqachon bildirdi. Kiriakidis kelishilgan harakatlarni talab qilyapti. 

Shu bilan birga, Germaniya sog‘liqni saqlash shifokorlari federal assotsiatsiyasi raisi Yoxannes Nisen Funke media-guruhi gazetalariga bergan intervyusida Xitoydan Yevropa Ittifoqiga kiradiganlarning barchasini majburiy umumevropa tezkor testidan o‘tkazishga chaqirdi. «Xitoyda sodir bo‘layotgani kabi portlovchi tarqalish holatlarida virus mutatsiyaga uchrashini hisobga olish kerak», — dedi ekspert. Endi zarur bo‘lgan narsa «Yevropa bo‘ylab yagona himoya konsepsiyasidir», deya qo‘shimcha qildi u.

Xitoyda yirik koronavirus infeksiyalari to‘lqini tufayli o‘tgan haftada bir qator davlatlar, jumladan, Italiya, AQSh, Yaponiya, Hindiston va Malayziya Xitoydan tashrif buyuruvchilar uchun majburiy testdan o‘tkazishni tasdiqladi. Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi «Xitoydan kelgan va Italiya orqali o‘tadigan barcha yo‘lovchilarni» COVID-19 uchun testdan o‘tkazishga qaror qildi. Shu bilan birga, vazirlikning ta’kidlashicha, hozircha test sinovlarida virusning yangi variantlari aniqlanmagan. 

Germaniyada Butunjahon tibbiyot assotsiatsiyasi (Weltärztebund) prezidenti Frank Ulrix Montgomeri Xitoydan tashrif buyuruvchilar uchun Germaniyaga kirish qoidalarini kuchaytirishga chaqirib, ularni koronavirus uchun testdan o‘tkazish va karantinga joylashtirishni talab qildi. 

Xitoy uch yil davomida COVID-19’ga nisbatan nol toqatlik siyosati ostida yashadi. Buning uchun XXR hukumati milliy emlash kampaniyasini boshlab yubordi, natijada aholining 90 foizdan ortig‘i mahalliy ishlab chiqarilgan dori vositalari bilan emlandi va qayta emlandi. 

2022 yil dekabr oyida XXR hukumati avvalgi kurs bilan bog‘liq deyarli barcha cheklovchi choralarni bekor qildi. Shundan so‘ng, mamlakatda kasallanishning portlovchi o‘sishi qayd etildi.

Mavzuga oid