«Hozir ularni yengolmaymiz, ular ham bizni yengolmaydi». Ukraina harbiy razvedkasi rahbari bilan intervyu
Ukrainadagi harbiy harakatlar hozirda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, Ukraina ham, Rossiya ham sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmayapti. Kiyev ayni damda g‘arblik ittifoqchilaridan zamonaviy qurollar kutmoqda. Bu haqda Ukraina harbiy razvedkasi boshlig‘i Kirill Budanov BBC nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
«Vaziyat shunchaki boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. U umuman rivojlanayotgani yo‘q», deydi Budanov.
Noyabr oyida Ukraina qo‘shinlari Xersonni qaytarib olgandan so‘ng, eng shiddatli janglar Donetsk oblasti sharqidagi Baxmut shahri atrofiga ko‘chdi. Frontning boshqa qismlarida rus qo‘shinlari mudofaaga o‘tgan va butun 1000 kilometrlik front chizig‘i bo‘ylab Ukraina qo‘shinlarining quruqlikdagi operatsiyalari hujumkorligi ham qish boshlanishi bilan sekinlashdi.
Budanovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «hozir to‘liq boshi berk ko‘chaga kirib qolib», juda katta yo‘qotishlarga uchramoqda. Uning fikricha, Kreml armiyaga chaqiriluvchilarning navbatdagi safarbarligini e’lon qiladi.
«Ammo Ukraina kuchlarida ham ko‘plab yo‘nalishlarda oldinga siljish uchun hali ham resurslar yetishmayapti», deya qo‘shimcha qiladi razvedka rahbari.
«Biz barcha yo‘nalishlarda ularni to‘liq mag‘lub eta olmaymiz. Ular ham bizni mag‘lub etolmaydi. Biz qurollarning yangi partiyalari va yanada zamonaviyroq qurollar yetkazib berilishiga qattiq umid qilyapmiz», deydi Budanov.
Dekabr oyida, Rossiya armiyasining bir qator chekinishlaridan so‘ng, Ukraina rasmiylari Rossiya armiyasining 2023 yil boshida Belarus hududidan qo‘qqisdan yangi quruqlik hujumi uyushtirishi ehtimoli haqida gapira boshladi.
Ukraina harbiylari fikricha, ruslar Kiyevni egallashga ikkinchi urinishni amalga oshirishi mumkin. Buning uchun hozirda Rossiyada tayyorgarlikdan o‘tayotgan o‘n minglab zaxiradagi askarlar jalb qilinadi.
Biroq Budanovning fikriga ko‘ra esa, Rossiyaning Belarusdagi harakatlari, jumladan, u yerga askarlar va texnikalarni olib o‘tishi Ukraina qo‘shinlarining bir qismini janub va sharqdan shimolga ko‘chishga majbur qilishdir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kun oldin Belarus-Ukraina chegarasi yaqinida rus askarlari bo‘lgan poyezd to‘xtagan va bir necha soatdan keyin birorta ham odamni tushirmay ortga qaytib ketgan.
«Ular buni kunduzi, ochiqchasiga, hamma ko‘rishi uchun qildi», deydi Budanov.
«Ayni damda men Kiyevga yoki Belarus bilan qo‘shni shimoliy hududlarga bostirib kirishga tayyorgarlikning hech qanday alomatlarini ko‘rmayapman», deya qo‘shimcha qilgan u.
BBC nashrining Budanov bilan intervyusi uning Kiyevdagi xira yoritilgan ofisida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin uch yildan ortiq vaqtdan so‘ng ilk bor Minskka tashrif buyurganidan bir necha kun o‘tib bo‘lib o‘tdi.
Shubhasiz, tez orada Putin Aleksandr Lukashenkoni Belarus qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishga ko‘ndirish uchun Minskka borgani haqidagi taxminlar paydo bo‘ldi.
Rossiya qo‘shinlari allaqachon Belarus hududidan Ukrainaga hujum qilgan (urushning dastlabki haftalarida), ammo Budanov Belarus jamiyati urushdagi endigi ishtirokni qo‘llab-quvvatlamasligini aytadi va tahlilchilar Belarusning 48 ming kishilik armiyasining jangovar tayyorligini shubha ostiga oladi.
«Aynan shu sabab ham prezident Lukashenko o‘z mamlakatiga kelishi mumkin bo‘lgan falokatning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda», deydi Ukraina harbiy razvedkasi boshlig‘i.
Xerson qo‘lga kiritilgandan so‘ng, rus qo‘shinlari bilan eng og‘ir janglar Baxmut atrofiga ko‘chdi. Shahar atrofidagi vaziyat Birinchi jahon urushi xandaqlari bilan solishtirilayotgani bejiz emas. Baxmutning ruslar tomonidan egallanishi Ukraina ta’minot chiziqlarini uzib qo‘yadi va rus qo‘shinlari uchun Ukrainaning sharqdagi boshqa tayanch nuqtalari, jumladan Kramatorsk va Slovyanskka yo‘l ochadi.
Baxmutga hujumni «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi boshqarmoqda. Uning asoschisi Yevgeniy Prigojin uchun shaharning egallanishi siyosiy mukofot va Rossiya rahbariyatidagi yashirin kurashdagi yana bir ustunlik bo‘ladi.
Oktyabr oyi o‘rtalaridan beri Rossiya Ukrainaga muntazam havo hujumi kampaniyasini ham olib bormoqda. Ular Ukrainaning muhim infratuzilmalariga raketa va dronlar orqali zarbalar berib, millionlab odamlarni elektr, issiqlik va suvsiz qoldirdi.
Budanovning fikricha, bu hujumlar hali davom etadi, ammo Rossiyaning raketa zaxiralari tugab boryapti va Rossiya sanoati ularning o‘rnini tezda to‘ldirishga qodir emas.
Rossiya qo‘shinlari Eron dronlaridan foydalanayotgan bo‘lsa-da, Tehron G‘arb davlatlarining yangi sanksiyalari xavfi ostida Moskvaga kuchliroq qurollar, xususan, raketalar yetkazib berishdan bosh tortmoqda.
Budanov frontdagi vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolganiga qaramay, oxir-oqibat Ukraina barcha bosib olingan hududlarni, jumladan Qrimni ham qaytarib olishiga va sovet ittifoqi parchalanganidan keyin mustaqillik e’lon qilinishi bilan o‘rnatilgan 1991 yilgi chegaralariga qaytishiga ishonchi komil.
Mavzuga oid
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22 / 24.12.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024